Yangi tugʻilgan chaqalogʻingiz hayotining birinchi haftasi: nimani kutish kerak?
Yangi tugʻilgan chaqalogʻingiz hayotining birinchi haftasi
Yangi tugʻilgan chaqalogʻingiz hayotining birinchi haftasi oʻzi uchun yangi boʻlgan muhitga moslashish bilan oʻtkazadi.
Tashqi dunyo ona bachadonidan juda farq qiladi, u joy qorongʻi, harorat doimiy va tovushlar boʻgʻiq boʻladi. Agar siz uni mehr-muhabbat, eʼtibor va himoya bilan oʻrab olgan boʻlsangiz, chaqaloqning tashqi dunyoga koʻnikishiga yordam berasiz. Shuningdek, chaqalogʻingizni koʻp quchoqlashni va doimo unga tabassum qilishni unutmang.
Hayotining birinchi haftasida yangi tugʻilgan chaqalogʻingizning tashqi qiyofasidagi oʻzgarishlar
Kichkintoyingizning tashqi koʻrinishi birinchi haftada oʻzgaradi.
Agar chaqalogʻingizning boshi tugʻuruq yoʻli orqali oʻtgandan soʻng yoki vakuum yordamida tugʻilgandan keyin biroz сhoʻzinchoq (konus) shaklida boʻlsa, u sekin-asta yumaloqlashib, odatdagidek koʻrinishga ega boʻladi.
Bolaning yuzi va koʻzlari atrofidagi har qanday shish bir necha kun ichida yoʻqoladi. Agar chaqalogʻingizning yuzi yoki boshi koʻkargan boʻlsa, masalan, akusherlik qisqichlari qoʻyilgandan keyingi koʻkarishlar ham sekin-asta yoʻqoladi. Aynan shu koʻkarishlari bor yangi tugʻilgan chaqaloqlar chaqaloqlar sariqligiga moyil boʻladi. Agar chaqalogʻingizning yuzidagi teri sargʻaygan boʻlsa va siz unda sargʻayish bor deb oʻylasangiz, pediatrga xabar bering.
Kichkintoyning kindik tizimchasi asta-sekin quriydi, qorayadi va keyin, odatda birinchi 10 kun ichida tushadi. Kindikni toza va quruq holda saqlashga harakat qiling. Agar kindik atrofidagi joy qizarsa yoki yopishqoq koʻrinsa, bu haqda pediatrga va patronaj hamshirasiga xabar bering.
Chaqalogʻingizda tugʻilish paytida yoki undan keyin bir yoki bir nechta tugʻma dogʻlar boʻlishi mumkin. Tugʻma dogʻlar odatiy holat boʻlib, odatda tibbiy yordamga muhtoj emas. Agar chaqalogʻingizning tugʻma dogʻi sizni tashvishga solsa yoki u oʻzgarayotgan boʻlsa, pediatr yoki patronaj hamshirasiga murojaat qiling.
Kichkintoy hayotining birinchi haftasida ovqatlanishi va uxlashi
Yangi tugʻilgan chaqalogʻingiz kunning koʻproq qismida uxlaydi, ovqatlanish uchun vaqti-vaqti bilan uygʻonadi. Yangi tugʻilgan chaqaloqlar “tun boʻyi uxlay olmaydi”. Ularning qorinchalari kichkina, shuning uchun ular tez-tez uygʻonadi va ovqatlanadi.
Chaqaloqlarni ular xohlaganida (ochlik belgilarini koʻrsatganda) ovqatlantirish kerak. Odatda ular bir kunda (24 soatda) 10–12 martadan kam emmaydi. Baʼzida emizish paytida ovqatlanish bir soatgacha davom etishi mumkin.
Kichkintoyingiz odatda ovqatlantirish kerak boʻlganda oʻzi uygʻonadi. Ammo baʼzi bolalarni ovqatlantirish uchun uygʻotish kerak boʻlishi mumkin – masalan, juda koʻp vazn yoʻqotgan, tugʻilganda vazni kam boʻlgan yoki sariqligi bor boʻlgan chaqaloqlarni.
Siz ovqatlanish va uyquning muayyan tartibi shakllanganini sezishingiz uchun biroz vaqt kerak boʻladi.
