Ilk yoshda hisoblash koʻnikmalarini rivojlantirish
Hisoblash va matematik koʻnikmalar haqida
Hisoblay olish bu matematik tushunchalarni hayotning barcha sohalarida qoʻllash qobiliyatidir.
Hisoblash koʻnikmalari raqamlarni tushunish, sanash, masalalarini yechish, oʻlchash, saralash, qonuniyatlarni aniqlash, sonlarni qoʻshish va ayirish va boshqalarni oʻz ichiga oladi.
Hammamizga kundalik ishlarni bajarish uchun hisoblash va matematik koʻnikmalar kerak:
- muammolarni hal qilish – masalan, qaysi marka va oʻlchamdagi konserva eng arzoni?
- maʼlumotni anglash va tahlil qilish – masalan, mening jamoam musobaqaning yuqori choʻqqisiga chiqishi uchun qancha gʻalaba kerak?
- qonuniyatlarni tushunish – masalan, bu koʻchadagi keyingi uyning raqami necha boʻladi?
- tanlash – masalan, qaysi velosiped eng yaxshi qiymatga ega?
Farzandingizning kundalik tajribalari hisob-kitob asoslarini oʻrganish imkoniyatlariga toʻla. Bu tajribalar sonlar, shakllar va har xil matematik tushunchalarga ijobiy munosabat ham yaratadi. Farzandingizga matematikadan quvonch topishga yordam bering, boshidanoq!
Farzandingiz hisoblashni oʻrganishni qanday boshlaydi?
Bolalar hisob-kitob koʻnikmalarini tugʻilishidanoq oʻrgana boshlaydilar. Bu oʻrganish amalda, ayniqsa, kundalik oʻyin va mashgʻulotlarda sanashni kuzatish va boshdan kechirish natijasida sodir boʻladi. Masalan, bu holat bolangizni quyidagilarga undaganingizda yuz beradi:
- barmoqlarni, oyoq barmoqlarini va oʻyinchoqlarni sanash;
- soat, telefon yoki kitob kabi narsalardagi raqamlar va shakllarni aniqlash;
- qancha boʻlak olma kerakligini hal qilish.
Farzandingiz yoshi ulgʻaygani sayin hisoblash va matematika koʻnikmalarini, shu jumladan, hajm va oʻlchov koʻnikmalarini oʻrganadi. Masalan, bu holat u quyidagilarni boshlaganida yuz beradi:
- har xil oʻlchamdagi narsalarni solishtirish – “katta”, “kichik” va “oʻrtacha”;
- narsalarni bir joyga toʻplash, bir xil va boshqacha ekanini gapirish;
- soʻzlar yordamida narsalar qayerda – “ustida”, “ostida” va “yonida” ekanini tasvirlash;
- dasturxon tuzashga yordam berish;
- idishga suv toʻldirish;
- xarid qilishda yordam berish va narsalarni sotib olish uchun puldan foydalanish;
- ovqatni teng ulushlarga boʻlish.
Farzandingiz bilan kundalik faoliyatingizda matematika tushunchalari haqida gaplashsangiz, bu matematika nimaligi va nima uchun foydali ekanini tushunishga yordam beradi. Masalan, bu jarayon quyidagilarni koʻrsatganingizda yuz beradi:
- katta va kichik (oʻlcham);
- baland va past (balandlik);
- ogʻir va yengil (ogʻirlik);
- tez va sekin (tezlik);
- yaqin va uzoq (masofa);
- birinchi, ikkinchi va oxirgi (buyurtma).
Goʻdaklar va maktabgacha yoshdagi bolalar: hisoblash qobiliyatlarini rivojlantirish boʻyicha maslahatlar
Kichkintoyingiz ovozingizni eshitishni yaxshi koʻradi, qaytariqli, qofiyali va raqamlar qatnashgan hikoyalar va qoʻshiqlardan zavqlanadi. Hisoblash koʻnikmalarini rivojlantirish uchun farzandingiz bilan allaqachon bajara boshlagan yoki bajarishingiz mumkin boʻlgan baʼzi narsalar:
- raqamli hikoyalarni, masalan, “Tillasoch va uchta ayiq” hikoyasini oʻqish;
- hisoblash oʻyinlarini oʻynash;
- raqamlar qatnashgan qoʻshiqlar va qofiyalarni kuylash;
- tushunchalarni tasvirlash uchun ovoz ohangini oʻzgartirish – masalan, katta narsani tasvirlash uchun baland ovoz yoki kichik narsani tasvirlash uchun past ovozdan foydalanish.
Shuningdek, quyidagilar haqida gapirish mumkin:
- kundalik mashgʻulotlar haqida – masalan: “Qushga beriladigan donning yarmini bu yerga, yarmini u yerga qoʻyamiz” yoki “Kel, mos paypoq topamiz”;
- atrof-muhit haqida – masalan: “Anavi yerdagi mitti qushchaga qara” yoki “Bu – baland daraxt”;
- ovqat haqida – masalan: “Ikki boʻlak banan ber-chi” yoki “Bizga nechta stakan kerak?”
- vaqt haqida – masalan: “19:00, uxlash vaqti boʻldi”;
- shakllar va naqshlar haqida – masalan: “Kel, uchburchaklarni qidiramiz”.
Matematika boʻyicha har kungi mashgʻulotlarni bolangiz uchun qiziqarli va maroqli qila olsangiz, nur ustiga nur.
Baby Karaoke vositamiz va mobil ilovamiz yordamida “Besh oʻrdakcha” va “Bir, ikki, uch toʻrt, besh” kabi sanamalar va hisob qoʻshiqlarini yuklab oling. Hoziroq sinab koʻring!
