Maktabgacha yoshdagi bolalar bilan suhbatlashish va tinglash

Maktabgacha yoshdagi bolalar oʻzlarining dunyosini rivojlanayotgan nutqi orqali oʻz bola tilida tushuntirishni yaxshi koʻradi. Ular oʻz his-tuygʻularini soʻzlar orqali ifodalay boshlaydi. Uzun-qisqa hikoyalar aytib berishlari ham mumkin. Farzandingiz gapirganda uni tinglayotganingizni koʻrsating. Uning tinglashi, suhbatni navbatma-navbat olib borishini ragʻbatlantiring.
Body

Maktabgacha yoshdagi bola bilan gaplashish va tinglash: nima kutish kerak?

3–5 yoshdagi bolalar bilan suhbat davomida siz juda koʻp savollar eshitishingiz mumkin. Buning sababi, maktabgacha yoshdagi bolalar:

  • yangi soʻzlarni, nutq tovushlarini va til koʻnikmalarini amalda qoʻllash uchun urinadi;
  • atrof-olamni tushunishga qiziqishadi;
  • oʻzlaridan koʻproq narsani biladigan odamlar bilan suhbatlashish orqali oʻrganishga intilishadi.

Maktabgacha yoshdagi bolani tinglash

Farzandingizni tinglayotganingizni bildirish orqali uning fikr va soʻzlari siz uchun muhim ekanini namoyon qilasiz.

Farzandingizni tinglayotganda:

  • Farzandingiz sizga fikr bildirayotganda qilayotgan ishingizni toʻxtatib, uning soʻzlariga eʼtiborli boʻling.
  • Farzandingizning darajasiga tushib oling va koʻz bilan ham “aloqa” qiling.
  • Farzandingiz soʻzlayotgandagi harakatlariga eʼtibor bering. Bu sizga koʻp narsani aytib berishi mumkin. Misol uchun, farzandingiz gʻazab bilan qoʻl silkitishi yoki zavq bilan yuqoriga va pastga sakrashi mumkin.
  • Farzandingiz sizga biror narsa aytsa, u nima deyotganini tushunganingizni tekshirish uchun yana bir bor soʻrab koʻring.
  • Siz farzandingiz fikrlariga qiziqayotganingizni bildirish uchun yuqorida aytilgan: “Rostdanmi?”, “Qani, davom et-chi?”, “Keyin nima boʻldi?” kabi savollardan foydalaning.
  • Bolangiz gapirganida tabassum bilan tinglang.
  • Farzandingiz hikoya qilishni tugatmagunicha chalgʻimang.

Maktabgacha yoshdagi bolalar gapirish va hikoyalar aytib berishni yaxshi koʻradi. Agar farzandingizni tinglashga vaqtingiz boʻlmasa bolani xafa qilmaydigan qilib tushuntiring. Masalan: “Sen bogʻchaga deyarli yetib kelding. Hikoyani tugatmoqchimisan yoki qolganlarini keyinroq aytib berasanmi?” deya keyinchalik uni yana tinglashingizga ishontiring.

Farzand bilan suhbatlashish

Farzandingiz juda koʻp soʻzlarni ishlatishi va tushunishi mumkin. Ammo u baʼzan nima deyotganingizni tushunishda muammolarga duch kelishi mumkin.

Farzand bilan suhbatlashish va tarbiyachi bilan muloqot qilishda ayrim maslahatlar:

  • Nimani nazarda tutayotganingizni aniq aytishga harakat qiling. Farzandingiz hazil, mubolagʻa, istehzoni tushunmasligi va siz bilmasdan uning his-tuygʻulariga zarar yetkazishingiz mumkin.
  • Tana harakatlari va yuz ifodalari siz aytayotgan gaplarga mos kelishiga ishonch hosil qiling. Misol uchun, bolangizga uni sevishingizni aytganingizda tabassum qiling va koʻz bilan “tasdiqlang”.
  • Farzandingiz nima deyotganingizni tushuna olmasa, gapni bir necha xil yoʻllar bilan takrorlang. Misol uchun: “Sumkangni ilib qoʻy”, “Sumkangni poldan olib, ilgakka ilib qoʻy”.
  • Farzandingizga gapirganingizda narsalarni tushuntirish orqali “nima uchun?” degan savoliga javob topishiga yordam bering. Misol uchun: “Avtomobil yoʻlida velosiped minish mumkin emas, chunki mashina urib ketishi mumkin”.
  • Gaplashayotganingizda bolangizni navbatma-navbat gapirishga undang. Navbat bilan gapirish bolangizning tinglash koʻnikmalarini shakllantiradi. Masalan: “Gulnoza, gapirish – endi mening navbatim. Tez orada senga ham navbat keladi”.
  • Farzandingizga yaxshi muloqot qilish uchun koʻp maqtov va dalda bering. Misol uchun: “Tushlik vaqti kelganida hikoyangni tugatganing uchun tashakkur”.

Farzandingizning savollariga javob bering

Farzandingizning savollarini jiddiy qabul qilsangiz va haqiqiy javob berishga vaqt ajratsangiz bolangizni yana savollar berishga undaysiz. Bu bolangizning dunyo haqidagi tasavvuri kengayishiga yordam beradi. Agar bilmay qolsangiz ham oʻzingizni xotirjam tuting. Misol uchun: “Hmm, bu savolga javobni bilmayman. Kel, bu haqda buvingdan soʻrab koʻramiz” deng.