Farzandingiz hayotining birinchi haftasida siz oʻzingiz haqingizda ham gʻamxoʻrlik qilishni unutmasligingiz juda muhimdir. Bu yaxshi ovqatlanishni va jismoniy faol boʻlishni, shuningdek, farzandingiz uxlagan vaqtda siz ham uxlab olishingizni anglatadi hamda sizga uyquga toʻyish va oʻzingizni tetik his qilishingizga yordam beradi. Turmush oʻrtogʻingiz, oila aʼzolaringiz va doʻstlaringizdan yordam soʻrashdan uyalmang. Bu – mutlaqo odatiy va baʼzan juda zarur boʻlgan holat.
Hayotining birinchi haftasidagi rivojlanish
Farzandingiz siz bilan birga hayotining birinchi kunidan boshlab har kuni koʻp narsalarni oʻrganadi. Bola koʻra olishi, eshita olishi, his qila olishi va seza olishi tufayli uning miyasi oʻsadi va rivojlanadi – u atrofidagi dunyoni shunday oʻrganadi.
Kichkintoyingiz ushlab olish refleksi tufayli qoʻllarini beixtiyor mushtlab oladi va toʻsatdan boʻlgan baland ovozlardan seskanib ketadi. Bundan tashqari, u uxlab yotganida toʻsatdan keskin harakatlar qilishi mumkin.
Hayotining birinchi haftasida siz va bolangiz o‘rtasidagi bogʻliqlik hamda muloqot
Birinchi kundan boshlab chaqalogʻingiz bilan muloqotda boʻling. Farzandingizga muloyim gapiring, mehr bilan qoʻlga oling, quchoqlang; unga qarang va tabassum qiling. U sizni koʻradi hamda hidlaydi. Bu unga oʻzini siz bilan xavfsiz his qilishga yordam beradi. Ushbu oddiy harakatlar sizning orangizdagi aloqani mustahkamlaydi, bogʻlanishni shakllantiradi va chaqaloqning sogʻlom rivojlanishiga yordam beradi. Bu uning miyasining rivojlanishi uchun ham foydalidir.
Kichkintoyingiz garchi hali tabassum qilishni va gapirishni bilmasa ham, siz bilan muloqot qilish va oʻzini tutishida oʻziga xos uslubga ega boʻladi. Shu birinchi hafta davomida siz chaqalogʻingizning feʼl-atvori, ishoralari va tana tilini tushuna boshlaysiz.
Bola hayotining birinchi haftasida sog‘lig‘ida tez-tez uchraydigan muammolar
Vazn yoʻqotish
Agar chaqalogʻingiz tugʻilgandan keyin birinchi besh kun ichida vazn yoʻqotsa, bu meʼyoriy holat, chunki tanasidan ortiqcha suyuqlik chiqariladi. Odatda vazn yoʻqotish uning tugʻilgan vaznining 10 foizidan oshmasligi kerak. Koʻp chaqaloqlar 1–2 haftadan soʻng oʻz vaznini tiklaydi. Agar chaqaloq tugʻilgandan soʻng juda koʻp vazn yoʻqotgan boʻlsa, u yaxshi ovqatlanayotganiga va har kuni vazn ortayotganiga ishonch hosil qilish uchun siz bilan birga tugʻuruqxonada yana biroz vaqt qolishga toʻgʻri kelishi mumkin.
Koʻzlardagi yopishqoqlik
Chaqaloqning koʻzlari hayotining birinchi haftalarida yoshlanadi. Buning koʻp tarqalgan sababi koʻz yoshi yoʻlining bekilib qolishi boʻlib, u oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi. Agar siz farzandingizning koʻzlari qizarib ketganini va yiring borligini sezsangiz, pediatringiz yoki patronaj hamshirangizdan chaqalogʻingizni koʻzlarini tekshirib berishlarini soʻrang.
