Ota-onalarning birgalikdagi ishi: bu nima uchun muhim?
Ota-onalarning jamoaviy ishlari
Jamoada ishlash birgalikdagi ish, bola tarbiyasiga oʻzaro kelishuv bilan yondashish, birgalikda qaror qabul qilish va bir-biringizni qoʻllab-quvvatlashdir.
Bu bola uchun uyqu vaqti, oilaviy ovqatlanish yoki tartib-intizom kabi narsalar haqida kelishib olishdir. Ushbu jarayon oʻz uyi va oilasini birgalikda boshqarib kelyotgan siz va turmush oʻrtogʻingizga ham tegishlidir. Kelishuv – bolalarga qarash, uy ishlarini bajarish, hujjatlarni rasmiylashtirish, pul topish kabi narsalarni oʻz ichiga olishi mumkin.
Nima uchun ota-onalarning jamoaviy ishlashi farzandlar uchun muhim?
Siz va turmush oʻrtogʻingiz oʻzaro qanday munosabatda boʻlishingiz bolalaringizga katta taʼsir qiladi.
Misol uchun, ota-onalar bir jamoa boʻlib, bahamjihat ishlashsa, bolalar oʻzlarini xavfsiz his qiladi va oʻzlariga yaxshi munosabatda boʻladi. Ular hurmat bilan muomala qilish va qanday qilib sogʻlom munosabatlarni oʻrnatishni ham oʻrganadilar.
Boshqa tomondan, ota-onalari oʻrtasidagi jiddiy nizolarni koʻrayotgan va eshitayotgan bolalarning xulq-atvorlari va rivojlanishlarida muammolar uchraydi.
Nima uchun ota-onalarning jamoaviy ishlashi siz uchun muhim?
Turmush oʻrtogʻingiz bilan bir jamoa boʻlib ishlarkansiz, oʻzingizni baxtliroq, oʻziga ishonchi ortganroq his qilasiz, ota-onalik va oilaviy hayotingizdan qoniqish tuyasiz. Oilangiz bilan vaqt oʻtkazishdan lazzatlanishingiz osonlashadi.
Turmush oʻrtogʻingiz bilan ota-ona jamoasi sifatida yaxshiroq ishlash uchun esa oʻzingizga gʻamxoʻrlik qilishingiz va munosabatlaringizni qadrlashingiz kerak.
Misol uchun, sogʻliqni saqlash, stressni boshqarish va umuman, oʻzingizga gʻamxoʻrlik qilish sizga turmush oʻrtogʻingiz va bolalaringizni qoʻllab-quvvatlash, hurmat qilish uchun koʻproq energiya beradi. Bu ota-onalik maqomidan maksimal darajada foydalanishga ham yordam beradi.
Sogʻlom munosabatlarni saqlab qolish uchun turmush oʻrtogʻingizga ham vaqt ajrating. Bolalarga gʻamxoʻrlik qilish va ishni bir maromda olib borish, oila va oʻzingiz uchun vaqt ajratish chindan ham er-xotinlik munosabatlariga talablar qoʻyadi. Ammo juftingiz bilan birga vaqt oʻtkazsangiz, sizda yaqinlik tuygʻusi paydo boʻladi va ota-ona sifatida koʻproq dalda his qilasiz. Bu esa bolalarni birgalikda tarbiya qilishni yanada yoqimli qilishi mumkin.
Ota-onalarning jamoaviy ishlash koʻnikmalari
Ota-onalarning jamoaviy ishi vaqt va amaliyot bilan osonlashadi. Ammo sizga va turmush oʻrtogʻingizga jamoa sifatida yaxshi ishlashingizda yordam beradigan baʼzi koʻnikmalar mavjud. Ularga quyidagilar kiradi:
- muammoni hal qilish – muammolaringizni hal qila olmaydigan yoki qotib qolgan vaziyatlarda yangi va ijodiy yechimlarni topishni anglatadi;
- nizolarni boshqarish – kelishmovchiliklarni hamkorlikda ijobiy tarzda boshqarish va hal qilishni anglatadi;
- gaplashish va tinglash – munosabatlarni oʻrnatish va mustahkamlashga yordam beradigan muloqotni anglatadi;
- bir-birini qoʻllab-quvvatlash – bolalarni tartibli va qoʻllab-quvvatlovchi ruhda tarbiyalashni anglatadi;
- bir-birini qabul qilish – farqli jihatlar bilan yashash va ularni qadrlash demakdir.
Ota-onalarning ajrimdan keyingi jamoaviy ishlari
Ota-onalarning jamoaviy ishi ajralishdan keyin yanada muhimroq boʻlishi mumkin, lekin baʼzida bu qiyin kechadi. Jamoaviy tarbiya aksar hollarda koʻproq narsalarni kuzatib borishingiz kerakligini anglatadi. Bu oʻqituvchilar bilan suhbatlar yoki shifokorga borishni rejalashtirish yoki shu masalada kelishib olish kabi narsalarni oʻz ichiga olishi mumkin.
Agar siz va sobiq turmush oʻrtogʻingiz oʻrtasida ziddiyat paydo boʻlsa, uni ijobiy, oʻzaro hurmat asosida, topqirlik bilan hal qilish muhimdir. Katta yoshlilarning mojarolarni boshqara olishi bolangizga qimmatli koʻnikmalarni oʻrgatishi mumkin, ajrashgan ota-onalar oʻrtasidagi davom etayotgan ziddiyat esa bolalarga salbiy taʼsir qiladi.
Agar siz yolgʻiz ota yoki ona boʻlsangiz, baʼzan hamma narsani oʻzingiz yolgʻiz qilayotgandek tuyulishi mumkin. Lekin bunday qilish shart emas. Bu sizni qoʻllab-quvvatlaydigan kuchli odamlar guruhi tuzishga bir imkondir. Bunday guruhga oila aʼzolari, doʻstlaringiz, hamkasblaringiz va boshqa yordamchilar kirishi mumkin.
Bolalarni jamoada tarbiyalash qiyin boʻlganda
Baʼzida siz va juftingiz uchun jamoa boʻlib ishlash qiyinchilik tugʻdiradi. Bu qandaydir oʻzgarish yuz berganda, masalan, ota-ona ishga qaytganida yoki bola maktabga borishni boshlaganda koʻproq kelib chiqishi mumkin. Hayotdagi tabiiy oʻzgarishlar jamoaviy ishlarni qiyinlashtirishi mumkin, chunki ular oilaviy tartiblarga taʼsir qiladi.
Siz kelishmovchiliklar yoki nizolarni hal qilishda qiynalayotganingizni yoki ajralish haqida oʻylayotganingizni tushundingiz. Bunday vaziyatda turmush oʻrtogʻingiiz bilan birgalikda yordam olishingiz yaxshiroqdir. Har qanday masalani muhokama qilish va mahalliy oilaviy maslahat xizmatiga murojaat qilish uchun shifokoringiz bilan maslahatlashing.
Agar juftingiz maslahat uchun siz bilan borishni istamasa, yolgʻiz boʻlsa-da, yordam uchun murojaat qiling.
Agar munosabatlaringizda oilaviy zoʻravonlik boʻlsa, ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qiling (agar sizning shahringizda/mamlakatingizda mavjud boʻlsa) va yordam soʻrang, oʻzingiz va farzandlaringiz xavfsizligini taʼminlash uchun hamma narsani qiling.