Nutq koʻnikmalarini rivojlantirish: 1–2 yosh
1–2 yoshli bolalarning soʻz boyligi va nutqini rivojlantirish
1–2 yoshda bolangiz koʻproq va turli xil soʻzlarni ishlatishni va tushunishni oʻrganadi. Dastlab u asosan otlarni tushunadi – masalan, “it”, “avtobus”, “divan”. Vaqt oʻtishi bilan u bir nechta feʼllarni tushunadi, masalan, “ovqatlanmoq” va “yugurmoq”. Keyinchalik sifatlarni oʻzlashtiradi – masalan, “katta” va “koʻk”.
1–2 yoshli bolalarda nutqni tushunish va rivojlantirish
Taxminan 12 oylikda chaqalogʻingiz atrofdagi narsalarning nomlarini tushunadi. Misol uchun, u quyidagi narsalarning nomlarini biladi:
- “chashka” yoki “qoʻgʻirchoq” kabi oddiy narsalar;
- “qorin” yoki “barmoq” kabi tana qismlari;
- “paypoq” yoki “shlyapa” kabi kiyimlar.
Ammo farzandingiz turli xil narsalarga murojaat qilish uchun bir xil soʻzni ishlatadi. Masalan, u barcha hayvonlarni “kuchukcha” deb atashi mumkin.
Taxminan 15 oyligida bolangiz uzoqdagi narsalarni koʻrsatib, sizdan ularning nomini soʻraydi. 18 oyliklar atrofida oʻzining ismini ayta oladi. Bir necha oy oʻtgach, u oʻzini ifodalash uchun “men”dan foydalanishni boshlaydi. Asta-sekin u oʻz gʻoyalariga ega alohida odam ekanligini anglab boradi.
Bu yil davomida farzandingiz:
- “Meni oʻp” kabi tanish iboralarni;
- “Toʻxta” kabi oddiy koʻrsatmalarni;
- juda oddiy tushuntirishlarni tushunadi:
Farzandingiz tanasining qismlarini aniqlashni va soʻralganda (masalan, “Menga yuk mashinasini koʻrsating” kabi) narsalarni koʻrsatishni oʻrganadi.
Soʻz va jumlalardan foydalanish
Nutq rivojlanishi soʻzlar va jumlalarni qoʻllashni oʻrganishni oʻz ichiga oladi.
Taxminan 12 oyligida bolangiz siz bilan muloqot qilish uchun soʻzlarni ishlata boshlaydi. Uning bijirlashi haqiqiy soʻzlarga aylana boshlaydi. Shuningdek, farzandingizga bir xil soʻzni qayta-qayta takrorlash yoqishi mumkin.
Farzandingiz ikki yoshga yaqinlashganda ikkita soʻzni qoʻsha boshlaydi – masalan, “yuk mashinasi”, “men ketaman” yoki “toza qoʻl”. Bu ikki soʻzli jumlalarda qandaydir soʻz tushib qolishi mumkin. Bu yoshda u faqat “katta”, “qizil” yoki “quyoshli” kabi bir nechta tavsiflovchi soʻzlarni ishlatadi xolos. Uning soʻz birikmalari asosan ot va baʼzi feʼllardan iborat boʻladi (masalan, “it yeydi”, “mashina yuradi”).
Talaffuz
Farzandingiz turli xil nutq tovushlarini qoʻllaydi, lekin u soʻzlarni kattalar aytganidan boshqacha talaffuz qilishi odatiy hol. Masalan, u “mashina” oʻrniga “bibib” deyishi yoki “mushuk” oʻrniga “miyov” kabi soʻzlarni aytishi mumkin.
Farzandingizning talaffuzini tushunish qiyin boʻladi. Ammo ikki yoshga toʻlguncha uni yaxshi tanimaydigan kishi u aytgan gaplarning yarmini tushuna olishi kerak.
Suhbat va muloqot
Suhbat qurishni oʻrganish nutqni rivojlantirishning bir qismidir.
Farzandingiz “Bu nima?” deb soʻrab yoki ishora qilib biror narsaga eʼtibor qaratishi mumkin. U biror narsaga ishora qilib, “Qara” desangiz, unga nimanidir koʻrsatishingizni biladi.
Farzandingiz oddiy savollarga javob beradi va siz savol berganingizda yoki biror narsani bayon qilganingizda ohangingizdagi farqni tushunadi va u “yoʻq” yoki “mumkin emas” deganingizda bu nimani anglatishini biladi.
Farzandingiz soʻzlar, imo-ishoralar va tovushlarni birlashtirib, ovozining ohangini oʻzgartirib, uni tushunishingizni osonlashtirishga harakat qiladi.
Bola atrofdagilarning harakatlariga taqlid qilishdan zavqlanadi va “oʻzini koʻrsatish” orqali boshqalarning eʼtiborini qanday jalb qilishni tushuna boshlaydi.
Bolalar har xil tezlikda oʻsib-rivojlanadi. Gapirishni kech boshlagan baʼzi bolalar koʻpincha bir necha yildan soʻng boshqalarga yetib oladi. Ushbu maqoladagi maʼlumotlar faqat koʻrsatma sifatida berilgan. Siz bolangizni hammadan koʻra yaxshiroq bilasiz, shuning uchun agar uning nutqiy rivojlanishi haqida qaygʻurayotgan boʻlsangiz, shifokor, pediatr yoki hamshira bilan gaplashing.