Bola tugʻilgandan keyin, birinchi soatlarda nimalarni kutish kerak?
Bola tugʻilgandan keyingi birinchi minutlar
Farzandingizning tugʻilish lahzasi bir vaqtning oʻzida ham quvonchli, ham hayajonli boʻlishi mumkin. Tugʻilgandan keyin darhol sodir boʻladigan holatlar sizning tugʻuruq jarayoningizga, chaqalogʻingizning qanday tugʻilishiga va u tashqi muhitga qanchalik tez moslashishiga bogʻliq.
Asoratlanmagan tabiiy tugʻuruqlar
Koʻpgina chaqaloqlar tugʻilgandan keyin bir necha soniya ichida nafas oladi va yigʻlaydi.
Agar chaqalogʻingiz yaxshi nafas olayotgani aniq boʻlsa, u tugʻilgandan keyin yalangʻoch holda teriga teri usuli boʻyicha koʻkragingizga yoki qorningizga qoʻyiladi. Teriga teri usuli bolangizni isitadi, uning nafasini va yurak urishini barqarorlashtirishga yordam beradi, shuningdek, siz bilan bolangiz jismonan bogʻlanishiga imkon yaratadi. Bu koʻkrak suti bilan emizishga ham sabab boʻladi.
Bolangiz ustingizda boʻlganida doya uni quritadi va ikkalangizni iliq adyol yoki sochiq bilan yopib qoʻyadi.
Qisqich (shipsi) yoki vakuum orqali tugʻuruqlar
Qisqich yoki vakuum yordamida tugʻilgan bolalarning aksariyati tugʻilganda nafas oladi va yigʻlaydi. Ammo baʼzi chaqaloqlar, ayniqsa, tugʻuruq paytida jarohat olganlari biroz hayojonga tushishi yoki sekin nafas olishi mumkin. Agar shunday boʻlsa, doya yoki pediatr chaqalogʻingizni maxsus isitish joyiga olib boradi. Ular bolangizni quritib artishadi, uning yaxshi nafas olishiga ishonch hosil qilishadi.
Farzandingiz meʼyorda nafas ola boshlagach, iliq sochiq yoki koʻrpaga oʻraladi va sizga qaytarib beriladi. Soʻng uni qoʻlingizga olishingiz, bogʻlanish, iliqlik va emizish uchun teriga teri usulida muloqot qilishingiz mumkin.
Rejali kesar kesish
Rejali kesar kesish yordamida tugʻiladigan bolalarning aksariyati tugʻilganda faol nafas oladi va yigʻlaydi. Farzandingiz tugʻilgandan soʻng, doya yoki pediatr uni quritish, holatini baholash va yaxshi nafas olishini tekshirish uchun maxsus isitish joyiga olib boradi.
Doya yoki pediatr chaqalogʻingizni iliq adyol yoki sochiq bilan oʻraydi va operatsiya stolida yotganingizda uni sizga ushlab turish uchun beradi (agar sizda umumiy ogʻriqsizlantirish oʻtkazilmagan boʻlsa). Baʼzi shifoxonalarning operatsiya stolida teriga teri bogʻlanish imkoniyati koʻzda tutilgan boʻladi. Chaqalogʻingiz tugʻilishida ushbu usuldan foydalanish imkoni bormi-yoʻqmi – soʻrashingiz mumkin.
Rejadan tashqari (shoshilinch) kesar kesish
Rejadan tashqari kesar kesish bilan tugʻdirilgan bolalar tugʻilish paytida nafas olish uchun yordamga koʻproq ehtiyoj sezadi. Doya yoki pediatr chaqalogʻingizni quritish uchun maxsus isitish joyiga olib boradi va qanday yordamga muhtojligini baholaydi.
Farzandingiz yaxshi nafas olsa va sizning sogʻligʻingiz barqaror boʻlsa, doya yoki pediatr bolangizni iliq adyol yoki sochiq bilan oʻraydi va operatsiya stolida yotganingizda uni sizga beradi (agar sizda umumiy ogʻriqsizlantirish oʻtkazilmagan boʻlsa).
Kindik ichakchasini kesish
Bolangiz tugʻilgandan soʻng, kindik ichakchasini qisib, kesib olish kerak. Kindik ichakchasini kesish juda qiyin, ammo uni kesib olish jarayoni siz uchun ham, bolangiz uchun ham ogʻriqli boʻlmaydi.
