Ota-onalar uchun: muammolarni qadam-baqadam hal qilish

Muammoni hal qilish siz hal qila olmayotgan yoki oʻralashib qolgan vaziyatlarga yangi va ijodiy yechimlarni topish usulidir.
Body

Nima uchun muammolarni hal qilish muhim?

Ota-ona sifatida munosabatlaringizdagi har qanday muammo yoki kelishmovchilikka qanday munosabatda boʻlishingiz bolalaringizga taʼsir qiladi.

Muammolarni ijobiy va konstruktiv tarzda hal qilish orqali siz bolalaringizni mojaroning salbiy taʼsiridan himoya qilishingiz mumkin. Agar siz va turmush oʻrtogʻingiz birgalikda yechim topsangiz, butun oila baxtli, sogʻlom va kuchli munosabatlarda boʻlishiga yordam berasiz.

Muammoni hal qilishda tanlangan toʻgʻri yondashuv sizga va turmush oʻrtogʻingizga quyidagilarda yordam berishi mumkin:

  • muammolardan qochish emas, ularni bartaraf etish;
  • hurmat va sabr bilan gapirish va tinglash;
  • ikkalangizga ham maʼqul boʻlgan yechimni topish;
  • oʻzingizni jamoa boʻlib ishlayotgandek his etish.

Bunday yondashuv farzandlaringizga ham muhim hayotiy koʻnikmalarni oʻrgatishi mumkin.

Muammolarni hal qilishning asosiy qoidalari

Muammolarni hal qilishda sizga yordam berishi mumkin boʻlgan asosiy qoidalar boʻyicha takliflarni quyida koʻrishingiz mumkin:

  • har kim istagan vaqtida oʻz muammosini muhokamaga chiqarishi mumkin;
  • har kim hozir bu haqda gapirishni istamasa, yoʻq deyishi mumkin, lekin uni muhokama qilish uchun boshqa vaqt ajratishga toʻgʻri keladi, lekin bir kundan ortiq boʻlmagan muddatda;
  • munozarada qizishib ketilsa, har kim tinchlanib olish uchun tanaffus eʼlon qilishi mumkin;
  • muammolarni oʻz vaqti va joyida koʻtaring. Misol uchun, buni bolalar boʻlmaganda, masalani muhokama qilish uchun yetarli vaqt borligida, kechki ovqat tayyorlayotganda, xullas, diqqatni boʻladigan boshqa ishlar boʻlmaganda va ikkalangiz ham xotirjam boʻlganingizda qiling;
  • ikkalangiz ham bir-biringizning gapingizni tushunadigan tarzda tinglashga harakat qiling;
  • ziddiyatga olib keluvchi mavzularni koʻtarmaslik yoki boshqa odamlarga hurmatsizlik qilmaslikka kelishib oling;
  • shuni yodda tuting, birortangizda muammo boʻlsa, bu ikkalangizga ham tegishlidir.

Muammoning yechimi: buni qanday uddalash mumkin?

1. Muammoni aniqlash:

Muammoga nisbatan aniq va loʻnda munosabatda boʻling:

  • nimalar boʻlayotganini, qanchalik oraliqda sodir boʻlishini va kimlar ishtirok etayotganini aniqlang. Misol uchun: “Soʻnggi uch hafta ichida men odatdagidan koʻra koʻproq bahslasha boshlaganimizni his qilyapman”.
  • odamga emas, muammoga eʼtibor qarating. Masalan: “Biz har doim uy yumushlari bilan bandmiz yoki bolalarni sportga olib boramiz, natijada birga dam ololmayapmiz. Menimcha, bu munosabatlarimizga taʼsir qiladi”.
  • oʻz vazifangizni tushuning yoki muammoni hal qilishga yordam bering. Misol uchun, “Men bu bahslarning bir nechtasini boshlaganimni bilaman”.
  • muammoni neytral, ayblamaydigan tarzda tasvirlab bering. Buning uchun muammoni savol shaklida ifoda qilishingiz mumkin. Misol uchun: “Oʻzimizga qanday vaqt ajratishimiz haqida gaplashsak, nima deysiz?”

2. Nimani xohlayotganingizni aniqlang

Har biringiz uchun nima muhimligini aniq tushunishingiz kerak. Oʻz pozitsiyangizni aniqlashtirish uchun savollar bering. Masalan:

  • nima uchun bu muhim?
  • nega buni xohlaysiz/nega bu sizga kerak?
  • nega bundan tashvishdasiz/hayajondasiz/qoʻrquvdasiz?
  • nega buni xohlamaysiz/nega bu sizga kerak emas?
  • buning nimasi qoʻrqinchli?

Maqsadingiz ikkalangiz nimani xohlayotganingizni aniq tushunishdir. Sabrli boʻling va bir-biringizning javoblaringizni tinglashga diqqat qarating.

Yechim topish uchun aqliy hujum

Barcha mumkin boʻlgan yechimlarni yozing. Aqliy hujumni boshlashingizga yordam beradigan baʼzi maslahatlar:

  • fikrlarni navbati bilan taklif qiling;
  • iloji boricha koʻproq fikr olishga harakat qiling, hatto ulardan baʼzilari oʻrinsiz boʻlib tuyulsa ham. Kamida 8–10 fikrga intiling;
  • barcha fikrlarni roʻyxatga kiriting. Gʻoyalardan voz kechish bir-biringizni ranjitishi va oʻz xulosalaringiz bilan boʻlishishingizga toʻsqinlik qilishi mumkin;
  • gapirishni boshlashdan oldin barcha gʻoyalarni jamlab oling.

