Ota-onalar oʻrtasida muloqot: turmush oʻrtoq bilan gaplashish

Qalbdan gaplashish er-xotinlarni birlashtiradi va uzoq muddatli munosabatlarni mustahkamlaydi. Konstruktiv va ijobiy muloqot, bezovta qilayotgan masalalarni muhokama qilish – bolalarni tarbiyalashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nizolarni hal qilishning eng yaxshi usullaridan biridir.
Body

Nima uchun suhbatlashish muloqot va munosabatlar uchun muhim?

Muloqot oʻzaro tushunishga yordam beradi. Turmush oʻrtogʻingiz bilan kundalik narsalar, masalan, nima qilayotganingiz, his-tuygʻularingiz haqida gaplashish oʻzaro aloqani ushlab turishning asosiy usullaridan biridir. Bu sizga va juftingizga muammo va mojarolarning oldini olish yoki uni hal qilishda yordam beradi.

Bu ijobiy ruhda suhbat oʻtkazish muhimligini anglatadi. Nimani va qanday aytishingiz, shu jumladan, xatti-harakatlaringiz ham juftingizning sizni tushunishi va sizga javob qaytarishiga taʼsir etadi.

Samarali muloqot tinglash mahorati hamdir. Diqqat bilan tinglash qobiliyatiga ega boʻlsangiz, jufingiz nima yetkazishga harakat qilayotganini tushunishingiz va unga uni eshitishayotganini, u boshqalar uchun ahamiyatli ekanini his qilishiga yordam berishingiz mumkin.

Suhbat va muloqot: asosiy qadamlar

Konstruktiv suhbat bir necha oddiy qadamlardan boshlanadi:

  • Qulay paytni tanlang.
  • Ijobiy boʻling.
  • Loʻnda ifodalang.
  • His-tuygʻularingiz uchun masʼuliyatni oʻz zimmangizga oling.
  • Koʻngilni ogʻritadigan narsalarni aytmang.

1-qadam: qulay paytni tanlang

Yaxshisi, turmush oʻrtogʻingiz bilan tinchlangan holatda, bir-biringizni tinglashga vaqtingiz boʻlganda, bolalar yoningizda boʻlmaganida yoki ular uxlab yotganida gaplashing.

Agar murakkab muammoni muhokama qilishga toʻgʻri kelsa, u hal boʻlguncha kutgan maʼqul. Ayni damda siz yoki turmush oʻrtogʻingiz kayfiyatsiz yoki jahllanib turgan boʻlsangiz, bu haqda keyinroq gaplashgan afzal.

Baʼzan mayda-chuyda narsalar haqida gaplashishdan voz kechib, muhim masalalarga eʼtibor qaratish kerak. Turmush oʻrtogʻingiz bilan suhbatni boshlashdan oldin siz koʻtarmoqchi boʻlgan masala muhimmi yoki yoʻqligini oʻzingiz uchun aniqlashtirib oling.

2-qadam: ijobiy boʻling

Har bir inson qadrli boʻlishni yaxshi koʻradi, shuning uchun imkon topildi deguncha turmush oʻrtogʻingizga yoqimli soʻzlarni ayting. Masalan: “Har kech menga kechki ovqat tayyorlash va choʻmiltirish jarayonida yordam berasiz, buni juda qadrlayman”.

Agar turmush oʻrtogʻingiz sizdan maqtov eshitib, qoʻllashingizga oʻrgangan boʻlsa, biror muammoni koʻtarganingizda sizni tinglashi ehtimoli yuqori boʻladi. Siz ular haqida ijobiy ruhda gapirishingiz mumkin. Misol uchun: “Kechki ovqat, choʻmiltirish vaqtida uyda boʻlishingiz qanday yaxshi-ya! Oxirgi bir necha kun yordamingizga muhtoj boʻldim”.

Muloqot vaqtida tana tilidan foydalansangiz, suhbatingiz osonroq va yoqimli kechadi. Tana tili quyidagich boʻlishi mumkin:

  • oʻzingizni boʻsh qoʻygan holda oʻtirish yoki tik turish;
  • xoʻmraymaslikka va oʻta jiddiy koʻrinmaslikka harakat qilish;
  • juftingiz bilan koʻz muloqotini saqlab turish;
  • bir-biringizning yoningizda oʻtirish yoki turish.

Uzoq muddatli er-xotinlik munosabatlarida xushmuomalalik negizi qanchalik tez yoʻqolishi mumkinligi sizni ajablantirishi mumkin. “Iltimos” va “rahmat” soʻzlari juftingiz bilan suhbat davomida juda ham yordam berishi mumkin!

3-qadam: loʻnda ifodalang

Uzoq va koʻp tushuntirishlar maʼruzaga oʻxshab koʻrinadi, tushunishni ham qiyinlashtiradi.

