Maktabgacha yoshdagi bolalarning ijodiy taʼlim olishi va rivojlanishi: nimani kutish kerak?

Ijodiy oʻyin maktabgacha yoshdagi bolalarda oʻziga ishonchni, nutqiy, jismoniy va kognitiv koʻnikmalarni, tasavvur va hissiy tushunishni rivojlantiradi. Dramatik oʻyin maktabgacha yoshdagi bolalarga dunyoni tushunishga yordam beradi. Sanʼat va hunarmandchilik faoliyati oʻz fikrini ifoda etish va qaror qabul qilishga undaydi. Ovozli oʻyin, musiqa va raqs maktabgacha yoshdagi bolalarga har xil his-tuygʻularni ifodalash imkonini beradi.
Body

Ijodiy oʻyin nega maktabgacha yoshdagi bolalarni oʻqitish va rivojlantirish uchun muhim?

Maktabgacha yosh davri bola hayotidagi eng ijodiy davr boʻlishi mumkin. Farzandingizning tasavvurlari hali rivojlanayotgan boʻlsa-da, drama, musiqa, raqs, sanʼat va hunarmandchilik:

  • ijodkorlikni rivojlantirishi;
  • bolaning ishonchini mustahkamlashi;
  • bolangizga his-tuygʻularini ifoda etishga va muloqot qilish qobiliyatini oʻrganishga yordam berishi;
  • bolangizga harakatlarni muvofiqlashtirish va motorika koʻnikmalarini rivojlantirishga, mashq qilishga va yaxshilashga yordam berishi;
  • bolangizga qaror qabul qilish, muammoga yechim topish va tanqidiy fikrlashni mashq qilish imkoniyatini berishi;
  • bolangizga narsalarga qarashning yangicha usullarini topishda koʻmaklashishi mumkin.

Drama orqali oʻrganish va rivojlantirish

Maktabgacha yoshdagi bolangiz koʻpincha sahnali va dramatik oʻyin uchun asos sifatida yangi qoʻshiq va hikoyalardan foydalanadi. Bir lahzada u tovuq yeyotgan timsoh, keyin esa boyoʻgʻli roliga kiradi!

Rolni oʻz zimmasiga olish va dunyoga boshqa birovning nuqtayi nazari bilan qarash bolangizga dunyoni tushunishga va his-tuygʻularini ifoda etishga yordam beradi.

Drama va hikoya qilish, shuningdek, bolangizga soʻz boyligini rivojlantirish va mashq qilish, tasavvurni qoʻllash va hikoyalar tuzilishini oʻrganish imkoniyatini beradi. Baʼzida bolangiz yolgʻiz hikoya aytib berishni afzal koʻrishi mumkin. Boshqa paytlarda esa siz ham qoʻshilsangiz, u bundan koʻproq zavq olishi mumkin.

Maktabgacha yoshdagi bolalar ham koʻpincha hikoyalarga butunlay kirishib ketadi. Masalan, hikoya oʻqib berayotgangizda, u qoʻllarini, oyoqlarini yoki yuzini qimirlatayotganini va hikoyadagi voqealarga taqlid qilayotganini sezishingiz mumkin.

Sanʼat va hunarmandchilik orqali oʻrganish hamda rivojlanish

Maktabgacha yoshdagi bolalar qalamlar, boʻyoqlar, plastilin, loy, qaychi, yelim va qogʻoz yordamida oʻzlarini va gʻoyalarini ifoda etishni yaxshi koʻradi. Farzandingizga ingichka qalam, qaychi yoki yopishqoq lentadan foydalanishda yordam kerak boʻlishi mumkin.

Bolangiz asosiy shakllarni yasashni boshlaydi va sanʼat asarlarida tekstura, makon va ranglar bilan tajriba oʻtkazishni yoqtirishi mumkin. Masalan, maktabgacha yoshdagi bolalar koʻpincha tomining tepasida quyosh porlayotgan uylarni chizadi. Chunki bunday rasm kvadrat, uchburchak va aylana kabi asosiy shakllardan iborat.

Hunarmandchilik faoliyati bolangizga mustaqil qaror qabul qilish imkonini ham beradi. Masalan, tom qizil yoki koʻk boʻlishi kerakligi uning oʻziga havola.

Musiqiy taʼlim va rivojlanish

Maktabgacha yoshdagi bolalar his-tuygʻularini va gʻoyalarini ifoda etish uchun musiqa asboblaridan, jumladan, oʻz ovozlaridan ham foydalanadi.

Farzandingizga shunchaki xirgoyi uchun qoʻshiq aytish yoqadi. U takrorlanishlari bor va sodda ohangli qoʻshiqlarni yaxshi koʻradi. U tanish qoʻshiqlarga oʻz soʻzlarini moslashtira oladi va soʻzlar koʻpincha uning atrofidagi voqealar va odamlardan kelib chiqadi.

Bolangiz odatda sevimli qoʻshiqlarini tanib, nomini aytishi va ularni koʻproq kuylashi mumkin. Qoʻshiq aytish bolalarga tez va sekin, uzun va qisqa, baland va past oʻrtasidagi farqni tushunishga yordam beradi.

Maktabgacha yoshdagi bolalar jamoaviy kuylash oʻyinlarini ham yoqtirishi mumkin.

Raqs orqali oʻrganish va rivojlanish

Musiqa va harakat bolangizning jismoniy koʻnikmalarini rivojlantirishga va diqqatini jamlashga yordam beradi. Maktabgacha yoshdagi bolangiz tez yoki sekin harakat qilishi, shuningdek, musiqaga mos harakatlarni oʻylab topishi mumkin.

Farzandingiz qaygʻu, baxt, quvonch yoki hayajonni harakat orqali ifodalashi mumkin. Masalan, quvonchdan sakrashi yoki jahl bilan yer tepinishi mumkin.

Siz bolangizni kapalakdek uchayotganini, qurt kabi sudralayotganini yoki qurbaqa kabi sakrab yurayotganini koʻrishingiz mumkin. Bu oʻyin harakatlari unga dunyo haqida koʻproq bilishga yordam beradi. Farzandingizni qoʻllab-quvvatlash orqali bu faoliyatni ragʻbatlantirsangiz boʻladi. Misol uchun, farzandingiz roʻmolni silkitib, oʻzini uchayotgandek koʻrsatishi mumkin.