Ota boʻlish: otalikka moslashish
Yangi otalar: yangi tugʻilgan chaqaloq bilan qanday shugʻullanish kerak?
Boshida oʻzingizni gʻamgin his qilishingiz mumkin, lekin endigina ota boʻlganlar ham otalik uchun toʻliq tayyor boʻlishadi. Otalar onalar singari yangi tugʻilgan chaqaloqlarning ehtiyojlarini aniqlash va ularga javob berish qobiliyatiga ega. Ular kattaroq yoshdagi bolalarga ham gʻamxoʻrlik qila oladilar.
Aslida, farzandingizga gʻamxoʻrlik qilayotganingizda buni faqat ota qila oladigan tarzda qilasiz. Siz, ehtimol, turmush oʻrtogʻingizdan boshqacharoq tarbiya qilayotgandirsiz va bu har xil tarbiyalash uslublariga moslashish bolaning ijtimoiy koʻnikmalarga ega boʻlishiga yordam beradi.
Quyida farandingiz bilan qanday shugʻullanish toʻgʻrisida maslahatlar keltirilgan.
Hamma narsani sinab koʻring
Kiyintirish, allalash, oʻyin oʻynatish, choʻmiltirish va taglikni almashtirish – bularning barchasi bolangiz bilan bogʻlanishning ajoyib usullari. Ota-onalik koʻnikmalari qisman amaliyot bilan bogʻliq – tajriba ortib borgani sari oʻzingizga ishonch va tajriba ham oʻsib boradi.
Harakatda davom eting
Bolani eplash qiyin boʻlganda uni onasiga qaytarish istagiga osonlikcha boʻysunmang. Birga-bir qolgan paytlarda ishonchingiz va mahoratingiz ortadi.
Bola bilan birga-bir holatda vaqt oʻtkazing
Bu jarayon rishtalar mustahkamlashning muhim qismidir. Bu turmush oʻrtogʻingiz kerakli vaqtda dam olishi uchun ham imkoniyatdir.
Mehr-muhabbatingizni va bogʻliqligingizni namoyish eting
Farzandingizga mehr-muhabbatingizni koʻrsatsangiz, belgi va ishoralariga javob bersangiz, uning miyasida “oksitosin” deb nomlangan tabiiy gormon ajralib chiqadi. Bu gormon bolani oʻzini yaxshi his qilishga undaydi. Shuningdek, u asab hujayralari orasida aloqa oʻrnatib, miyaning rivojlanishini ragʻbatlantiradi.
Chaqalogʻingizning yuz ifodalariga taqlid qilishingiz ham mumkin – qoshlarni chimirib qarash, tilni koʻrsatish, tovushlar chiqarish va tabassum qilish. Bularning barchasi siz va farzandingiz oʻrtasidagi bogʻlanishni mustahkamlashga yordam beradi.
Farzandingiz bilan gaplashing
Parvarish payti qanday ishlarni bajarayotganingiz haqida farzandingiz bilan gaplashishga harakat qiling. Masalan, “Kel kiyinamiz, ustingga koʻylagingni kiy”. Yoqimli ohangdan foydalanish yangi tugʻilgan chaqaloq oʻzini quvnoq va himoyalangan his qilishiga yordam beradi.
Suhbatlashish chaqaloqlar miyasi uchun oziq-ovqatday gap. Bu ularga nutq va muloqot koʻnikmalarini tugʻilgandan boshlab shakllantirishga yordam beradi. Suhbatlashishdan foyda olish uchun chaqaloq soʻzlarni tushunishi shart emas.
Oʻyin uchun vaqt ajrating
Yangi tugʻilgan chaqaloq bilan oʻynash – bu shunchaki oʻyinlar va oʻyinchoqlar emas, bu siz va farzandingizning oʻzaro muloqoti. Mana, baʼzi gʻoyalar:
- Farzandingizga har kuni qorni bilan yotish imkonini bering. Bu chaqaloqning mushaklari va miyasi rivojlanishiga yordam beradi. Agar bolaga bunday yotish yoqmasa, uni qisqa vaqt davomida yotqizing (esda tuting, chaqaloq qorni bilan emas, chalqancha yotib uxlashi kerak).
- Nutq koʻnikmalarini va xotirani rivojlantirish uchun soʻzlashing, qoʻshiqlar, sheʼrlar va hikoyalar aytib bering. Bolaligingizda eshitgan sevimli qoʻshiqlaringizdan boshlang.
