Nutq rivojlanishining kechikishi
Agar bolalar nutq va / yoki tushunish boʻyicha gʻayrioddiy qiyinchiliklarga duch kelishsa, bu nutqning kechikishi boʻlishi mumkin. Farzandingizning nutqida kechikish bor deb hisoblasangiz, shifokor, hamshira, bolaning oʻqituvchisi yoki logopedga murojaat qiling. Nutqida kechikishi boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash maxsus guruh dasturlari, rasmlar va kitoblarni oʻz ichiga olishi mumkin.
Nutq rivojlanishining kechikishi nima?
Nutq rivojlanishining kechikishi bolaning ogʻzaki nutqni tushunishda va / yoki undan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelishini anglatadi. Bu qiyinchiliklar bolaning yoshi uchun noodatiy holdir.
Qiyinchiliklar quyidagi holatlarda yuzaga kelishi mumkin:
- birinchi soʻzlarni talaffuz qilish yoki soʻzlarni oʻrganishda;
- soʻzlarni biriktirib gap tuzishda;
- soʻz boyligini shakllantirishda;
- soʻzlarni yoki jumlalarni tushunishda.
Baʼzi nutq kechikishlari autizm kasalligi natijasidagi buzilishlar, Daun sindromi yoki karlik va eshitish qobiliyatining buzilishi kabi holatlar bilan bogʻliq. Ularning aksariyati oʻz-oʻzidan sodir boʻladi.
Nutq kechikishi, nutqning buzilishi yoki nutq rivojlanishining buzilishi?
Nutq kechikishi nutq buzilishi yoki nutq rivojlanishining buzilishidan farq qiladi.
Nutq (tovush) buzilishi bu – soʻzlardagi tovushlarni talaffuz qilishda bolalarning qiyinchiliklarga duch kelishidir. Bu ularning nutqini tushunishni qiyinlashtirishi mumkin. Nutqida buzilishi boʻlgan bolalarda nutq koʻnikmalari yaxshi boʻlishi mumkin. Yaʼni ular soʻz va gaplarni yaxshi tushunib, gaplarni toʻgʻri tuza oladi.
Agar bolada nutq rivojlanishining kechikishi boʻlsa va u oʻtib ketmasa, bu nutq rivojlanishining buzilishi belgisi boʻlishi mumkin. Nutq rivojlanishida buzilishi boʻlgan bolalar tushunish va / yoki gapirishda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Bu qiyinchiliklar ularning kundalik hayotiga taʼsir qiladi.
Nutq buzilishlari bor bolalarda har doim ham nutqning kechikishi yoki nutq rivojlanishining buzilishi boʻlishi shart emas. Shuningdek, nutqida kechikishi boʻlgan hamma bolalar ham nutq bilan bogʻliq muammolarga duch kelmaydi.
Ikki tilli oilalarda oʻsgan bolalar oʻz tillarini faqat bitta tilda gapiradigan bolalarga qaraganda sekinroq oʻrgana boshlashi mumkin. Bu nutq rivojlanishining kechikishi hisoblanmaydi. Maktab yoshidagi ikki tilli bolalar ingliz tilida (yoki boshqa tilda) oʻqish va yozishni tengdoshlari kabi oʻrganishlari mumkin.
Nutq rivojlanishining kechikishida qachon yordam olish kerak?
Bolalarning nutqi turli tezlikda rivojlanadi. Shuning uchun farzandingizning nutqini boshqa tengdoshlari bilan solishtirish bolaning nutqida kechikish bor-yoʻqligini aniqlashda yordam bermaydi.
Eng toʻgʻri yoʻl – farzandingizda turli yosh oraligʻida quyidagi belgilarni sezsangiz, mutaxassisdan maslahat soʻrashdir.
12 oyligida farzandingiz tovushlar, imo-ishoralar va / yoki soʻzlar yordamida siz bilan muloqot qilishga urinmaydi, ayniqsa, yordamga muhtoj boʻlganida yoki biror narsani xohlayotganda.
2 yoshga kelib farzandingiz:
- 50 ga yaqin turli soʻzlarni aytmaydi;
- ikki yoki undan ortiq soʻzlarni biriktira olmaydi – masalan, “Suv ichaman”, “Oyijon, turing”;
- soʻzlarni oʻz-oʻzidan aytmaydi, yaʼni farzandingiz faqat soʻz yoki iboralarni takrorlay oladi xolos;
- “Oyoq kiyimingni ol”, “Suv ichasanmi?” yoki “Dadang qayerda?” kabi oddiy koʻrsatmalar yoki savollarni tushunmayotganga oʻxshaydi.
Ikki yoshga kelib har beshta boladan bittasida nutq rivojlanishining kechikishi belgilari aniqlanadi. Bunday bolalarni baʼzan “kech gapiruvchilar” deb atashadi. Ularning koʻpchiligi yoshi ulgʻaygan sari tengdoshlariga yetib oladi. Ammo baʼzilarida hali ham nutqqa bogʻliq muammolar boʻlishi mumkin.
Taxminan 3 yoshda farzandingiz:
- soʻzlarni uzunroq iboralar yoki jumlalarga biriktirmaydi – masalan, “Oyi, menga yordam bering”;
- “Oyoq kiyimingni olib, qutiga joyla” yoki “Bugun tushlikda nima yeyishni xohlaysan?” kabi uzunroq koʻrsatmalar yoki savollarni tushunmayotganga oʻxshaydi;
- savollar bermaydi.
