Maktabgacha yoshdagi bolalarda ijodiy qobiliyatlarni tarbiyalash va rivojlantirish: gʻoyalar va taʼlimiy faoliyat
Maktabgacha yoshdagi bolaning ijodiy oʻyinini ragʻbatlantirish
Bolangizga ijodkorlik uchun vaqt, materiallar va joy juda muhimdir.
Maktabgacha yoshdagi bolalar ijodiy oʻyinlarda oʻzini oʻzi boshqarishni yaxshi koʻradi, shu bois bolangizning koʻrsatmalariga amal qilish yaxshi. Lekin shunday paytlar ham boʻladiki, bolangiz sizni ijodiy faoliyatiga koʻproq jalb etishni xohlaydi. Faol ishtirok etish orqali bolangizning koʻnikma va tushunchasini rivojlantirishingiz mumkin.
Bolaga biror narsa qilishning bir nechta usuli borligini koʻrsatgan yaxshi. Misol uchun, odam chizish, qumdan qasr qurish yoki baraban chalishning bir nechta usullari mavjud. Bu bolalarga oʻz gʻoyalarini rivojlantirishi mumkinligini bilish imkonini beradi.
Farzandingizga yangi yoki qimmat oʻyin materiallarini berishingiz shart emas. Qoʻlda yasalgan, qayta ishlangan va tabiiy materiallar oʻyin va tasavvurni kuchaytirishning arzon usullaridir.
Farzandingiz qanday sanʼat asarini oʻylab topishidan qatʼi nazar, bolangizga koʻp taʼriflovchi maqtovlar ayting. Misol uchun, “Men siz chizgan rasmni yaxshi koʻraman. Siz haqiqatan ham ranglarni qanday birlashtirishni bilasiz”. Bu bolangizda oʻziga boʻlgan ishonchni oshiradi va oʻyinni ijodiy tarzda davom ettirishga undaydi.
Ijodiy oʻyindan nimalarni kutish kerakligini bilmayapsizmi? Maktabgacha yoshdagi bolalarni ijodiy oʻqitish va rivojlantirish haqida koʻproq oʻqing.
Ijodiy faoliyat: sanʼat va hunarmandchilik
Kundalik hayotdagi va qayta ishlangan buyumlar bolangizning ijodiy rivojlanishiga yordam berishi mumkin. Misol uchun:
- Farzandingizga qiziqqan narsasini (uy, robot, yuk mashinasi, hayvon) yasash uchun boʻsh karton quti bering. Farzandingiz qutini boʻyashi yoki hunarmandchilik materiallari bilan bezashi mumkin.
- Odam yasash uchun boʻsh oshxona yoki hojatxona qogʻozi rulonlaridan, plastikdan tayyorlangan kichkina sharbat idishlaridan foydalaning. Yuz qismini chizing, qogʻoz kiyimlar yopishtiring va momiq paxtadan soch yasang. Farzandingiz ushbu yangi oʻyinchoqlarni hikoyalar toʻqishda ishlatishi mumkin.
- Sanʼat asari yaratish uchun tabiiy materiallarni izlab, tabiatga sayr qiling. Masalan, kuzda rasm chizish, qogʻozga yopishtirish yoki boʻyoqqa botirish uchun toʻkilgan barglarni yigʻing.
- Zargarlik buyumlarini yasashda bir-biriga bogʻlashingiz mumkin boʻlgan kichik plastik qopqoqlar va boshqa kichik narsalarni ishlating.
- Farzandingiz istagan narsasini yasashda foydalanishi mumkin boʻlgan iplar, oʻrama qogʻozlar, stikerlar va choʻplar kabi narsalarni saqlang.
- Maktabgacha yoshdagi bolangiz raqamli sanʼat asarini yaratish uchun qoʻllashi mumkin boʻlgan ilovalar yoki oʻyinlarni toping. Masalan, bepul rasm chizish yoki suratlarni kollajlarga joylashtirishga moʻljallangan ilovalar mavjud.