- “Aji-aji” oʻyinini oʻynashga harakat qiling – yuzingizni qoʻllaringiz bilan yoping va “aji-aji” deb oching. Bunday oddiy oʻyinlar bogʻlanishni mustahkamlaydi, farzandingizning nutq, fikrlash, xatti-harakat koʻnikmalari, ijtimoiy va hissiy rivojlanishi uchun asos ham yaratadi.
Otaning bola hayotidagi astoydil ishtiroki farzandlarning ijtimoiy va ilmiy mahorati oʻsishiga bevosita taʼsir qiladi. Bu jarayonga har qanday vaqtda kirishish mumkin, kech qoldim demang!
Oʻzaro munosabatlarga eʼtibor
Koʻpgina juftliklar, bola tugʻilgandan keyin munosabatlar oʻzgarganini sezadi. Avvaliga munosabatlar juda hayajonli boʻladi va juftliklar koʻpincha oʻzlarini yaqinroq his qiladi. Biroq taxminan bir oy oʻtgach, ota-onalar koʻpincha bolalarni parvarish qilish va uy ishlarini bajarish sababli oʻzlarini charchagan, asablari taranglashgan va koʻp ish yuklangandek his etadi.
Baʼzan ular oilaviy hayot yoki bola tarbiyasi haqidagi tasavvurlari har xil ekanini aniqlaydi.
Turmush oʻrtogʻingiz bilan gaplashish bu oʻzgarishlarni yengish va munosabatlaringizni tushunishning eng yaxshi usulidir. Kuchli ruhiy zarbani (stressni) qanday yengish va dam olish haqidagi maqolalarni oʻqing.
Ayollarning 15% va erkaklarning 10% da tugʻuruqdan keyingi depressiya rivojlanadi. Ayollardagi va erkaklardagi tugʻuruqdan keyingi depressiya haqida koʻproq oʻqib-oʻrganing. Agar oʻzingiz yoki turmush oʻrtogʻingiz tugʻuruqdan keyingi depressiyaga tushgan deb oʻylasangiz, iloji boricha tezroq shifokorga murojaat eting.
Jinsiy munosabatlaringizdagi oʻzgarishlarni tushunish
Bolaning tugʻilishi siz va turmush oʻrtogʻingizda jinsiy munosabatni oʻzgartirishi mumkin. Siz ham, turmush oʻrtogʻingiz ham oʻzingizni yana yaqin his qilishni xohlashingiz mumkin. Baʼzan charchoq, tugʻuruqdan keyingi jismoniy oʻzgarishlar, juftingizning jinsiy hissiyotidagi oʻzgarishlar yoki tugʻuruqdan keyingi depressiya sababli jinsiy aloqa qilish qiyin boʻlib qolishi mumkin.
Aksariyat juftliklar jinsiy aloqani tiklaydilar. Bunga yordam beradigan bir nechta maslahatlar:
- Sabrli boʻling. Siz ikkingiz ham jiddiy oʻzgarishlarni boshdan kechiryapsiz. Turmush oʻrtogʻingizni tinchlantirish va uning his-tuygʻularini tushunishga harakat qilish muhimdir. Koʻpincha tugʻuruqdan keyingi olti haftalik tekshiruvgacha jinsiy aloqada boʻlishdan tiyilish tavsiya etiladi. Hamma odam har xil, baʼzi onalar koʻproq kutishiga toʻgʻri kelishi mumkin.
- Oʻzaro yaqin boʻlishning boshqa usullarini toping. Sevgingizni oʻpish yoki quchoqlash, qoʻl ushlash, massaj qilish yoki birga choʻmilish bilan koʻrsatishga harakat qiling. Hatto oshxonada yondan oʻtayotganda yoki mashinadan narsalarni olishda bir-biringizga qisqa teginish oʻzaro aloqangizni eslatib qoʻyishi mumkin.
- Vazifalarni baham koʻring. Agar siz chaqaloqni parvarish qilish bilan shugʻullansangiz yoki qoʻshimcha uy yumushlarini oʻz zimmangizga olsangiz, bu turmush oʻrtogʻingizning tiklanishi uchun koʻproq vaqt paydo qiladi.
Muammolarni muhokama qilish qiyin boʻlishi mumkin. Agar shunday boʻlsa, birgalikda mutaxassisga murojaat qilishlaringiz mumkin.
Birgalikda tarbiyalash
Birgalikda tarbiyalash umumiy ota-onalik qadriyatlari ustida ishlash, birgalikda qaror qabul qilish, muammolarni konstruktiv hal qilish va nizolarni tinch yoʻl bilan hal etishdir.
