Erta savodxonlikka oʻrgatish bilan bogʻliq muammolar
Erta savodxonlikka oʻrgatishdagi qiyinchiliklar toʻgʻrisida
Erta savodxonlikka oʻrgatishda qiyinchilikka duch keladigan koʻpgina bolalar keyinchalik tengdoshlariga yetib oladi. Lekin ilk yoshda rivojlanishi sekinroq kechgan ayrim bolalarga koʻpincha qoʻshimcha yordam zarur boʻladi. Agar ular maktabgacha yoshda va boshlangʻich maktab yoshida qiynalsa, kelgusida ham uzoq muddat savodxonlikning rivojlanishida kechikishlar roʻy berishi mumkin.
Farzandingiz 3–4 yoshda boʻlib, uning quyidagi ayrim jihatlari sizni xavotirga solsa, professional maslahat olishingiz tavsiya etiladi:
– farzandingiz qanday gapirishi va eshitishi;
– alifbodagi harflarni eslab qolish qobiliyati;
– tovushlarni soʻzlarga qanday qoʻshishi.
Oilangizda kimdadir shunga oʻxshash muammo kuzatilgan boʻlsa, bu holda ham mutaxassisga murojaat qilish maqsadga muvofiqdir.
Agar sizga yordam yoki maslahat kerak boʻlsa, ishni tarbiyachi yoki oʻqituvchi, bola va uning oilasi sogʻligi bilan shugʻullanadigan tibbiyot xodimi, terapevt, pediatr yoki defektolog bilan suhbatlashishdan boshlang. Bu mutaxassislar sizni boshqa xizmat va yordamga yuborish imkoniga ham ega boʻlishlari kerak.
3–4 yoshli bolalarni erta savodxonlikka oʻrgatishdagi qiyinchiliklarning belgilari:
Goʻdaklar va bolalarning nutqi turli tezlikda rivojlanadi. Misol uchun, kechroq gapirishni boshlagan koʻplab bolalar 3–4 yoshga kelib tengdoshlariga yetib oladi. Bu esa nutq va soʻzlar bilan bogʻliq ertangi muammolarning mavjudligi erta savodxonlikka oʻrgatishda ham muammolar boʻlishini anglatmaydi.
Shu bilan birga, 3–4 yoshga kelib soʻzlar va nutqdagi ayrim muammolar savodxonlik bilan bogʻliq qiyinchiliklar borligini anglatishi mumkin.
3–4 yoshli farzandingizda quyidagi holatlar kuzatilsa, bu erta savodxonlik bilan bogʻliq muammolar borligini anglatadi:
– agar u gapirishni kech boshlasa va yangi soʻzlarni oʻrganish hamda ularni eslab qolish unga qiyinchilik tugʻdirsa;
– toʻliq jumlani shakllantirish uchun zarur boʻlgan soʻzlarni ishlatmasa, masalan, “Men hayvonot bogʻiga bormoqchiman” deyish oʻrniga osongina “Men hayvonot bogʻiga bor” desa;
– alifbodagi harflarni tanimasa;
– harflarni yozayotganda ularga toʻgʻri shakl berishda qiynalsa;
– talaffuzi jihatdan oʻxshash soʻzlarni (masalan, non, son, don) birlashtirmasa;
– bolalar sheʼrlarining bir qismini boʻlsa ham takrorlay olmasa.
Oʻqish davomida bolangiz:
– kitoblardagi rasmlarni koʻrib nima boʻlayotganini aytib berolmasa (ovqatlanish, yugurish, hurish);
– kitobning yuza va orqa qismlarini ajrata olmasa yoki kitobni toʻgʻri ushlashni bilmasa;
– kitobda berilgan oddiy buyumlarning ham nomini aytib berolmasa;
– kitob muqovasini koʻrsatsangiz ham ilgari oʻqigan kitoblarini eslay olmasa;
– kattalar kitob oʻqib berganida muntazam ravishda tinglashni yoqtirmasa, yordam yoki maslahat uchun mutaxassisga murojaat qiling.
5 yosh va undan katta bolalarda savodxonlik bilan bogʻliq muammolar
Farzandingiz quyidagi holatlarda muammolarga duch kelsa, uning ogʻzaki nutqida qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin:
– oddiy koʻrsatmalarni tushunish, masalan, “Paltongni kiy”;
– gapirayotganida yangi soʻzlarni qoʻshish;
– nisbatan uzunroq jumlalardan foydalanish, masalan, 5 ta soʻzdan ortiq jumlalar;
– talaffuzi bir xil boʻlgan va qofiyali soʻzlarni oʻylab topish va tanib olish, masalan, kitob, oftob, betob, eshik, teshik, beshik;
– oddiy soʻzlarni qismlarga boʻlish (boʻgʻinlar yoki alohida tovushlarga), masalan, “ku-chuk-cha” yoki tovushlarni bir soʻzga birlashtirish;
– toʻgʻri grammatikadan foydalanish, masalan, “U koʻzoynakni sindirdi” deyish oʻrniga “U koʻzoynakni buzdi” desa;
– taqqoslash uchun soʻzlarni ishlatish (ogʻirroq, kuchliroq, kaltaroq singari). Masalan, siz “Mashina katta, avtobus esa...” desangiz, bolangiz “Kattaroq” deyishi kerak;
– hikoyalarni toʻgʻri tartibda aytib berish.