Kichkintoylar va maktabgacha yoshdagi bolalar: hisoblash koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha maslahatlar
Kichkintoyingiz yoki maktabgacha yoshdagi bolangiz bilan oʻynash matematika tushunchalarini tushunishga yordam beradigan muloqot, tasavvur va boshqa koʻnikmalarni rivojlantirishga yordam beradi. Quyida siz va farzandingiz birgalikda oʻynab, zavqlanishingizga va yoʻl-yoʻlakay dastlabki matematik koʻnikmalarni egallashga yordam beradigan baʼzi gʻoyalar keltirilgan!
Suhbatlashish uchun gʻoyalar
Siz va farzandingiz birgalikda koʻrayotgan va qilayotgan ishlarni tasvirlash uchun matematik tushunchalardan foydalaning. Masalan, “Tez ketayotgan mashinalarga qara” yoki “Bu sumka ogʻir”.
- Ovqat tayyorlayotganda nima qilayotganingiz haqida gapiring. Masalan, “Manavi apelsinni ikkiga boʻlaman” yoki “Kel, bu kishmishlarni boʻlishamiz – biri menga, ikkinchisi senga”.
- Telefon raqamingiz va manzilingizdagi raqamlarni koʻrsating va ularni birma-bir ayting.
- Tashqarida ekaningizda nima yaqinda yoki uzoqda turgani haqida gapiring. Masalan, “Yaqin atrofdagi skameykada oʻtirib ovqatlanamiz” yoki “Koʻlgacha hali ancha uzoq. Aravachada ketishni xohlaysanmi?” deyishingiz mumkin.
- Kunning maʼlum vaqtlarida sodir boʻladigan harakatlar haqida gapiring. Masalan, “Biz ertalab soat 7 da nonushta qilamiz” yoki “Soat 18:00 da kechki ovqatni yeymiz, ungacha parkka boraylik ”.
Kundalik mashgʻulotlar uchun gʻoyalar
- Hisoblashni kundalik hayotingizning bir qismiga aylantiring. Masalan, sohil boʻyidagi chigʻanoqlarni, doʻkondagi mevalarni va koʻchadagi daraxtlarni sanang yoki bolangiz oʻyinchoqlarni yigʻib berayotganda sanang.
- Tashqarida yurgan payt bolangizni barglarning shakllarini, gullarning ranglarini yoki qushlarning oʻlchamlarini tasvirlashga yoki taqqoslashga undang.
- Koʻchada sayr qiling va har bir uy yoki kvartalda tartib raqamlari borligini koʻrsating. Bir uy bilan ikkinchi uy oʻrtasidagi qadamlarni hisoblang.
- Bolangizning boʻyini oʻlchash uchun oʻsish jadvali yoki devorga belgi qoʻyishdan foydalaning va bolangizga nima qilayotganingizni tushuntiring.
- Farzandingizni ovqat pishirishga jalb qiling. Farzandingiz solish, quyish, toʻldirish va aralashtirishda yordam berishi mumkin. Bu bolangiz hisoblash, oʻlchash, qoʻshish va baholash kabi tushunchalar bilan tanishishiga yordam beradi.
Oʻyin uchun gʻoyalar
- Ochiq havoda sayr qiling. Bolangiz barglar, tayoqlar, toshlar va boshqa tabiiy ashyolarni yigʻishiga ruxsat bering. Farzandingiz ularni kattaligiga, rangiga, shakliga yoki nimaga moʻljallanganiga qarab guruhlarga ajratishi mumkin.
- Qoʻshiqlar kuylang va raqamlari takrorlanadigan, qofiyali va ritmli kitoblarni oʻqing. Bu bolangizga oʻzaro bogʻlliqlikni tushunishga yordam beradi.
- Maktabgacha yoshdagi bolalar bilan oddiy stol oʻyinlari, boshqotirma oʻyinlar, shakllar va raqamlar bilan jumboqlar oʻynang, masalan, “chertish” yoki mos keladigan juftlikni topish oʻyinini oʻynang.
- Maktabgacha yoshdagi bolalar bilan “Men razvedkachiman”, hakalak, kegli va “Janob boʻri, soat necha boʻldi?” kabi oʻyinlarni oʻynang.
- Har xil tezlikda musiqa chaling yoki kuylang. Farzandingiz sekin yoki tez qoʻshiq sadolari ostida raqsga tushishi, sakrashi, musiqa asboblarini chertishi mumkin. Bolalarbop sheʼrlarni astalik bilan ayting, soʻngra tezlashing.
- Oʻyinchoq mashinalar bilan poyga uyushtiring va qaysi biri birinchi, ikkinchi yoki uchinchi kelgani haqida gapiring.
- Farzandingiz sevimli oʻyinchoqlarini kichigidan kattasiga yoʻnalishda tartiblashiga yordam bering.
Bolalar biror narsaga qiziqqanlarida yaxshiroq oʻrganadilar. Agar farzandingiz oʻzi qiziqadigan ish bilan shugʻullansa, oʻynayotgan payti matematik tushunchalarni ishlatishingiz va unga oʻrgatishingiz mumkin. Bola sevadigan narsalar dinozavrlar, qoʻgʻirchoqlar, mashinalar, binolar, hasharotlar yoki boshqa narsalar boʻlishi mumkin.
Kitoblardan foydalanish va oʻqish
Uyingizdagi yoki kutubxonangizdagi kitoblardan matematika boʻyicha gʻoyalar toping. Hisoblash, oʻlchov, shakl va boshqa matematik tushunchalarni oʻz ichiga olgan koʻplab kitoblar bor. Reklama varaqalari yoki kataloglarida ham juda koʻp sonlar, oʻlchamlar bor (kichkina koʻylak, kattaroq koʻylak, qaysi oʻlchamda?).