Ota-onalar birgalikda ishlashining bir qancha afzalliklari bor:
- Agar siz va turmush oʻrtogʻingiz tarbiyaning qiyinchiliklari va mukofotlarini baham koʻrsangiz, kuchliroq boʻla boshlaysiz va murakkab qarorlar qabul qilishga tayyor boʻlasiz.
- Bolalar sizning oʻzaro munosabatingizni kuzatib, oʻzini qanday tutishni oʻrganadi. Agar qiyinchiliklarga duch kelsangiz, muammolarni yechsangiz, nizolarni ijobiy va hamkorlikda hal qilsangiz, yaxshi xulq-atvorni namunasini koʻrsatgan boʻlasiz.
- Agar farzandingiz suhbatlashayotganingiz va birgalikda ishlayotganingizni koʻrsa yoki sezsa, oʻzini xavfsiz his etadi. Natijada u kamroq yigʻlashi ham mumkin.
Dastlabki kunlarda, birgalikda tarbiyalashni oʻrganishda ijobiy kayfiyatni yaratish, ijobiy munosabatda boʻlish va bir-biringizni qoʻllab-quvvatlash muhim. Bu borada ushbu maslahatlar yordam berishi mumkin:
- Turmush oʻrtogʻingizning qiziqishlari va xavotirlarini tinglang. Onalar koʻpincha nima boʻlayotganini – u xoh yaxshi, xoh yomon xabar boʻlsin – holatga befarq boʻlmaganlar bilan muhokama etishga intiladi va buni qadrlaydi.
- Kerak boʻlganda birinchi qadamni qoʻyishga tayyor turing, shunda turmush oʻrtogʻingiz dam olishi mumkin.
- Farzandlaringiz oldida bir-biringizni qoʻllab-quvvatlang va kelishmovchiliklarni bolalar yoningizda boʻlmaganda muhokama qiling.
- Oʻrinsiz maslahatlarni berishdan tiyiling – baʼzida turmush oʻrtogʻingiz shunchaki eʼtiborli tinglovchi bilan gaplashib, tushkunlikdan qutulmoqchi boʻladi.
- Muammolarni hal qilish boʻyicha gʻoyalarni oʻzaro muhokama qilishga muntazam vaqt ajrating – odatda bu dam olish vaqtlari va tushkunlikka tushmagan paytlaringiz boʻladi.
Qoʻshimcha maʼlumot olish uchun birgalikda ishlashning ahamiyati, bir-biringizni qoʻllab-quvvatlash, nizolarni boshqarish va muammolarni birgalikda hal qilish haqida oʻqib-oʻrganing.
Ota-onaning yangi vazifalarini ishlab chiqish
Juftliklar ham uy ichidagi, ham tashqaridagi vazifalarini muhokama qilishlari muhim. Masalan, agar ota oʻz farzandlari bilan yaqin munosabatda boʻlishni xohlasa, u ish kunlari uzoq vaqt band boʻlishidan norozi boʻlishi mumkin. Xuddi shunday, agar ona oʻz ishini muhim deb hisoblasa, ertadan kechgacha uyda qolishdan norozi boʻladi.
Quyida muhokama qilish uchun baʼzi mavzular berilmoqda:
- Nima qilish kerak? Chaqaloqni parvarishlash, bozorlik, kir yuvish, ovqat tayyorlash, idish yuvish yoki pul topish – oila ehtiyojlari roʻyxatini tuzing. Bu sizga kim nima qila olishini rejalashtirish uchun birinchi qadamga yoʻl ochadi.
- Har biringiz qancha ishlashni xohlaysiz yoki ishlashingiz kerak? Kim koʻproq daromad topishi, kim chaqaloq bilan uyda qolishi kabi masalalarga yechim topishga urining.
- Sizga qancha pul kerak? Oilaviy byudjetni tuzing. Bu uyda koʻproq vaqt oʻtkazish uchun ish vaqtingizni qisqartirishga siz yoki ikkingiz ham qodir ekaningizni aniqlashga yordam berishi mumkin.
- Kimning ish tartibi moslashuvchan? Qaysi ish beruvchi boshqasiga qaraganda oila qadriyatini koʻproq tushunadi? Bu ishga qaytganingizda katta ahamiyatga ega boʻladi.
- Sizni nima baxtli qila oladi? Agar ikkingiz ham oʻzingizni baxtli va toʻlaqonli his qilsangiz, oilada kim qanday vazifa bajarishi muhim emas.
Otalarning ish va oila oʻrtasidagi muvozanati haqida koʻproq oʻqib-oʻrganing va kuchli oila qanday qurilishini bilib oling.