Buning oʻrniga turmush oʻrtogʻingiz nimani eshitishi muhimligini oʻylang, soʻng oʻsha maʼlumotni iloji boricha qisqaroq yetkazishga harakat qiling. Misol uchun, “Vosit shu hafta oxirida boʻlib oʻtadigan konsertiga kelishingizni xohlayapti. Lekin kontsert bilan mashgʻulotingiz bir vaqtda ekan. Bu hafta mashgʻulotga bormasangiz boʻladimi?”

Baʼzan qoʻshimcha savol va muammolar paydo boʻlishi mumkin, ammo muhimi – diqqatni asosiy narsaga qaratish. Misol uchun: “Ayni damda oʻzingiz uchun ham deyarli vaqt yoʻqligini bilaman, bu haqda keyinroq gaplashib olishimiz mumkin, hozir esa Vositning kontsertiga bora olish-olmasligingizni hal qilaylik”.

4-qadam: His-tuygʻularingiz uchun masʼuliyatni oʻz zimmangizga oling

Turmush oʻrtogʻingiz nima qilayotgani yoki qilmayotganini taʼkidlash oʻrniga vaziyat haqida oʻz his-tuygʻularingiz va fikrlaringiz, ayniqsa, tashvish, shubha yoki qaygʻularingiz kabilar bilan boʻlishish yaxshiroqdir.

Bu borada “men taʼkidlar” yordam berishi mumkin. Misol uchun: “Siz har doim telefon yoki noutbuk bilan bandsiz. Men esa ham kechki ovqat tayyorlashim, ham bolalarga qarashim kerak”. Lekin shu narsani boshqacha qilib ham aytsa boʻladi: “Ovqatni tezlik bilan pishirishga toʻgʻri kelganda juda ham asabiylashaman. Shu paytda bolalar biror narsa bilan mashgʻul boʻlsa, xotirjam tortaman. Shunday vaqtlarda menga yordam bera olasizmi?”

Bunday yondashuvda juftingizning murosaga kelishi osonlashadi va oʻzini unga hujum qilishayotganday his etmaydi.

5-qadam: Koʻngilga tegadigan gaplarni gapirmang

Baʼzi gaplar turmush oʻrtogʻingiszning hamiyatiga tegishi mumkin va u sizni eshitishni xohlamay qoladi. Quyidagi ishlarni qilmaslikka harakat qiling:

  • haqoratomuz soʻzlarni, masalan, “Siz ahmoqsiz!” deganga oʻxshash jumlalarni ishlatmang;
  • oʻtmishni eslatmang, masalan: “Yana hamma narsa oʻtgan safargiday” qabilida gapirmang;
  • turmush oʻrtogʻingizning niyati yoki ragʻbatiga gumon bilan qaramang, masalan: “Sizga hammasi baribir” kabi gaplar aytmang;
  • foydasi boʻlmagan taqqoslashlarni qilmang, masalan: “Siz onangizning oʻzisiz!” kabi jumlalarni tilga olmang.

Bundan tashqari, kimdir har doim nohaq boʻlishi yoki harakat qilmasligini anglatadigan iboralardan tiyilish kerak. Masalan: “Siz hamisha...”, “Siz hech qachon...”. Bunday hujumlar turmush oʻrtogʻingizni himoyalanishga majbur qiladi.

Faqatgina muammo yuzaga kelganida emas, hamisha ham bir-biringiz bilan muloqot qiling. Siz muntazam ravishda fikr va hislaringiz bilan boʻlishganingizda, birga vaqt oʻtkazganingizda oʻzaro aloqa va munosabatingiz yaxshilanib boradi, shu bilan birga, haqiqiy muammo paydo boʻlganda bu uni bartaraf etishdagi ajoyib mashq boʻladi.

Suhbat va muloqotda yordam

Har qanday munosabatlarning yuksalish va pasayishi boʻladi. Ammo juftingiz bilan gaplashib boʻlganingizdan soʻng sizda koʻngil toʻlmaganlik hissi qolsa, oʻz hislaringizni yetkaza olmaganday boʻlsangiz, boshqa bir odam (yaqin doʻstingiz, oilangiz aʼzosi yoki shifokor) bilan ham gaplashishga harakat qiling.

Juftliklar uchun maslahat olish ham foydali boʻlishi mumkin. Agar juftingiz bunday maslahatlarga borishni istamasa, yordam olish uchun bir oʻzingiz boʻlsa ham borganingiz maʼqul.

Agar oilaviy zoʻravonlikka duch kelgan boʻlsangiz, ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilib, yordam soʻrang, oʻzingiz va farzandlaringiz xavfsizligini taʼminlash uchun kerak boʻlgan hamma narsani qiling.