Agar chaqalogʻingiz tugʻilish paytida nafas olish uchun jiddiy yordamga muhtoj boʻlsa yoki nosogʻlom koʻrinsa, uni darhol neonatal intensiv terapiya boʻlimiga (NITB) oʻtkazish talab etilishi mumkin. Bunda bolangizni sogʻaygandan keyingina bagʻringizga olishga toʻgʻri kelishi mumkin.
Tugʻilgandan keyin, chaqalogʻingiz qanday koʻrinadi va oʻzini qanday tutadi?
Kichkintoyingiz himoyalangan, sokin va iliq muhitli bachadondan tashqi dunyoga oʻtganda uning tanasida baʼzi muhim oʻzgarishlar yuz beradi.
Tugʻilgandan keyingi dastlabki minutlarda chaqalogʻingiz biroz koʻk yoki binafsharang tusda koʻrinishi mumkin. Chaqalogʻingiz nafas olayotgan boʻlsa, uning teri rangi tugʻilgandan keyin 5–7 minut ichida asta-sekin pushti rangga oʻzgaradi. Bolangizning qoʻllari va oyoqlari 24 soatgacha koʻk rangda turishi mumkin. Chunki goʻdakning qoʻllari va oyoqlaridagi qon tomirlari juda kichkina, u yerda qon toʻgʻri aylanishi va teri pushti rangga kirishi uchun vaqt talab etiladi.
Agar hammasi yaxshi boʻlsa, koʻpchilik bolalar tugʻilgandan soʻng, darhol yigʻlaydilar. Ularning aksariyati uxlashdan oldin yon-atrofga katta ochilgan koʻzlari bilan jimgina boqadi. Chaqaloqlarning uxlab qolishi odatiy holdir, ammo baʼzilari uxlamasligi, ovqatlanishni xohlashi mumkin.
Agar chaqalogʻingiz tugʻilgandanoq koʻkrakni olishga tayyor boʻlib koʻrinsa, siz uni bir necha minut ichida emizishingiz mumkin. Doya bolani koʻkragingizga tutishda yordamlashadi.
Apgar shkalasi boʻyicha baholash
Apgar shkalasi boʻyicha baholashga chaqaloqning yurak urishi, nafas olish darajasi, mushaklarining faoliyati, qoʻzgʻatuvchilarga nisbatan javob berish darajasi va terisining rangi kabilar kiradi. Ushbu beshta mezonning har biri uchun 0,1 yoki 2 ball beriladi va jami ballar Apgar shkalasini koʻrsatadi. Chaqaloqning holati tugʻilgandan keyin 1- va 5-minutda Apgar shkalasi boʻyicha baholanadi.
Apgar shkalasi boʻyicha holati farzandingiz bachadon ichidagi va undan tashqaridagi hayotga qanchalik muvaffaqiyatli oʻtganini koʻrsatadi... Apgar shkalasi boʻyicha natijalar bolaning sogʻligʻi va rivojlanishi tarixida qayd etiladi.
Dastlabki 24 soat ichidagi koʻrik va dorilar
Tugʻilgan keyingi birinchi soat davomida doya chaqalogʻingizning qoʻllariga ismi yozilgan ikkita yorliqni bogʻlab qoʻyadi.
Shuningdek, dastlabki bir necha soat ichida farzandingizning vazni oʻlchanadi va jismoniy tekshiruvdan oʻtadi.
Tugʻilgandan koʻp oʻtmay, bolangizning son mushaklariga bitta yoki ikkita inyeksiya qilinadi. Ularga quyidagilar kiradi:
- “K” vitamini ushbu vitamin yetishmasligi oqibatida qon ketishining oldini olishga yordam beradi;
- gepatit “B” ga qarshi emlash.
Bolangiz hayotining dastlabki 48–72-soatlari davomida yangi tugʻilgan chaqaloqlarga tegishli koʻrikdan oʻtadi, bunda kam uchraydigan kasalliklarning alomati bor-yoʻqligi tekshiriladi. Shuningdek, chaqalogʻingiz chanoq-son displaziyasi (ChSD) va eshitish qobiliyatining buzilishiga tekshiriladi.