Gʻazab va uni boshqarish (ota-onalar uchun)

Hammaning ham baʼzan jahli chiqadi. Gʻazab normal holatdir. Ammo oʻzingizni haddan tashqari koʻp gʻazablanaman deb oʻylasangiz yoki gʻazabni nazorat qilishda qiynalayotgan boʻlsangiz, uni boshqarishning bir necha usullarini bilib olishingiz foydadan xoli boʻlmaydi.
Body

Gʻazab va ota-onalar: nimani bilish kerak?

Gʻazab inson uchun oddiy tuygʻu, ota/ona boʻlganingizda gʻazablanish hissiga yoʻliqishingiz ham odatiy holdir. Hamma ota-onalar baʼzi vaziyatlarda gʻazablanadi.

Gʻazabning yaxshi tomoni ham bor. Baʼzan bu sizga biror narsani amalga oshirish yoki oʻzingiz ishongan narsani himoya qilish uchun kuch berishi mumkin. Gʻazab hissi va uni boshqarish farzandlaringizga ijobiy va sogʻlom tarzda yaxshi oʻrnak koʻrsatish imkoniyatini beradi. Masalan, jahlingiz chiqqanda “portlash” oʻrniga bir necha marta chuqur nafas olib, xonadan chiqib ketish orqali oʻz farzandlaringizga oʻzini qanday tutish kerakligini koʻrsatasiz.

Jahlingiz tez-tez chiqib tursa yoki uni nazorat qila olmasangiz, gʻazab salbiy ahamiyat kasb etadi. Gʻazablanganingizda oʻzingizni yoʻqotishingiz muammolarni chuqurlashtirishi va boshqalar bilan ham ziddiyatlarga olib kelishi mumkin. Oʻzingizga tinchlanish uchun vaqt bermasangiz, bemaʼni narsalarni aytishingiz yoki qilishingiz mumkin.

Janjal va baqirishni eshitish bolalar uchun qoʻrqinchlidir.

Gʻazablanganda oʻzingizni nazorat qila olmasangiz, shifokor bilan bu borada maslahatlashish yordam berishi mumkin.

Nega baʼzida ota-onalar gʻazablanadi?

Ota/ona sifatida zimmangizda turli xil majburiyatlar boʻlishi mumkin, jumladan, ish, oila bilan vaqt oʻtkazish, uy ishlari, bolalarning mashgʻulotlari va ijtimoiy faoliyat. Band va charchagan boʻlsangiz-u, bolalar aytganingizni qilishmasa va ishlar rejadagidek ketmasa, sabr tugashi va gʻazablanishga oʻtish oson boʻladi.

Baʼzan esa bola tarbiyasi, tartib-intizom va uy ishlarini taqsimlash borasida kelisha olmayotganingiz sabab turmush oʻrtogʻingizdan (agar u bor boʻlsa) jahlingiz chiqadi, xafa boʻlasiz. Bunday kelishmovchiliklar, ayniqsa, xafa boʻlsangiz yoki dalda sezmasangiz, hatto mojaroga olib kelishi mumkin.

Baʼzida bolangizning gʻazabi yoki tushkunlikka tushishi ham jahlingizni chiqarishi mumkin. Misol uchun, bolangiz jahli chiqib turganida sizga qoʻpol gapirsa yoki aytganingizni qilmasa, sizning ham jahlingiz chiqishi mumkin. Javob tariqasida siz ham hujumga oʻtishingiz va keyinchalik bu ishingizdan pushaymon boʻlishingiz ehtimoli bor.

Sizni gʻazablantirishi mumkin boʻlgan boshqa omillar ham bor, masalan, kasallik, ishdagi stress, moliyaviy qiyinchiliklar, uyqu yetishmasligi va oʻzingiz uchun vaqt ajrtata olmasligingiz. Baʼzan sabr kosangiz toʻlganday tuyuladi.

Baʼzi odamlarda bola tarbiyasi oʻz bolaligida duch kelgan gʻazab muammosi yoki boshqa qiyin his-tuygʻularni yuzaga chiqarishi mumkin. Agar bolaligingizda jarohat, zoʻravonlik yoki eʼtiborsizlikni boshdan kechirgan boʻlsangiz, baʼzi vaziyatlarni ogʻriqli qabul qilishingiz yoki gʻazablanganingizda oʻzingizni nazorat qilishda qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin.

Yangi tugʻilgan chaqaloq va goʻdaklarning boʻyin mushaklari juda zaif, ular oʻz boshlarini tutib turisha olmaydi. Bolani qattiq silkitish – uni urish, tepish yoki uloqtirish – oʻlimga, nogironlikka yoki boshqa jiddiy jarohatlarga olib kelishi mumkin.

Gʻazab belgilarini bilib olish

Siz oʻzingizni hech bir sababsiz figʻoni falakka chiqayotgandek his qilishingiz mumkin, lekin aslida tanangiz sizga gʻazabning birinchi belgilarini berayotgan boʻladi. Gʻazab belgilarini ajrata olsangiz, u nazoratdan chiqib ketmasligi uchun choralar koʻrishingiz mumkin boʻladi.

Gʻazabning dastlabki belgilariga quyidagilar kiradi:

  • yurakning tez-tez urishi;
  • oshqozon siqilishi;
  • asabiylashish, yaʼni diqqatlilik yoki jizzakilik hissi;
  • nafas olish tezlashishi;
  • yelkalar taranglashishi;
  • jagʻ va qoʻllarni siqish;
  • terlash.

Salbiy fikrlash

Salbiy fikrlash – gʻazablangan paytda tez-tez uchraydigan odatiy reaksiya, ammo u gʻazabingizni kuchaytirishi mumkin.

