Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning koʻrinishi

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning koʻrinishi muddatida tugʻilgan bolalarnikidan farq qiladi. Ularning tashqi koʻrinishi qanchalik erta tugʻilganiga bogʻliq. Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarga suyak va mushaklarning rivojlanishiga yordam beradigan qoʻshimcha parvarish va mashqlar zarur boʻlishi mumkin. Ularning terisi nozik, shuning uchun uni ehtiyotkorlik bilan parvarish qilish kerak.
Body

Muddatidan oldin tugʻilgan bola qanday koʻrinishi mumkin?

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning koʻrinishi muddatida tugʻilgan bolalarnikidan farq qiladi. Bunday bolalarning oʻzlari ham, ular qanchalik erta tugʻilganiga qarab, bir-biridan farq qilishlari mumkin.

36–37-haftada tugʻilgan chaqaloq, ehtimol, muddatida tugʻilgan kichikroq chaqaloqqa oʻxshaydi.

Ammo muddatidan juda erta tugʻilgan chaqaloq, (masalan, 24-haftada) anchagina kichkina boʻladi va kaftingizni toʻliq egallashi mumkin. Bunday chaqaloqning terisi nozik, yarim shaffof boʻlishi mumkin, qovoqlari esa yumilgan boʻladi.

Chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimi xodimlari muddatidan oldin tugʻilgan farzandingizning meʼyorida rivojlanayotganiga ishonch hosil qilish uchun uning vazni, boʻyi va bosh aylanasi oʻlchamlarini diqqat bilan kuzatib boradi.

Muddatidan oldin tugʻilgan bolaning suyaklari

Muddatidan oldin tugʻilgan bolaning suyaklari har doim ham toʻliq shakllanmagan boʻladi.

Homiladorlikning soʻnggi oylarida koʻplab mikroelementlar, shu jumladan, kalsiy va fosfor onadan bolaga oʻtadi. Bu esa muddatida tugʻilgan bolalarning suyaklari oʻsishi va mustahkamlanishiga yordam beradi. Ammo muddatidan oldin tugʻilgan bolalar ona qornida boʻlmagani sababli bu muhim mikroelementlarni ololmaydi.

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalar siydik orqali muddatida tugʻilgan bolalarga qaraganda koʻproq mikroelementlarni yoʻqotadi.

Muddatida tugʻilgan bolalar ona qornidagi oxirgi bir necha oylarda mushaklarini choʻzadi va egadi, bu esa suyaklarning rivojlanishiga yordam beradi. Muddatidan oldin tugʻilgan bolalar esa rivojlanishdagi bu bosqichni oʻtkazib yuboradi.

Muddatidan oldin tugʻilgan bolaning suyaklari oʻsishi va mustahkamlanishi uchun yetarlicha vaqt kerak boʻladi.

Muddatidan oldin tugʻilgan bolaning suyaklari oʻsishi uchun qanday yordam koʻrsatiladi?

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalar uchun maxsus moʻljallangan yengil mashqlar (masalan, qoʻllar va oyoqlarni bukib, yoyish) farzandingizning vazni ortishiga, suyaklar mustahkam boʻlishiga va mushaklar rivojlanishiga yordam beradi. Ushbu mashqlar, shuningdek, chaqaloq harakatlarining rivojlanishidagi kechikish ehtimolini ham kamaytiradi.

Bu mashqlar muddatidan oldin tugʻilgan bolaning umumiy davolash rejasiga kiritilishi kerak, shuning uchun ularni boshlashdan oldin pediatr bilan maslahatlashing. Shifokor farzandingiz mashqlarni bajarishga qachon tayyor boʻlishini biladi. Ushbu maxsus mashqlarni dastlab tugʻuruqxona shifokori bajarishi mumkin, siz esa ularni qanday qilib toʻgʻri bajarishni koʻrasiz va oʻrganasiz.

Muddatidan oldin tugʻilgan farzandingizni uyga olib qaytganingizda, u bilan qoʻl va oyoqlarni qimirlatishga undaydigan oʻyinlarni oʻynashingiz mumkin. Masalan, chaqalogʻingiz yerda yotgan holda oyoqlarini tipirlatishiga ruxsat bering yoki uning qoʻllarini qayiqda eshkak eshayotgandek harakatlantiring.

Muddatidan oldin tugʻilgan bolaning terisi

Muddatidan oldin tugʻilgan bolaning terisi toʻliq rivojlanmagan boʻlishi mumkin. Biroq u tez shakllanib boradi.

