Farzandingizning xatti-harakatlarini boshqarish uchun taymaut (tanaffus)dan foydalanish
Taymaut nima degani?
Bu yerda taymaut, yaʼni “tanaffus qilish” bolangizni qiziqarli mashgʻulotlardan uzoqlashtirish va qisqa vaqt davomida bolangizga eʼtibor bermaslikni anglatadi.
Agar farzandingiz oʻzini nomaqbul tutsa, taymaut bu farzandingizning xatti-harakatlarini boshqarishga yordam beradigan strategiyadir.
Taymaut agar ota-ona va bola oʻrtasidagi iliq, xavfsiz munosabatlarda boshqa yoʻl-yoʻriqlar bilan birga ishlatilsa yaxshi natija beradi. Masalan, qiyin xatti-harakatlarning oldini olish (chalgʻituvchi vositalardan foydalanish, bolangiz uchun yetarli) hisoblanadi.
Taymaut qanday ishlaydi?
Taymautdan samarali foydalanish, bolalardagi nomaqbul xatti-harakatlarni yoʻqotish usulidir. Biroq, uni notoʻgʻri ishlatish ham mumkin. Ushbu tavsiya sizga taymautdan oʻz oʻrnida foydalanishni oʻrgatadi.
Yosh bolalar ham oʻzlarini yaxshi tutmasa qisqa vaqt ichida boshqa odamlar va qiziqarli narsalar ichida boʻlish imkoniyatidan mahrum etilishlarini tushunishlari kerak. Taymautni qoʻllashingiz bolangizga keyingi safar nima qilish mumkin emasligini bildiradi. Undan foydalanish bolalarni tarbiyalashda gʻazab, uyaltirish yoki qoʻrquvga olib kelishi ehtimoli kamroq.
Agar bolangiz bilan oʻtkazadigan vaqtingiz zavqli, sizning xatti-harakatingiz bolangizning yoshiga mos keladigan boʻlsa, baʼzi xatolarni tuzatib olishda taymaut yaxshi ish beradi. Agar farzandingizning xatti-harakati yoki hayotingizdagi boshqa narsalar bolangiz bilan oʻtkazadigan vaqtingizga taʼsir qila boshlasa, u holda shifokoringiz yoki boshqa mutaxassis bilan maslahat qilganingiz maʼqul.
Tinch vaqt va taymaut
Taymaut strategiyasining ikki turi mavjud – tinch vaqt va taymaut.
Tinch vaqt
Bu siz bolangizni joydan emas, balki vaziyatdan olib chiqishingizni bildiradi. Masalan, agar siz parkda boʻlsangiz, bolangizdan daraxt tagida besh daqiqa oʻtirib tinchlanishini soʻrashingiz mumkin. Agar siz uyda boʻlsangiz bolangizdan siz bilan stulga oʻtirib tinchlanishini soʻrang. Agar farzandingiz xonada jim oʻtirmasa siz boshqa xonada taymaut usulini qoʻllab koʻring.
Taymaut
Bolangiz notoʻgʻri xatti-harakatlaridan soʻng oldindan taymaut uchun ajratilgan joyga, masalan, maxsus ajratilgan xona yoki daxlizga olib borilishi mumkin. Taymaut odatda xavfsiz, oʻyinchoqlarsiz, zerikarli xona boʻlgan joydir.
Siz ushbu ajratilgan xonaning eshigini ochiq qoldirishingiz mumkin. Lekin agar siz aytmasdan oldin bolangiz chiqib ketadigan boʻlsa siz taymaut tugagunga qadar eshikni yopsangiz boʻladi. Bu sizning farzandingiz bilan har qanday “janjal”ni toʻxtatishga yordam beradi.
Agar bolangiz maʼlum bir vaziyatda baland ovozda xarxasha qilib, tajovuzkor xatti-harakatlar qilsa taymaut vaqtida eshikni yopish eng yaxshi tanlovdir. Agar siz taymaut vaqtida bolangizni nazorat qilishingiz kerak boʻlsa, unda eshikni ochiq qoldiring.