Kitoblarni oʻqish vaqtida bolangizda quyidagi holatlar kuzatilsa, u savodxonlik bilan bogʻliq qiyinchiliklarni boshdan kechirishi mumkin:
– kitoblar va oʻqishga qiziqish bildirmasa;
– hikoyalardagi voqealar rivoji tartibini chalkashtirsa;
– kitobda hikoya qilingan voqealar bilan hayotidagi voqealarni bogʻlay olmasa;
– kitoblarni ovoz chiqarib oʻqiganda diqqati boʻlinsa hamda bundan mazmun va zavq ololmasa.
Farzandingiz kitob oʻqishda qiyinchiliklarga duch keladi, agar u:
– bosma harflar rasmlardan farq qilishi va ularni oʻqish kerakligini tushunmasa;
– alifbodagi har bir harfning nomi va talaffuzi borligini bilmasa;
– hech boʻlmaganda 8 ta harfni aytolmasa;
– oʻz ismi va xabarlarni yoza olmaydi – oʻqiy olish-olmasligingizning ahamiyati yoʻq.
Savodxonligida muammolari boʻlgan bolalarga yordam:
Farzandingizda savodxonlik bilan bogʻliq muammolar boʻlsa, unga til oʻrganish va harflarni barcha shakllarida yozishi uchun bor imkoniyatlarni berishni davom ettirish muhimdir. Bu bolangizni maktabda oʻqish va yozishga tayyorlashga yordam beradi.
Quyidagilarni bajarishingiz mumkin:
– farzandingiz xato qilishda davom etsa ham, uni oʻqish, yozish va chizishga ragʻbatlantiring. Masalan, unga kitoblar, jurnallar, broshyuralar va boshqa bosma materiallarni berib, oʻqishga undang. U katta ehtimol bilan oʻziga qiziqarli maʼlumotni topib oʻqiydi;
– farzandingiz oʻqishni boshlaganida, u bilan birga mutolaa qilish uchun vaqt ajrating. Bir safar siz unga oʻqib bering, keyingi safar u sizga oʻqib bersin. Bu unga yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qiyinchilikni yengib, tushkunlikka tushmaslikka yordam beradi;
– oʻqish va yozish imkoniyatlaridan har kuni foydalaning. Masalan, koʻchadagi va doʻkon peshtaxtalaridagi yozuvlar, menyular, narxlar va mahsulotlar qadoqlaridagi yozuvlarni oʻqing. Shuningdek, doʻstingizga elektron pochta orqali xat, yozma xat yoki matnli xabar yozishingiz mumkin. Bu bolangizga oʻqish va yozish qanchalik foydali ekanligini koʻrsatib beradi;
– yozish mashqlari qiziqarli boʻlishini taʼminlang. Misol uchun, bolangiz yozishni boshlaganida, uni tabriknomalar yoki xaridlar roʻyxatini tuzishga undashingiz mumkin. Shu bilan birga, oʻzingiz ham bolangizga eslatmalar yozib, ularni maxsus joyga, masalan, tushlik qutisiga solib qoʻyishingiz mumkin. Bolangizga javob qaytarish zarurligini uqtiring;
– uyingizga yaqin boʻlgan kutubxonaga boring – aʼzo boʻlib, kitoblarni oʻqib turish uchun bepul olishingiz mumkin;
– farzandingiz maktabga borayotgan boʻlsa, ertalab hammasini tartibga solib, uning oʻqishga tayyorligiga ishonch hosil qiling. Bu unga kunining tartibli oʻtishiga va oʻqish uchun tinch vaqt topishiga yordam beradi.
Farzandingiz maktabga bora boshlaganidan soʻng, uning oʻzlashtirishi haqida oʻqituvchisidan bilib olishingiz mumkin. Balki, oʻqituvchi bilan birgalikda farzandingizni qoʻllab-quvvatlash rejasini muhokama qilishingizga toʻgʻri kelar. Oʻqituvchi bilan birga bolangizga qancha erta yordam bersangiz, uzoq vaqt davomida uning rivojlanishi shuncha yaxshi boʻladi.
Koʻproq fikr va gʻoyalar bilan tanishmoqchi boʻlsangiz, bola bilan oʻqish va savodxonlik mashgʻulotlariga oid maqolalarimizni koʻrib chiqing.