Toshmalar
Yangi tugʻilgan chaqaloqlarda har qanday toshmalar va terining taʼsirlanishi paydo boʻlishi mumkin, ular odatda jiddiy emas. Ammo agar chaqalogʻingizning tanasidagi toshma sizni tashvishga solsa, uni pediatrga yoki patronaj hamshirasiga koʻrsatish yaxshiroqdir. Terining tez-tez uchraydigan taʼsirlarlanishiga seboreyali qayizgʻoq, taglik toshmasi, issiqlik, ekzema, milia (bu yonoqlarda, iyakda yoki burun uchida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan mayda oqish teri toshmasi) va terining quruqligi kiradi.
Pediatr yoki patronaj hamshirasiga qachon murojaat qilish kerak?
Agar yangi tugʻilgan chaqaloq bilan qandaydir muammo bordek tuyulsa va siz u haqida qaygʻurayotgan boʻlsangiz, tibbiy yordam uchun pediatrga yoki patronaj hamshirasiga murojaat qiling.
Quyidagi holatlarda iloji boricha tezroq tibbiy yordamga murojaat qiling:
- chaqaloq emmasa yoki kam emsa – masalan, u odatdagi miqdorining yarmini isteʼmol qiladi yoki kun davomida ikki marta kam ovqatlanadi yoki ketma-ket uchta ovqatlanishning yarmidan koʻpini qayt qiladi (qusadi);
- chaqalogʻingizning siyishi kamaysa;
- chaqalogʻingiz doimo bezovta, lanj yoki juda holsiz koʻrinsa yoki emizish uchun uygʻonishi qiyin boʻlsa;
- terisi oqargan yoki sargʻaygan boʻlsa.
Bola hayotining birinchi haftasida yigʻlashi
Yangi tugʻilgan chaqaloqlarning yigʻlashi odatiy holdir. Lekin chaqalogʻingiz yigʻlab sizga nima demoqchi boʻlayotganini bilmasangiz, u sizni muvozanatdan chiqarib yuborishi ehtimoli bor. Yangi tugʻilgan chaqalogʻingiz yigʻlashi mumkin, chunki:
- u ochqagan;
- tagligi hoʻl yoki iflos;
- qornida sanchiqli ogʻriq bor;
- oʻzini noqulay his qiladi (juda issiq yoki juda sovuq);
- chaqalogʻingiz sizni u bilan birga boʻlishingizni xohlaydi.
Agar yangi tugʻilgan chaqalogʻingiz yigʻlasa, uni ovqatlantirishga harakat qiling, tagligini almashtiring, quchoqlang yoki uni tebrating, tinchlantiruvchi ovozda gaplashing yoki qoʻshiq ayting, yoki tasalli berish uchun iliq suvda choʻmiltiring. Agar chaqalogʻingiz koʻp yigʻlasa, bu sizning yangi ota-onalik rolingizni yaxshi bajara olmaysiz degani emas.
Agar chaqalogʻingiz yigʻlayotgan boʻlsa, qachon yordam soʻrash kerak?
Agar yangi tugʻilgan chaqalogʻingiz juda koʻp yigʻlayapti deb oʻylasangiz yoki uning yigʻisiga chiday olmasangiz, iloji boricha tezroq pediatr yoki patronaj hamshirasi bilan maslahatlashing.
Iloji boricha tezroq tibbiy yordamga murojaat qiling, agar:
- chaqaloq chinqirab yigʻlasa;
- chaqaloq yigʻlayotgadga ovozi sust chiqsa yoki ingrasa;
- chaqaloq uzoq vaqt yigʻlasa.
Yigʻlash bu – yangi tugʻilgan chaqaloqqa nima kerakligini sizga aytishning asosiy usuli.
Chaqaloqning sogʻligʻini uyda tekshirish
Odatda chaqaloq sogʻligʻi tugʻuruqxonadan chiqqandan keyin dastlabki 3 kun ichida, 15 kunligida va 1 oyligida uyida tekshiriladi.
Koʻrik payti toshmalardan tortib, qayt qilish (qusish) va chaqaloq yigʻlashigacha boʻlgan holatlar bo‘yicha sizni qiziqtirgan barcha savollarni berish uchun yaxshi vaqt. Koʻrikdan oldin aniqlik kiritmoqchi boʻlgan barcha savollarni pediatr yoki patronaj hamshiradan soʻrashni unutmaslik uchun savollar roʻyxatini oldindan yozib olish maʼqul.