4. Yechimlarni baholang va bittasini tanlang

Aqliy hujum roʻyxatidagi har bir yechimni koʻrib chiqing va muammongizni hal qilishi mumkin boʻlgan bitta amaliy variantgacha qisqartiring. Yordam berishi mumkin boʻlgan baʼzi maslahatlar quyida keltirilgan:

  • ikkalangiz ham foyda bermaydi deb kelishgan gʻoyalarni oʻchirib tashlang;
  • ikkovingizdan birortangiz biror gʻoya ish beradi deb oʻylasangiz, uni roʻyxatda qoldiring;
  • roʻyxatda qoldirgan har bir fikrning afzalliklari va kamchiliklarini sanab oʻting. Avval afzalliklariga qarang – har bir gʻoyadan ijobiy narsani topishga harakat qiling;
  • roʻyxatda qolgan har bir gʻoyani muhokama qilish uchun yetarli vaqtingiz boʻlishi uchun qisqa munozaralar yuriting;
  • afzalliklardan koʻra kamchiliklari koʻproq boʻlgan har qanday gʻoyalarni kesib tashlang;
  • qolgan variantlarni 1 (juda yomon) dan 10 (juda yaxshi) gacha baholang;
  • siz va turmush oʻrtogʻingiz qoʻllab koʻrishga rozi boʻlgan yechimni tanlang – bu siz tanlagan yechim boʻlmasligi mumkin, lekin bu siz ham rozi boʻlgan yechim boʻlishi kerak.

Yechim topa olmasangiz, aqliy hujumni yana takrorlang va boshqa gʻoyalarni oʻylab topishga harakat qiling.

Agar sizga yangi gʻoyalar kerak boʻlsa, yaqin doʻstlaringiz yoki oilangizdagilardan soʻrashingiz mumkin. Lekin birinchi navbatda turmush oʻrtogʻingiz bunga qarshi emasligiga ishonch hosil qiling. Sizning juftingiz baʼzi bahsli masalalarni maxfiy saqlashni xohlashi mumkin.

Agar bu ham yordam bermasa, ikkalangiz ham bu safar siz tanlagan yechimni qoʻllab koʻrishga rozi boʻlishingiz mumkin, keyingi safar esa juftingiz tanlagan yechimni qoʻllaysizlar.

5. Yechimni qoʻllab koʻring

Quyidagilarga rozi boʻlib, qaror qabul qiling:

  • Kim nimani qachon va qayerda amalga oshiradi?
  • Kelishilgan narsalarni qilmasak, nima boʻladi?
  • Yechimimiz qanchalik yaxshi ishlayotganini kuzatib borishimiz kerakmi?
  • Yechim boʻyicha ishlar qanday ketayotganini qachon koʻrib chiqamiz?

Agar yechimingiz farzandlaringiz bilan bogʻliq boʻlsa, iloji boʻlsa, ularni bu jarayonga jalb qilishga urinib koʻring.

6. Umumiy koʻrinish

Biroz vaqt oʻtgach, yechimingizga nazar solgan holda uning qanday ishlashi haqida gapiring. Quyidagicha savollar berishingiz mumkin:

  • Yechim ishlayaptimi?
  • Nima yaxshi ishladi? Nima ish bermadi?
  • Hamma narsa silliq ketishi uchun nima qilishimiz mumkin?

Agar kelishuv foyda bergan boʻlsa, ikkalangiz ham ziddiyat kamayganini sezasiz. Agar unday boʻlmasa, oʻzingizga quyidagi savollarni bering:

  • Qaror oqilonamidi?
  • Ikkimiz ham nimadir berib, nimadir olyapmizmi?
  • Qoida va majburiyatlar ikkalamiz uchun ham tushunarli edimi?
  • Kelishuv buzilishi oqibatlaridan foydalanildimi va ular maqsadga muvofiqmidi?
  • Yechimimiz ish berishidan oldin gaplashib olishimiz kerak boʻlgan boshqa savollar bormi?

Eng yaxshi qarorga kelish uchun muammoga yechim topish jarayonini qaytadan boshlashingizga toʻgʻri kelishi mumkin.

Muammoni hal qilish yoʻlida biroz yuksalish va pasayishlar boʻlishi tabiiy, uning izga tushishi uchun 1–2 hafta vaqt kerak boʻladi.

Yordam olish

Muammolar ustida ishlashga urinish sizni yoki turmush oʻrtogʻingizni diqqat qilsa yoki gʻazablantirsa, munosabatlar boʻyicha mutaxassis bilan gaplashish yordam berishi mumkin. Munosabatlar boʻyicha maslahatchilar orangizdagi ziddiyatga nima sabab boʻlayotganini aniqlashga va amaliy yechimlarni topishga yordam beradi.

Siz va juftingiz maslahatchiga birgalikda murojaat qilsangiz, maqsadga muvofiq bo'ladi. Ammo u borishni istamasa, oʻzingiz yordam soʻrab murojaat qiling.

Agar oilaviy zoʻravonlikka duch kelgan boʻlsangiz, ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qiling va yordam soʻrang, oʻzingiz va farzandlaringiz xavfsizligini taʼminlash uchun kerak boʻlgan hamma narsani qiling.