Teri ikkita muhim vazifani bajaradi. Birinchidan, teri farzandingizga teginish yordamida dunyoni va haroratni his qilishga imkon beradi. Ikkinchidan, tananing barcha toʻqimalari va aʼzolarini himoya qiladi.

Terining bosim, issiq, sovuq yoki boshqa biror taʼsirni his etishi

Hissiyotlarning ichida birinchi boʻlib teginish hissi shakllanadi.

Muddatidan oldin tugʻilgan bola dunyo haqida asosan teginish orqali bilib oladi va terining sezgisi farzandingiz bilan mustahkam aloqa oʻrnatishning asosiy usuli hisoblanadi.

Agar qoʻllaringizni isitib, bolaning orqasiga, qorniga yoki boshiga ohista qoʻysangiz, bu uni tinchlantirishi mumkin. Oddiygina teginishning oʻzi yetarli. Agar qoʻlingizni haddan tashqari qattiq bossangiz, silasangiz yoki notoʻgʻri teginsangiz, bu bolaga yoqmasligi va uning bezovtalanishiga sabab boʻlishi mumkin. Hamshira sizga kichkintoyni qanday qilib tinchlantirish kerakligini oʻrgatadi.

Himoya

Teri kasallik keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan bakteriyalar va viruslarga qarshi toʻsiq vazifasini bajaradi. Teri ostidagi yogʻ boladagi issiqlik va suyuqlikni ushlab qoladi. Yogʻ suvsizlanishning ham oldini oladi.

Baʼzida muddatidan juda oldin (26-haftada) tugʻilgan bolalarning terisi toʻliq rivojlanmagan boʻladi. Teri silliq va yaltiroq yoki yarim shaffof koʻrinishda va juda nozik boʻlishi mumkin. U hali yaxshi toʻsiq vazifasini bajarmaydi. Shuning uchun agar uning terisiga biror narsa, masalan, losyon yoki krem tegsa, terining ichiga oʻtib ketadi.

Keyinchalik, 30–32-haftada farzandingizning terisi ajinsimon va boʻshashgan koʻrinishi mumkin, chunki terining yuzasi kattalashgan, lekin teri ostida yogʻ kam.

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarda yogʻ juda kam boʻlgani uchun ular tana haroratini barqaror ushlab tura olmaydi. Bola tugʻilgandan keyin 2–3 hafta davomida inkubatorda (kuvezda) terisi taranglashguncha kerakli issiqlik va namlik bilan taʼminlanadi.

Muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloqlarning terisi qurishi va poʻst tashlashi odatiy holdir.

Teri bu – doimo yangi qatlamlar hosil qiladigan va eskisini tashlaydigan tirik va eng katta aʼzodir. Unda ter teshiklari, bezlar, qontomirlar va sezuvchi nervlar bor. U oʻzida suv, shakar va kalsiyni yigʻadi va D vitamini ishlab chiqarishda ishtirok etadi.

Muddatidan oldin tugʻilgan bolaning terisini parvarish qilish

Chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimlarining har birida muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning nozik terisini parvarish qilishning oʻziga xos usullari boʻladi. Masalan, tibbiyot xodimlari bunday chaqaloqlarni parvarish qilish uchun ularning oʻta quruq terisiga yogʻ yoki krem surtishlari mumkin.

Shuningdek, agar siz:

  • havo oʻtkazmaydigan sintetik kiyim yoki terini tirnaydigan jundan tayyorlangan kiyim oʻrniga yumshoq ipak-paxta bolalar kiyimidan foydalansangiz;
  • hamshira yoki shifokor bilan maslahatlashmasdan bolaning terisiga hech narsa qoʻymasangiz;
  • farzandingizga qanday qilib teginishni hamshira yoki shifokordan soʻrasangiz (ular sizga buni koʻrsatib bera oladi), muddatidan oldin tugʻilgan bolangizning terisini parvarish qilishga yordam berishingiz mumkin.

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalar tanadagi yogʻ va mushaklar hajmining ozligi sababli kam harakatlanadi. Baʼzi dastlabki harakatlar keskin va notekis, tartibsiz boʻlishi mumkin. Ammo ularning mushaklari rivojlanib, nervlari miya bilan bogʻlana boshlagach, ularning harakatlari nazorat qilsa boʻladigan, tekis va bir maromda boʻladi.