Chaqaloqlar va kichkintoylar bilan qanday va nima uchun suhbatlashish kerak?

Chaqaloqlar bilan tugʻilganidan boshlab suhbatlashish til va muloqot koʻnikmalarini shakllantiradi. Farzandingiz bilan har qanday joyda, istalgan vaqtda, har qanday narsa haqida suhbatlashishingiz mumkin! Farzandingiz gapirishni oʻrganishiga yordam bering, buning uchun orada pauza qilib, farzandingiz javob berishi uchun vaqt ajrating. Kitoblar, qoʻshiqlar va sheʼrlar nutqni rivojlantirishda juda foydali.
Body

Chaqaloqlar va kichkintoylar bilan muloqot: nima uchun koʻproq muloqot qilish yaxshi?

Chaqalogʻingiz yoki kichkintoyingiz bilan suhbatlashish uning tili va muloqotini rivojlantirishga yordam beradi. Kichkintoyingiz bilan qancha koʻp gaplashsangiz, shuncha yaxshi.

Yosh bolalari bilan koʻp muloqot qiladigan ota-onalar turli xildagi tovushlar va soʻzlarni koʻp ishlatishadi. Bolalar turfa soʻzlarni eshitganlari sari tilni yaxshiroq tushuna boshlaydilar. Bundan tashqari, ular tushunadigan va ishlatadigan soʻzlarning soni va xilmaxilligi oshadi.

Gap faqat til malakalari yaxshilanishida emas. Kichkintoylar bilan suhbatlashish ularning miyalari rivojlanishiga va katta boʻlganlarida maktabda yaxshiroq oʻqishlariga yordam beradi.

Chaqaloqlar va kichkintoylar bilan qanday suhbatlar olib borish kerak?

Chaqaloqlar va kichkintoylar bilan suhbat jiddiy boʻlishi kerak emas. Farzandingiz bilan yuvilgan kiyimlarni qanday osib qoʻyayotganingiz, ovqat tayyorlayotganingiz yoki atrofingizda nimalar sodir boʻlayotgani haqida gaplashishingiz mumkin.

Misol uchun, farzandingiz bilan tashqarida sayr qilyapsiz va u daraxtga ishora qilyapti. Bunday payt unga: “Bu – juda ulkan daraxt, koʻryapsanmi? Qiziq, bu daraxtda qanday hayvonlar yashayotgan ekan? Balki, olmaxon yashar?” deb ayting.

Odatda kattalar bolalar bilan muloyim, ingichka ovozda, erkalagan ohangda bolalarcha gaplashadilar. Bu taxminan shunday jaranglaydi: “Saaaaloooom, kichkintooooy! Qani, bizning doʻmbogʻimiz?” Kichkintoylarga kattalarga xos suhbatdan koʻra shunday muloqot koʻproq yoqadi. Kichkintoyingiz bilan muloqotda bolalarcha tildan foydalanishda davom eting.

Chaqaloqlar va kichkintoylar bilan qancha muloqot qilish yetarli boʻladi?

Kichkintoyingiz uchun har qanday suhbat foyda keltiradi, shuning uchun kun davomida iloji boricha koʻproq gaplashishga harakat qiling. Suhbatlashish uchun maxsus vaqt ajratishingiz shart emas.

Chaqaloqlar va kichkintoylar jimjitlikni ham yoqtirishadi. Agar farzandingiz sizga javob berishni toʻxtatsa, charchagan va bezovta boʻlib koʻrinsa yoki gʻingshisa, suhbatlashish uchun kunning boshqa vaqtini tanlaganingiz maʼqul.

Farzandingizning temperamenti siz bilan qanchalik tez-tez muloqot qilishni xohlashiga ham taʼsir qilishi mumkin. Baʼzi kichkintoytlar tabiatan koʻproq muloqotga kirishuvchan, boshqalari esa vazminroq boʻladilar.

Kichkintoylar bilan gaplashishni qachondan boshlash kerak?

Kichkintoyingiz bilan gaplashishni iloji boricha erta boshlash juda yaxshi. Aslida, farzandingiz tugʻilgandan boshlab shunchaki tinglash va sizning gapirishingizni kuzatish orqali ham soʻzlar va ohanglar haqida juda koʻp maʼlumotni oʻzlashtiradi.

Avvaliga kichkintoyingiz bilan suhbat boshlash bir yoqlama boʻlib tuyulishi mumkin. Ammo u hali soʻzlar yordamida muloqot oʻrnata olmasa-da, sizni tinglaydi va suhbatga qoʻshilishga harakat qiladi! Uning siz bilan muloqoti yigʻlash, koʻzlaringizga qarash va tinglashdan iborat boʻladi. Keyinchalik siz bilan muloqot qilish uchun u “oʻz tilida” gapiradi, tabassum qiladi, kuladi, koʻproq tovushlar chiqaradi va tanasini harakatlantiradi.

Agar suhbat davomida farzandingizga eʼtibor qaratsangiz, uning ilk nutqi va muloqotini sezasiz.

Farzandingiz bilan iliq va muloyim tarzda gaplashish orqali oʻzaro aloqa yaratasiz. Bu farzandingiz bilan munosabatingizni mustahkamlaydi va atrofdagi olam haqida koʻproq maʼlumot olishiga yordamlashadi.