Farzandingizning asarlari uchun uy sanʼat galereyasini tashkillang. Oshxona devori yoki xattaxta rasm va suratlarni yopishtirish uchun juda mos joy. Farzandingizdan har hafta bitta maxsus rasm tanlab, galereya markazidagi ramkaga joylashtirishni soʻrashingiz mumkin. Bu farzandingizning ijodini qadrlashingizni koʻrsatadi.
Ijodiy faoliyat: drama
Maktabgacha yoshdagi bolalar dramatik oʻyinlarni yaxshi koʻradi. Farzandingiz bilan ishni boshlash uchun baʼzi tavsiyalar:
- Eski kiyimlarni tashlab yuborish oʻrniga kiyim-kechak qutisi yoki sumkaga solib qoʻying. Bundan tashqari, ikkinchi qoʻl doʻkonlarda arzon va gʻayrioddiy kiyim va rekvizitlarni topishingiz mumkin.
- Spektakl qoʻyish uchun qoʻgʻirchoqlardan foydalaning. Oddiy qoʻgʻirchoqlarni yasash oson. Qoʻgʻirchoq teatri tashkillash uchun karton qutidan foydalansangiz ham boʻladi.
- Kundalik hayotdagi vaziyatlarni sahnalashtirishda drama, qoʻshiq va harakatdan foydalaning. Farzandingizga yoqadigan shifokorlar, onalar, otalar, doʻkonchilar, oʻt oʻchiruvchilar kabilarning rollarini oʻynash mumkin.
- Hikoya vaqtida bolangizga harakatlar yoki tovushlar orqali hikoyadan rollar ijro etishni taklif qiling. Misol uchun, bolangiz oʻzini ajdaho yoki qoʻzichoqdek koʻrsatishi mumkin.
- Bolangizning oʻynayotganini videoga oling. Uni oila va doʻstlar bilan baham koʻrish uchun maxsus videoga aylantirish uchun bolaga film yaratish ilovasidan foydalanishga yordam bering.
Ijodiy faoliyat: musiqa, harakat va raqs
Musiqa, harakat va raqs odatda bolangiz bilan oʻtkaziladigan oddiy kundalik oʻyinning bir qismi boʻlishi mumkin:
- Farzandingizga kastryulka, uning qopqogʻi va yogʻoch qoshiq bering – bolangiz buni baraban toʻplami sifatida ishlatishi mumkin.
- Yovvoyi tabiatda harakatlanadigan va shovqin soladigan hayvonlar haqidagi qisqa videolarni tomosha qiling. Farzandingizga hayvonlarning harakati va tovushlariga taqlid qilish yoqishi mumkin.
- Musiqa asboblarini hayvonlarning harakatlariga moslab chaling. Misol uchun, silkitgichni filga oʻxshatib sekin yoki gʻazablangan maymun kabi baland ovozda silkiting.
- Bolangizni qadam tashlash, dumalash, sakrash va aylanishga undang. U harakatlanishi yoki yangi harakatlarni oʻylab topishi uchun yoqimli musiqa qoʻyib bering.
- Bolalarbop sheʼr va qoʻshiqlar aytish orqali farzandingizga ritm tuygʻusini rivojlantirishga yordam bering.
- Uning eʼtiborini soatning chiqillashi yoki joʻmrakdan suv oqishi kabi bir maromdagi tovushlarga qarating. Farzandingizni chapak chalishga, qadam tashlashga yoki biror narsani bir maromda taqillatishga undang.
Farzandingizning hayotiga “sanʼatni qadrlash”ni tatbiq qilish yaxshi. Musiqa, drama yoki rasmlar boʻladimi, bolangizni oʻzi yoqtirgan narsalari haqida gapirishga undashingiz mumkin. Mahalliy sanʼat galereyasi yoki koʻrgazmaga tashrif buyurib, koʻrgan narsalaringiz haqida suhbatlashishga nima deysiz?