Kichkintoyingiz bilan gaplashing

Agar bola soʻzlarni tinglasa va hodisalar, tajribalar yoki harakatlar nomini eshitish imkoniga ega boʻlsa, u soʻzlarning maʼnosini, oʻz fikrini yoki his-tuygʻularini ifodalash usullarini oʻrganadi. Biz bu jarayonni “nutq ozuqasi” deb ataymiz va ilm-fan bu turdagi “oziqlanish” miya rivojlanishi, shuningdek, bolaning umumiy rivojlanishi uchun juda muhim ekanini aniq dalillar bilan tasdiqlaydi.
Body

Ota-onalarga bola hayotining birinchi kunidan boshlab u bilan gaplashish, ertak oʻqish, qoʻshiq aytish, bola nima qilayotganini, nimani koʻrayotganini va nimani boshdan kechirayotganini soʻz bilan ifodalash tavsiya etiladi. Ota-onalar soʻzlarni qancha koʻp takrorlasa va ularni chaqaloqning muhitida va tajribasida sodir boʻlgan harakatlar va narsalar bilan bogʻlasa, bolaning oʻrganish qobiliyati shunchalik yuqori boʻladi. Bunday imkoniyatlar kam boʻlsa va chaqaloqning atrofida suhbatlar va soʻzlar kam eshitilsa, buning aksi boʻladi – miyadagi yozuvlar oʻchib ketadi va oʻrganish qobiliyati pasayadi.

Kichkintoyingizga “nutq ozuqasi”ni taʼminlash uchun:

  • suhbat ikki tomonlama amalga oshishini yodda tuting – chaqalogʻingizni siz bilan gaplashishga qanchalik undayotganingizga eʼtibor bering, u bilan iloji boricha tez-tez suhbatlashib turing, nima qilayotganini kuzating va bu harakatni soʻz bilan ifodalang, sizga murojaat qilganda yoki biror narsaga qiziqish bildirganda javob qaytaring.
  • har safar chaqaloq bilan aloqada boʻlganingizda, tebranayotganingizda, quchoqlaganingizda, kiyim almashtirayotganingizda, choʻmilayotganingizda, oʻynayotganingizda unga muloyim ohangda gapirishga harakat qiling. Chaqaloqning tezligini hisobga oling: sekin gapiring va javob qaytarishi uchun unga vaqt bering. Bolaning koʻzlariga qarang va koʻz orqali aloqani saqlab turishga harakat qiling. Nutqning ohangini yoki tempini oʻzgartirib, bolangizning eʼtiborini torting.
  • suhbat davomida chaqaloqqa va uning reaksiyalariga eʼtibor qarating: agar bola endi faol ishtirok etmayotganini sezsangiz, muloqot turini oʻzgartiring. Chaqaloq boshqa tarafga qarasa, sabrli boʻling va unga dam olish va suhbatga “qaytadan qoʻshilish” uchun imkoniyat bering. U yana sizga qaraganida tabassum va maqtov soʻzlari bilan salomlashing. Agar chaqaloqqa suhbat yoqmayotganini yoki u yetarlicha gapirib boʻlganini payqasangiz, uzoqroq dam olish uchun unga vaqt bering va mashgʻulotni oʻzgartiring.

Kichkintoyingiz bilan gaplashayotganda televizor, uyali telefon va shunga oʻxshash qurilmalarni oʻchiring. Ilm-fandan maʼlum boʻlishicha, chaqaloq shunchaki eshitadigan nutq yetarlicha qiziqish uygʻotmaydi.

Boshqa tomondan, agar siz qoʻllab-quvvatlasangiz va alohida eʼtibor qaratsangiz, chaqaloq oʻrganishga va faoliyatga bajonidil tayyor boʻlishini unutmang. Shunday qilib, suhbatlar orangizdagi aloqani mustahkamlaydigan vosita boʻlsin.