Misol uchun, ish kuningiz oʻgʻir oʻtdi va siz stressdasiz. Farzandlaringizni bolalar bogʻchasidan olib ketayotganingizda ular orqa oʻrindiqda oʻtirib janjallasha boshlaydilar, bu sizning dilingizni ogʻritadi va stressga tushasiz. Uyga kelganingizdan soʻng esa ular sumkalaridan oʻz narsalarini chiqarib, ularni joyiga qoʻyishdan bosh tortishadi, natijada siz gʻazablanasiz va hafsalangiz pir boʻladi.

Quyida ushbu vaziyatda sizda paydo boʻlishi mumkin boʻlgan baʼzi salbiy fikrlar keltirilgan:

  • Menga hech kim, hech qachon yordam bermaydi – hamma narsani oʻzim qilishim kerak;
  • Bolalar, sizlar juda quloqsizsizlar;
  • Oʻzingizni yaxshi tutganingizda edi, bunchalik jahlim chiqmasdi;
  • Nega meni xafa qilmoqchisan?

Agar bunday fikrlarni sezsangiz, sabr-toqatni yoʻqotib, jahl otiga minishdan oldin toʻxtab, oʻzingizni tinchlantirish uchun biror narsa qilishingiz kerak.

Gʻazabni boshqarishning oddiy usullari

1-qadam: gʻazabingizni aniqlang

Gʻazabni boshqarishning birinchi qadami – uning birinchi alomatlarini sezishdir. Hatto oʻzingizga ham gʻazablanganingizni bildirish va gapirish juda muhimdir. Misol uchun, “Bu meni gʻazablantiryapti” yoki “Jahlim chiqayotganini sezyapman”.

2-qadam: tinchlanishga harakat qiling

Gʻazabning birinchi alomatlarini sezganingizdan soʻng oʻzingizni tinchlantirish uchun bir nechta narsalar qilishingiz mumkin, masalan:

  • сhuqur nafas oling va chiqaring. Sekin nafas olishga harakat qiling;
  • sizni tinchlantiradigan biror mashgʻulot bilan shugʻullaning, masalan, musiqa tinglash, jurnalni varaqlash yoki shunchaki derazadan tashqariga qarash kabi;
  • yugurish yoki sayr qilish uchun koʻchaga chiqing;
  • issiq dush qabul qiling;
  • bir necha daqiqaga tinch joyga boring.

Yurak urishining bir maromga tushishi, mushaklaringiz boʻshashishi tinchlanayotganingiz belgilaridir.

3-qadam: vaziyat haqida oʻylang

Oʻzingizni xotirjam his qila boshlagach, hozirgi vaziyat va nima sodir boʻlgani haqida oʻylab koʻring. Bu saboq olish va kelajakda shunga oʻxshash vaziyatlarni yaxshiroq hal qilishga yordam beradi. Oʻzingizdan soʻrang:

  • Bu qanchalik muhim? Nega men bunchalik xafa boʻldim?
  • Men bu vaziyatni qanday hal qilmoqchiman?
  • Bu vaziyatda biror narsa qilishim kerakmi yoki hammasini ortga uloqtiraymi?

Farzandlaringiz yoki turmush oʻrtogʻingizga oʻz his-tuygʻularingiz va bu masalada qanday yoʻl tutmoqchi ekaningizni aytib bersangiz, yaxshi boʻladi. Bu ularga gʻazabini boshqarishning eng yaxshi usulini koʻrsatadi. Masalan: “Jahlim chiqayapti. Bu haqda gaplashishdan oldin tinchlanish uchun bir daqiqaga chiqib kelishim kerak”.

Farzandlaringizga oʻrnak boʻling

Gʻazabli muomalangiz uchun kechirim soʻrash gʻazab yaxshi emasligini aniq-tiniq koʻrsatadi. Jahlingiz chiqishi mumkin, lekin baqirish mumkin emas.

Shuning uchun baqirganingiz yoki oʻzingizni idora eta olmaganingiz uchun kechirim soʻrang. Bu bolalaringizga baʼzan jahl chiqishi ham odatiy hol ekanini koʻrsatadi. Gʻazab bilan kurashishning sogʻlom usullarini topish muhimdir.

Gʻazabni boshqara olmasangiz nima qilish kerak?

Har doim ham gʻazabingizni jilovlay olmaysiz, baʼzan baqirasiz yoki nimadir deb yuborasiz, keyin esa bundan pushaymon boʻlasiz. Bu ham oddiy holatdir.

Bunday holatlarda farzandlaringiz yoki turmush oʻrtogʻingizga nima deyishingiz haqida oʻylab koʻrsangiz, yaxshi boʻlardi. Bir nechta takliflar:

  • Gʻazabimni jilovlay olmaganimdan juda afsusdaman. Keyingi safar oldinroq tinchlanishga harakat qilaman.
  • Baqirganim uchun kechirasiz. Boʻlib oʻtgan voqea toʻgʻrisida gaplashib olsak boʻladimi? Bu gaplarni jahl ustida aytmasligim kerak edi. Bu haqda gaplashishdan oldin tashqariga chiqib, biroz tinchlanib olishim kerak edi.

Siz charchagan va stressga tushganingizda har xil his-tuygʻular toʻplanadi. Oʻzingizga eʼtibor qiling, bu xotirjam tortishingizga yordam beradi va farzandlaringiz, shuningdek, boshqa juftliklar, oilalar va doʻstlar oʻrtasidagi muammolarni hal qilishga tayyor boʻlasiz.