Tishlarni chirishdan himoya qilish
Tishlarning chirishi (kariyes) nima?
Tishlarning chirishi ogʻiz gigiyenasiga rioya qilmaslik va notoʻgʻri ovqatlanish natijasida juda kichik yoshda ham yuzaga kelishi mumkin. Birdaniga bir nechta tishlarda, koʻpincha yuqori jagʻda kariyesning erta paydo boʻlishi “chaqaloq shishasi sindromi” deb ataladi. Tish yuzasida yopishqoq qatlam hosil boʻlganda chirish boshlanadi. Unda mikroorganizmlar ovqatdagi shakar bilan oziqlanadi va tishning chirishiga olib keladigan kislota hosil qiladi. Tish yuzasida jigarrang dogʻlar yoki milk sohasi boʻylab taram-taram oq chiziq paydo boʻla boshlaydi va biroz vaqtdan soʻng tish ustida boʻshliq paydo boʻladi. Milk atrofi qizarishi va shishishi, ogʻir holatlarda esa pufakchalar bilan qoplanishi mumkin. Bunday surunkali yalligʻlangan tish ogʻriqqa sabab boʻlishi va infeksiya tarqatishi, ovqatlanish, nutq, jagʻning rivojlanishi va bolaning umumiy oʻsib, rivojlanishiga taʼsir qilishi mumkin.
Tish chirishining birinchi belgilarida bolani tekshirish va davolash uchun stomatologga olib borish kerak. Buni kechiktirish koʻplab muammolarga olib kelishi mumkin: ogʻriq va noqulaylik, boshqa tishlarning chirishi xavfi, stomatologga keyingi tashrif paytida xavotir kuchayishi, nutq buzilishi, ortodontik muammolar va boshqalar.
Tishlarni kariyesdan himoyalash
Tishlar chirishining oldini olish uchun quyidagi choralarni koʻrish zarur:
- birinchi tish chiqqan paytdan boshlab ularni muntazam tozalash;
- tishlarni bolaning yoshiga mos keladigan tish choʻtka bilan tozalash;
- tishlarni kuniga ikki marta, ertalab va kechki ovqatdan keyin yuvish. Ikki yoshdan (taxminan 18 oylikdan) boshlab past ftorli tish pastasini ishlatish kerak.
Toʻgʻri ovqatlanish
- Bolada sogʻlom ovqatlanish odatlarining shakllanishi va shakar qoʻshilmagan yoki shakar miqdori kam boʻlgan ovqatlarni istʼemol qilishi uchun unga sharoit yaratib bering.
- Dastlabki 6 oylikda eng yaxshi ovqat bu – ona suti, 6 oylikdan boshlab ratsionga boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bosqichma-bosqich kiritiladi. Keyin asta-sekin ovqatlanishlar oraligʻida ozgina qaynagan suv berishni boshlashingiz mumkin.
- Bolani ogʻziga shishasini solgan holda uxlatmang. Narsalarni ikki qoʻl bilan ushlashni oʻrganganidan soʻng, unga suyuqlikni piyoladan ichishni oʻrgating.
Sogʻlom ovqatlanish odatlari
Bolada sogʻlom ovqatlanish odatlarini shakllantirish uchun quyidagilar zarur:
- uyda bolaning doimiy ovqatlanish joyi boʻlishi, taxminan bir vaqtning oʻzida ovqatlanishi, chaynash oson boʻlgan va ogʻizda uzoq qolmaydigan ovqat, ovqatlanishdan keyin taomni stoldan olib tashlash.
- chanqaganda bolaga shirin ichimliklar emas, suv berish; agar bolaga yangi mevalardan tayyorlangan sharbat bermoqchi boʻlsangiz, uni ovqatlanish paytida bering.
- tishlar uchun foydali boʻlgan, chaynash va soʻlak ajralishini ragʻbatlantiruvchi ovqatlar berish: pishloq, tugʻralgan sabzavotlar (sabzi, selder);
- muntazam stomatologga borish: yiliga bir yoki ikki marta, hatto bolaning tishlari sogʻlom koʻrinsa ham;
- uning tishlari sogʻlom boʻlishi haqida qaygʻurish, axir sogʻlom tishlar tabassum qilishga uyalmaydigan farzandingizning oʻziga ishonchini shakllantirishga qanchalik hissa qoʻshishini bilsangiz kerak.
Tishlar kariyesining oldini olish mumkin. Bolaga sogʻlom turmush tarzini shakllantirishi va tishlarini sogʻlom saqlashi uchun sharoit yaratish. Oʻzingiz yaxshi oʻrnak boʻlishga harakat qiling!