Nutq koʻnikmalarini rivojlantirish 4–5 yosh
4–5 yoshdagi bolalarning nutq boyligi va tilini rivojlantirish
Bu yoshda bolangiz koʻproq:
- “shuning uchun”, “lekin” kabi bogʻlovchi soʻzlarni bogʻlashni;
- murakkab his-tuygʻularni ifodalovchi “ogʻzi ochilib qolgan”, “taʼbi xira” va “kayfi chogʻ” singari soʻzlarni;
- miyasida sodir boʻlayotgan narsalarni tushuntiradigan “bilmayman” va “eslayman” kabi soʻzlarni;
- narsalar qayerda ekanligini tushuntiradigan “oʻrtasida”, “tepada”, “pastda”, “yuqori” kabi soʻzlarni oʻrganishni va ulardan foydalanishni boshlaydi.
Shuningdek, farzandingiz narsalarni yaxshiroq tushuntirishga yordam beradigan soʻzlarni (masalan, “boʻsh” va “kulgili”) oʻrganadi.
Umuman olganda, maktabgacha yoshdagi bolalar foydalanishi mumkin boʻlganidan koʻra koʻproq soʻzlarni tushunadi.
Nutqni rivojlantirishda gaplar va grammatika
Bu yoshda bolangiz nutqiy rivojlanishi davomida kichik jumlalarni “va”, “chunki” kabi bogʻlovchilar yordamida birlashtirish orqali murakkab jumlalardan foydalanadi.
Besh yoshga kelib farzandingiz turli xil gap turlarini qoʻllay boshlaydi, misol uchun, “It mushukni quvladi” va “Mushuk itni quvladi” deb aytishi mumkin. U toʻqqiztagacha soʻzdan iborat uzun jumlalarni ishlata oladi.
Bundan tashqari, besh yoshda bolangiz soʻzlarning barcha qoʻshimchalarini bilib oladi. Misol uchun, bolangiz “katta” kabi soʻzlar “kattaroq”qa aylanishi uchun soʻzlarning oxiriga “-roq” qoʻshimchasini qoʻshishi mumkin. U hali ham baʼzi xatolarga yoʻl qoʻyishi mumkin – masalan, “Ular borishni xohladi” oʻrniga “Ular borishga xohladi”.
Farzandingiz nafaqat hozir sodir boʻlayotgan voqealar haqida, balki oʻtmishda sodir boʻlgan yoki kelajakda yuz beradigan narsalar haqida gapirish qobiliyatini rivojlantiradi. U oʻtgan zamonni yaxshiroq qoʻllashni, shuningdek, “u”, “uning”, “uni” kabi olmoshlardan foydalanishni oʻrganadi.
Tushunish va tilning rivojlanishi
Besh yoshga kelib bolangiz biror narsa qachon sodir boʻlishini koʻrsatadigan “oldin”, “keyin” va “keyingi hafta” kabi soʻzlarni tushunadi va ishlatadi. U hali ham “xuddi shu vaqtda” singari murakkab gʻoyalarni tushunishda muammolarga duch kelishi mumkin. Agar u koʻrsatmalarni tushunmasa, savol berishni boshlashi mumkin.
Farzandingiz “Sen men bilan hazil qilyapsan” va “Uning qoʻli gul” kabi iboralarni tushuna boshlaydi.
Farzandingiz birinchi marta duch kelayotgan vaziyat boʻlsa ham, ikki bosqichdan koʻproq koʻrsatmalarni bajara oladi. Misol uchun, “Chiptangizni anavi yerdagi odamga bersangiz, uni yirtib tashlaydi, keyin biz kinoga kirishimiz mumkin”. Ammo farzandingiz birinchi eshitgan narsalarni bajarishi va harakat tartibini koʻrsatadigan soʻzlarni eʼtiborsiz qoldirishi mumkin. Misol uchun, u “Kinoga kirishdan oldin, chiptangizni anavi kishiga bering” jumlasidagi “oldin” soʻziga eʼtibor qaratmasligi mumkin.
Nutq rivojlanishida talaffuz
Farzandingiz toʻrt yarim yoshga kirganda begona odamlar bolangiz aytgan deyarli har bir soʻzni tushuna oladi.
Farzandingiz hali ham baʼzi nutq tovushlarini ishlatishda muammolarga duch kelishi, masalan, “ariq” oʻrniga “ayiq”, “tekin” oʻrniga “sekin”, “burgut” oʻrniga “gugurt” deb aytishi mumkin. Shuningdek, uning vaqti-vaqti bilan baʼzi murakkab soʻzlarni notoʻgʻri talaffuz qilishi ham kuzatiladi, masalan, “televizor” oʻrniga “telezor”, “spagetti” oʻrniga “pagetti” deydi.
Muloqot va hikoyani rivojlantirish
Farzandingiz baʼzan juda koʻp yoki kam maʼlumot berishi mumkin boʻlsa-da, hikoyani yaxshi davom ettiradi. Shuningdek, u aytayotgan narsasini tartibga solishga va kim haqida gapirayotganini aniqlashtirishga qiynalishi mumkin. Hikoyalarining oxiri mantiqqa toʻgʻri kelmasligi yoki kutilmagan koʻrinishi mumkin.
Ammo farzandingiz narsalarni boshqa odamlarning nuqtayi nazaridan boshqacharoq koʻradi, shuning uchun suhbatga foydali maʼlumotlarni qoʻshishi mumkin. Misol uchun, “Men doʻstimning uyiga bordim va biz tort yedik, u mening tengdoshim”.
Farzandingiz bir guruh odamlar bilan suhbatlarda navbatga amal qilib suhbatlashadi va vaziyatga mos ovoz balandligida gapira boshlaydi. U “mumkinmi?”, “maylimi?”, “boʻladimi?” kabi soʻzlarni ishlatib, koʻproq xushmuomalalik bilan savollar beradi. Uning soʻrovlari ham unchalik oshkora va aniq boʻlmasligi mumkin. Masalan, u biror narsa yeyishni xohlaganini “Hidi shirin ekan!” deyish orqali koʻrsatadi.
Farzandingiz hazil qilish uchun nutqdan foydalanishni boshlaydi. U kulgili va toʻqima soʻzlarni ishlatib kulishi mumkin.
Bolalar turli sharoitlarda oʻsib-rivojlanadi. Ushbu maqoladagi maʼlumotlar faqat qoʻllanma sifatida taqdim etiladi. Agar bolangizning nutqiy rivojlanishi tengdoshlaridan ortda qolsa yoki boshqa qandaydir sababga koʻra tashvishlansangiz, shifokor, pediatr yoki hamshira bilan gaplashing. Bundan tashqari, logopedga murojaat qilishingiz ham mumkin. Agar sogʻliqni saqlash boʻyicha mutaxassisingiz bolangizga yetarlicha gʻamxoʻrlik qilmasa, lekin siz hali ham xavotirda boʻlsangiz, boshqalarning fikrini bilganingiz maʼqul.