Bola qanday oʻrganadi?

Garchi kattalar oʻrganish bu muayyan bilimlarga ega boʻlish deb hisoblasa-da, bola nuqtayi nazaridan, oʻrganish boshqa narsani anglatadi.
Body

Bola hayotining birinchi kunidanoq izlanadi va tugʻilishdanoq oʻzi va atrof olamni juda tez oʻrganadi. Chaqaloqning oʻrganish usulini bilish juda muhim: tadqiqot va jarayonda faol qatnashish orqali. Bundan tashqari, chaqaloqning faol boʻlishi u qanchalik qoʻllab-quvvatlanishiga, oʻzini xavfsiz va sevimli his qilishiga bogʻliq, shu sababli siz bilan kuchli hissiy aloqa uning oʻrganishi uchun asosiy poydevor hisoblanadi.

Yangi tugʻilgan chaqaloq uchun dunyodagi hamma narsa yangi – hidlar, harorat, havo, ranglar, tovushlar, shakllar, taʼmlar, shuningdek, chaqaloqning oʻzi bilan bogʻliq narsalar ham yangi – nafas olish, harakatlanish, qarash, tinglash, eʼtiborni yoʻnaltirish, xotira, nutq, fikrlash, niyat va h.k.

Chaqaloq oʻsib-ulgʻaygan sari atrofidagi odamlarning turli yoʻllar bilan bogʻlanganini, odamlar oʻrtasidagi munosabatlarda muayyan qonuniyatlar borligini, hodisalar oʻrtasida ham qonuniyatlar borligini: sabablari, oqibatlarini anglaydi; har xil his-tuygʻular, fikrlar va boshqalarni sezadi va ularni tushunishni xohlaydi. Bularning barchasi va boshqa koʻp narsalar chaqaloqdan koʻproq moslashuvni talab qiladi. Bundan tashqari, chaqaloq oʻz tanasini, atrof-muhitni va u bilan bogʻliq boʻlgan munosabatlarni boshqarishga harakat qiladi va hayotning birinchi daqiqasidan boshlab bunga moslashadi.

Chaqaloq uchun oʻrganish bu – harakat qilish, tekshirish, teginish, tinglash, tana qismlarini harakatlantirish, boshqalarning reaksiyasini kuzatish, intilish, qoʻlga olish, uloqtirish, narsa va hodisalar oʻrtasidagi bogʻliqlikni aniqlash... Bu maʼnoda bola uchun oʻrganish oʻyindir, oʻyin esa kashfiyotlarning eng tabiiy usuli.

Ota-ona sifatida oʻrgatishning bu ahamiyatini yodda tutishingiz juda muhim. Bola hayotining birinchi daqiqasidan boshlab kashf etish istagini, faol oʻrganish va izlanish tashabbusini namoyon qiladi. Farzandingizni, uning reaksiyasini, moslashish va oʻrganish usullarini, qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga boʻlgan ehtiyojlarini bilish uchun u qanday tashabbus koʻrsatishini va atrof-muhit bilan qanday aloqada boʻlishini tushunish zarur.

Uy bu – bolaning birinchi “sinfxonasi”, ota-ona esa birinchi oʻqituvchi, ular birinchi kundan boshlab yetarli dalda va ragʻbatlantirish, shuningdek, bola uchun xavfsizlik hissini taʼminlab, oʻyin orqali tadqiq qilish va oʻrganishga koʻmaklashadi.