Esda tuting: taymaut bu – tarbiyaning eng yaxshi usuli emas. Baʼzida salbiy xulq-atvor bolangiz oʻzini yaxshi his qilmaganidan, oilangizda inqiroz maʼnaviy yuzaga kelganidan yoki boshqa sabablar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Farzandingizga usul qoʻllashda shuni eʼtiborga oling.
Oilangizda taymaut strategiyasini joriy etish
Taymaut strategiyasini ishlatishni boshlashdan oldin oʻylash kerak boʻlgan baʼzi narsalar.
Sizning xotirjamlikni saqlash strategiyangiz qanday?
Birinchidan, taymautdan foydalanganda xotirjamlikni saqlash tavsiya etiladi. Agar siz oʻzingizni stressda his qilsangiz ruhiy holatingizni tinchlantirish uchun bir necha marta chuqur nafas olishga harakat qiling.
Farzandingiz necha yoshda?
Taymaut odatda 3 dan 8 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun foyda berishi mumkin. Uch yoshgacha boʻlgan bolalar odatda taymautga tayyor boʻlmaydi. Ular uchun boshqa usullardan foydalanish tavsiya etiladi.
Farzandingiz ulgʻaygani sayin siz uni chegaralar va qoidalarni ishlab chiqishga jalb qila boshlaysiz.
Qaysi vaqtlarda nima qilasiz?
Baʼzan bolalar oʻz hayotlarida oʻzgarishlar boʻlganida oʻzini boshqacha tuta boshlaydi. Masalan, akasi yoki singlisining tugʻilishi, yangi uyga koʻchib oʻtishi, bolalarni parvarish qilishga, maktabgacha yoki maktab taʼlimiga jalb qilinishi tufayli. Bunday holatlarda, siz bolangiz oʻzgarishlarga moslashishga vaqt topguncha kutishingiz va ijobiy xulq-atvorni ragʻbatlantirishning boshqa usullari haqida oʻylashingiz kerak.
Qaysi xatti-harakatlar ustida ishlashni xohlaysiz?
Farzandingizning xatti-harakatida nimalarni oʻzgartirmoqchi ekaningiz haqida oʻylab koʻring. Masalan, urish yoki ovozni baland qilish. Shuni yodda tuting, bir vaqtning oʻzida bitta xatti-harakatni oʻzgartirish ustida ishlash yaxshi. Qachonki siz maʼlum bir salbiy xatti-harakat tuzatilishiga erishsangiz ushanda boshqa xatti-harakatlar ustida ishlashni boshlang. Masalan, oʻyinchoqlarni otish xatti-harakatiga barham bergach ularni joyiga qoʻyishni oʻrgatish.
Farzandingizning taymauti yoki tinch vaqtlari qancha davom etadi?
Samarali boʻlishi uchun ular uzoq davom etishi shart emas. Masalan: bir yoshli bola uchun bir daqiqa, uch yoshli bola uchun maksimal uch daqiqa, 5–8 yoshli bolalar uchun maksimal besh daqiqa.
Farzandingizga taymaut berishdan oldin unga ogohlantirish berasizmi?
Bu vaziyatga va bolangizga bogʻliq. Taymautni qoʻllashdan oldin bolangizga xatti-harakatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berishingiz mumkin. Ammo urish, tishlash kabi qoʻpol xatti-harakatlar uchun bir zumda taymaut qaroriga kelishingiz ham mumkin.
Agar siz taymautdan oldin ogohlantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan boʻlsangiz, lekin bolangizning xatti-harakati oʻzgarmasa, albatta taymautni qoʻllang. Aks holda, taymaut foyda bermaydi.
Taymautni qanday tushuntirasiz?
Agar siz ilgari ushbu strategiyani ishlatmagan boʻlsangiz, qanday xatti-harakatlar taymautga olib kelishi va nima boʻlishini tushuntirishingiz kerak. Bu suhbatni oʻtkazish uchun eng yaxshi vaqt bu – ikkalangiz ham oʻzingizni xotirjam his qilgan vaqtdir. Yosh bolalar ularning salbiy xulq-atvori va taymaut oʻrtasidagi bogʻliqni anglab yetishlari lozim.
Kichik bolalarga ushbu holat haqida oʻyinchoqlar orqali tushuncha berishingiz mumkin.