Koʻkrak suti va emizish: foydalari
Koʻkrak suti va emizishning afzalliklari
Ona suti haqiqatan ham moʻjizadir: siz va farzandingiz qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, har qanday vaqtda va har qanday joyda tayyor toʻliq ozuqadir.
Agar toʻgʻri maʼlumot berilsa, qoʻllab-quvvatlab, gʻamxoʻrlik koʻrsatilsa, aksariyat onalar qiyinchiliksiz emizishi mumkin.
Goʻdaklar uchun ona suti: mutaxassislar nima deydi?
Mutaxassislarning fikricha, koʻkrak suti farzandingiz uchun tabiiy oziq-ovqatdir. Buning sabalari quyida keltirilgan.
Koʻkrak suti: tabiiy neʼmat
- Koʻkrak suti chaqaloq ehtiyojlarini qondirish uchun millionlab yillar davomida shakllangan. Bolalar sunʼiy aralashmalari ishlab chiqaruvchilari uni koʻkrak sutining tarkibiga yaqinlashtirishga harakat qilsalar ham, aralashma hech qachon ona sutiga tenglasha olmaydi.
- Koʻkrak suti farzandingizning oʻzgaruvchan ehtiyojlariga moslashadi, chunki yoshi ulgʻaygani sayin bolaning ovqatlanish miqdori kamayadi. U emizish vaqtida ham oʻzgaradi: dastlabki sut koʻp miqdorda suvni oʻz ichiga oladi va bolaning chanqogʻini qondiradiradi, keyingi sut esa toʻyingan, yogʻlarga va oqsillarga boy boʻladi.
- Koʻkrak sutining taʼmi siz isteʼmol qilgan ozuqa turiga qarab oʻzgaradi, yaʼni emizikli bola quyuq taom yeyishni boshlaganda yangi taʼmlarni qabul qilishi mumkin.
Koʻkrak suti: toʻlaqonli ozuqa
- Koʻkrak suti farzandingizning birinchi olti oyida zarur boʻlgan barcha ozuqa moddalarni oʻz ichiga oladi. Farzandingiz ushbu dastlabki oylarda ona sutidan tashqari ozuqaga, masalan, suv yoki boshqa ozuqaga muhtoj emas.
- Koʻkrak suti oson hazm boʻladi va yengil singadi.
Koʻkrak suti: sogʻlom rivojlanish asosi
- Ogʻiz suti va yetilgan ona suti bolangizni infeksiyadan himoya qiladigan va gastroenterit, nafas yoʻllari infeksiyalari, quloq infeksiyalari va birinchi turdagi diabet kabi kasalliklarning xavfini kamaytiradigan antitanachalar va boshqa moddalarni oʻz ichiga oladi.
- Ona suti tarkibidagi foydali yogʻlar bolaning miya rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega.
- Emizish bolaning koʻrish qobiliyati, nutqi, jagʻi va ogʻzi rivojlanishida katta ahamiyatga ega.
- Koʻkrak suti bilan boqiladigan bolalarda toʻsatdan bolalar oʻlimi sindromi va uyqu vaqtidagi halokatli baxtsiz hodisalar, shu jumladan, goʻdaklik davridagi kutilmagan oʻlim xavfi past boʻladi.
Koʻkrak suti bilan boqishni teriga-teri aloqasi, siz va farzandingiz oʻrtasidagi koʻz muloqoti ragʻbatlantiradi. Bola bilan jismoniy yaqinlik unga sizga oʻrganib qolish va oʻzini xavfsizlikda deb bilish hissini beradi.
Emizish: onalarga nima uchun foydali?
- Emizish qulay. Koʻchaga chiqqanda aralashmani tayyorlash uchun idishlarni va ichimlik suvni koʻtarib yurish, ularni va maxsus soʻrgʻichlarni yuvish, tayyor aralashmani salqinda saqlash va bolaga berishdan oldin uni isitish kerak. Emizishda esa bularga hojat yoʻq.
- Koʻkrak suti bepul.
- Emizish baʼzi ayollarga tugʻuruqdan keyin vazn kamaytirishda yordam berishi mumkin.
- Emizuvchi onalar bolasini sut aralashmalari bilan boquvchi onalarga nisbatan osonroq uyquga ketadilar, ularning uyqu davrlari bolalarining uyqu davrlariga mos keladi.
- Emizgan ayollarda koʻkrak bezi saratoni, osteoporoz va ikkinchi turdagi diabetga chalinish xavfi past boʻladi.
Emizish: sizning tanlovingiz
Oxir-oqibat bu shaxsiy tanlovdir, lekin bu qaror har tomonlama toʻliq oʻylab qabul qilinishi kerak.
Agar biron-bir sababga koʻra bolani emizmaslikka qaror qilsangiz, shuni yodda tuting: aynan koʻkrak bilan emizish, ayniqsa, 6 oygacha bolalar uchun toʻlaqonli va yagona toʻgʻri ovqatlanish boʻla oladi (emizish uchun mutlaq qarshi koʻrsatmalar boʻlmasa).
Bolani ona suti bilan qancha vaqt boqish kerak?
Farzandingiz odatda olti oylikdan boshlab boshqa oziq-ovqatlarga tayyorligini koʻrsata boshlaydi. Ovqatlanish tarkibiga qattiq oziq-ovqat kiritmagunga qadar bolani faqat ona suti bilan boqish tavsiya etiladi. Aynan shu vaqtda bolalar oʻsish va rivojlanish uchun qoʻshimcha ozuqa moddalariga muhtoj boʻladilar.
Qattiq oziq-ovqat (qoʻshimcha oziq-ovqat) kiritilgandan soʻng, dastlabki bir necha oy ichida bola quyuq ozuqani oz miqdorda talab qiladi va uning asosiy oziq-ovqat manbai hali ham ona suti boʻlib qoladi. Quyuq ovqatni kiritganingizdan soʻng ham, emizishni davom ettiring, bolangizni kamida 12 oylik boʻlgunga qadar emizing.
Shundan soʻng emizishni qancha davom ettirishingiz faqat siz va farzandingizga bogʻliq boʻladi. Agar emizishni uzoqroq davom ettirishga qaror qilsangiz, farzandingizni erta bolalik davridagi infeksiyalardan himoya qilish sari qadam tashlagan boʻlasiz.