4–5 yosh va undan katta
Baʼzi bolalar maktabgacha taʼlim tashkilotiga yoki maktabga borishni boshlaganlarida ham nutq bilan bogʻliq qiyinchiliklarga duch kelishadi. Agar bu qiyinchiliklarni autizm natijasidagi buzilishlar yoki eshitish qobiliyatini yoʻqotish kabi boshqa sabablar bilan izohlab boʻlmasa, bu nutq rivojlanishining buzilishi boʻlishi mumkin.
Nutqiy rivojlanishida buzilishi boʻlgan bolalar:
- yangi soʻzlarni oʻrganishga va suhbatlashishga qiynaladi;
- qisqa, sodda gaplardan foydalanadi va koʻpincha jumlalarda muhim soʻzlarni qoldirib ketadi;
- koʻrsatmalarning faqat bir qismiga javob beradi;
- oʻtgan, hozirgi yoki kelasi zamonni toʻgʻri qoʻllashga qiynaladi;
- suhbatda toʻgʻri soʻzlardan foydalanishga qiynaladi;
- soʻzlar, jumlalar yoki hikoyalar maʼnosini tushunmasligi mumkin.
Har qanday yoshda farzandingiz:
- eshitish qobiliyatini yoʻqotsa, rivojlanishning kechikishi yoki nutqqa taʼsir qilishi mumkin boʻlgan kasallik aniqlansa – masalan, autizm kasalligi va Daun sindromi yoki boshqa sindromlar;
- ilgari qila olgan harakatlarini bajarmay qoʻyadi – masalan, gapirmay qoʻyadi.
Nutq bilan bogʻliq muammolarga duch kelgan bolalarga imkon qadar vaqtliroq yordam koʻrsatish zarur. Siz farzandingizning nutqiy rivojlanishi uchun eng yaxshi hakamsiz. Agar xavotirga tushsangiz, ichki sezgilaringizga ishoning va shifokor, hamshira, farzandingizning oʻqituvchisi yoki logoped bilan gaplashing.
Nutq rivojlanishining kechikishida qayerdan yordam olinadi?
Farzandingizda nutq bilan bogʻliq muammo bor deb hisoblasangiz, mutaxassisga murojaat qiling, masalan:
- maktabgacha taʼlim muassasasi yoki maktab oʻqituvchilari yoki tarbiyachilari;
- logoped – nutq rivojlanishi boʻyicha mutaxassis;
- audiolog – eshitishning buzilishi muammolarini aniqlovchi mutaxassis;
- oilaviy shifokor yoki pediatr;
- hamshira;
- psixolog.
Farzandingizning asosiy muammosi nutqni tushunishda va undan foydalanishda deb hisoblasangiz, logoped qabuliga borishingiz mumkin. Logoped farzandingizning soʻzlarni qanday ishlatishini, soʻrovlar, buyruqlar yoki savollarga qanday javob berishini baholash uchun nutq testlaridan foydalanishi mumkin.
Agar farzandingizning eshitish qobiliyatida buzilishlar bor deb hisoblasangiz, yaxshisi, uni audiolog koʻrigiga olib boring. Eshitish qobiliyati yoʻqolishi uning nutqiy rivojlanishi va muloqotiga xalaqit berishi mumkin.
Nutqiy rivojlanishi kechikkan bolalarni qoʻllab-quvvatlash
Farzandingizga nutq rivojlanishining kechikishi tashxisi qoʻyilgan boʻlsa, tibbiyot mutaxassisi nutq koʻnikmalarini rivojlantiruvchi guruh dasturlarini tavsiya qilishi mumkin. Mutaxassis, shuningdek, farzandingizga rasmli taxtalar yoki kitoblardan foydalanish kabi muloqot qilishning boshqa usullarini rivojlantirishga ham yordam berishi mumkin.
Farzandingiz bilan muloqot qilishda koʻmaklashish uchun mutaxassis sizga uyda foydalanishingiz mumkin boʻlgan harakatlar rejasini tavsiya qilishi mumkin. Bu bolaga suhbatni boshlash uchun koʻproq vaqt berishni oʻz ichiga olishi mumkin. Shuningdek, siz farzandingizning soʻzlar, harakatlar yoki tovushlar vositasida muloqot qilishga urinishlariga javob berish orqali unga yordam berishingiz mumkin.
Nutq rivojlanishining kechikishi sabablari
Koʻp hollarda nutq rivojlanishining kechikishiga nima sabab boʻlganini bilmaymiz. Lekin irsiy yoki biologik omil boʻlishi ehtimoli borligini bilamiz. Yaʼni nutq rivojlanishining kechikishi irsiy boʻlishi mumkin.
Nutq rivojlanishi kechikishining ehtimoli:
- yaqin qarindoshlarida nutq kechikishi yoki muloqot qobiliyatining buzilishi bor boʻlgan bolalarda;
- autizm kasalligi yoki Daun sindromi kabi rivojlanish buzilishlari bor boʻlgan bolalarda;
- doimiy eshitish muammolari va quloq infeksiyalari bilan kasallanadigan bolalarda yuqoriroq boʻladi.
Baʼzida muloqot qobiliyatlaridagi kechikishlar jiddiyroq rivojlanish buzilishlarining, jumladan, eshitish qobiliyati pastligi, rivojlanish kechikishi, aqlizaiflik va autizmning belgilari boʻlishi mumkin. Farzandingizni boshqalardan koʻra siz yaxshiroq bilasiz. Agar bu sizni tashvishlantirsa, mutaxassis bilan maslahatlashing.