Tish chiqishi – bolaga qanday yordam berish kerak?
Tish oʻsishi odatda 3–6 oyda boshlanadi. Baʼzi chaqaloqlar tishi bilan tugʻiladi, baʼzilari yurishni boshlagandagina birinchi tishi chiqadi.
Tish chiqishi paytidagi muammolarga quyidagilar kiradi: soʻlakning koʻp ajralishi, qoʻllarni ogʻizga solish, qattiq ovqatdan bosh tortish, milklarning shishishi, qizarishi va ogʻrishi, asabiylashish, bezovtalanish, kechasi uygʻonish, biroz suyuq axlat (diareya) va baʼzida yengil isitma (38 darajadan oshmaydi).
Bolaga qanday yordam berish kerak?
- Milklarni sovitish orqali – muzlatkichda sovitish mumkin boʻlgan tishyorgichdan foydalaning, uni muzxonada saqlamang, chunki muzlatilgan tishyorgich chaqaloqni shikastlashi mumkin. Tishyorgichlar odatda rezina yoki maxsus plastmassadan bolalar uchun qulay boʻlgan har xil shakl va dizaynda tayyorlanadi. Har doim ishonchli ishlab chiqaruvchilar tomonidan tasdiqlangan tishyorgichlarni ishlating.
- Milklar massaji – qoʻllaringizni yaxshilab yuving va koʻrsatkich barmogʻingiz bilan chaqaloqning milkini massaj qiling. Bozorda chaqaloqlarning milklariga surtish va massaj qilish uchun turli xil gellar yoki suyuqliklar bor. Ularning tarkibida dorivor oʻtlar, gialuron kislotasi yoki mahalliy ogʻriqsizlantiruvchi moddalar mavjud. Ulardan ishlab chiqaruvchining koʻrsatmalariga muvofiq, bolaning yoshiga qarab foydalaning.
Soʻlak ajralishining koʻpayishi lablar atrofiga taʼsir qilishi yoki toshma keltirib chiqarishi, bu esa infeksiya rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkin. Buning oldini olish uchun chaqalogʻingizning yuzini muntazam yuvib turing, lablar atrofini quriting, neytral himoya kremidan foydalaning. Bolaning yuzi va yonoqlari doimo quruq boʻlishi uchun uxlash paytida boshining ostiga paxtali mato qoʻying va uni tez-tez almashtiring.
Tish chiqishi bilan bogʻliq noqulaylik vaqtincha boʻlib, bu davrda sizning muloyim, eʼtiborli boʻlishingiz va qulaylikni taʼminlashingiz muhim ahamiyatga ega.