Kichkintoylar bilan suhbatlashish boʻyicha maslahatlar

Gapirishni bilmaydigan kichkintoyingiz bilan suhbatlashish sizga erish tuyulishi mumkin, shunday boʻlsa-da, suhbatlashishdan toʻxtamang! Quyida farzandingizning til koʻnikmalarini rivojlantirish uchun gʻoyalar keltirilgan.

Farzandingiz bilan uygʻunlikda boʻling

  • Chalgʻituvchi omillarni kamaytiring. Televizor yoki kompyuterni oʻchiring, farzandingiz bilan suhbatlashayotganingizda sizlarni chalgʻitishi mumkin boʻlgan barcha omillarni bartaraf eting.
  • Farzandingizni nimalar qiziqtirayotganiga eʼtibor qarating, unga savollar yoki izohlar bering va javob berishi uchun vaqt qoldiring. Misol uchun, choʻmilish paytida shunday deyishingiz mumkin: “Qara! Bu oʻrdakmi? Oʻrdakcha suzadi”.
  • Kichkintoyingiz gapirishni qay darajada oʻrganayotganiga qarab oʻz gʻoyalari uchun kerakli soʻzlarni topishiga vaqt bering va gapirganida diqqat bilan tinglang. Gapni uning oʻrniga yakunlashga harakat qilmang, unga javob qaytarishdan avval u gapni yakunlaganiga ishonch hosil qiling. Bu orqali farzandingiz gapi ahamiyatli ekanini tushunadi.
  • Tabiiy pauzadan foydalaning. Farzandingizning tili rivojlanganda u bu pauzani toʻldiradi. Shuningdek, bu unga navbatma-navbat gapirish kerakligini oʻrgatadi.

Qiziqarli boʻling

  • Farzandingiz bilan uni qiziqtirgan narsalar, masalan, bugun bobosi nima qilishi mumkinligi, birgalikda oʻqigan hikoyangiz yoki tashqarida sodir boʻlayotgan narsalar haqida gaplashing.
  • Birgalikda boshdan kechirgan narsalaringiz haqida gaplashing. Masalan: “Bugun kun quyoshli. Ammo kecha uyga qaytayotganimizda qanday hoʻl boʻlganimizni eslaysanmi? Paypogʻing ham hoʻl boʻlib ketgan edi!”
  • Ifodali qilib gapiring, shunda suhbatingiz qiziqarli boʻladi. Nima haqida gapirayotganingizdan koʻra uni qanday yetkazib berishingiz muhimroq.
  • Agar murakkab soʻzlardan foydalansangiz, ularning maʼnosini tushuntiring va bu murakkab soʻzlarni izohlovchi boshqa koʻplab soʻzlardan foydalaning. Masalan, “Biz hozir pediatr qabuliga boramiz, pediatr – bu chaqaloqlar va bolalar haqida hamma narsani biladigan shifokor”.

Kitob oʻqing, hikoyalar aytib bering, qoʻshiq kuylang va sheʼrlar toʻqing

  • Kitoblarni oʻqing va kichkintoyingizga tugʻilganidan boshlab hikoyalar aytib bering, agar imkoni boʻlsa, har kuni ayting. Bir necha hafta oʻtgach, chaqalogʻingiz aynan shu vaqtda siz xotirjam va oʻziga xos tarzda u bilan birga boʻla olishingizni bilib oladi.
  • Kitoblardagi rasmlarni muhokama qiling, hikoyaning davomida nima boʻlishi mumkinligi haqida savollar bering, soʻzlar va harflarni koʻrsating, farzandingiz harf va rasmlarga qoʻlini tekkazib koʻrishi va kitobni ushlab, sahifalarni varaqlashiga ruxsat bering. Kitobdagi rasmlar asosida oʻz hikoyalaringizni tuzishingiz mumkin.
  • Farzandingiz kitob va oʻqish qiziqarli ekanini bilib olishiga yordam bering. Buning uchun kitob oʻqiladigan maxsus joy boʻlishi, kitob oʻqish davomida farzandingizni quchoqlashingiz, bir narsani qayta-qayta oʻqishingizga toʻgʻri kelsa-da, farzandingizga kitob tanlashga imkon berishingiz maqsadga muvofiq boʻladi.
  • Mashinada, hammomda, uyqudan oldin qoʻshiq kuylang va sheʼrlar ayting – hatto notaga tushmasdan ham. Farzandingizga soʻzlarning ritmi yoqadi va ovozingiz uni tinchlantiradi. Buning uchun Baby Karaoke ilovamizdan foydalaning.

Farzandingiz boshqalar bilan qanday muloqot qilayotganingizni kuzatib gapirishni oʻrganadi. Agar ijobiy ohangda gaplashsangiz, farzandingiz ham boshqalarga doʻstona gapirishni oʻrganadi. Misol uchun, ovqatlanayotgan payt gaplashayotganingizda biron-bir yoqimli mavzu, masalan, bugun qanday yaxshi narsa sodir boʻlgani haqida gaplashishingiz mumkin.