Bolaning tarbiyasini buzmang!
Hayotining dastlabki bir necha oylarida chaqaloqning siz bilan muloqot qilish (ovoz va teginish orqali) ehtiyoji juda katta boʻladi. Unga javob qaytarish orqali siz yomon odatlarni shakllantirmaysiz, aksincha, chaqaloqqa tanishlik, oldindan bilish hissini berasiz, bu esa uni tinchlantiradi. Agar farzandingizning ehtiyojlariga xotirjam va muntazam javob qaytarsangiz, u xavfsizlikni va oʻziga ishonchni his qiladi va sizga ishonishni boshlaydi.
Body
Ehtiyojlariga doimiy va aniq javob qaytarilmaydigan chaqaloqlar, ularni ifodalab berish uchun yetarli darajada malakaga ega emasliklarini va tarbiyachilariga ishonib boʻlmasligini his qiladi. Yigʻlayotgan yoki xafa boʻlgan bolaga eʼtibor bermaslik kutilgan natijaga olib kelmaydi. Chaqaloq oʻsha paytda yigʻlashdan toʻxtashi mumkin, lekin aslida haddan tashqari qoʻrqib ketadi, chunki hali qanday tinchlanishni bilmaydigan paytda buni mustaqil bajarishiga toʻgʻri keladi.
Shuning uchun:
- bolani koʻtaring va unga jismonan yaqin boʻling, ayniqsa, ilk kunlarda;
- har safar chaqaloq yigʻlaganda ovoz va teginish bilan javob qaytaring;
- har safar chaqaloq gapirganda yoki tabassum qilganda u bilan gaplashing, tovushlarini takrorlang va siz bilan koʻz orqali aloqa qilishini ragʻbatlantiring;
- chaqaloq biror narsaga qiziqishini xatti-harakati orqali bildirsa, u nima qilayotganini ayting va uni muvaffaqiyatga undang;
- chaqaloq bezovta boʻlganda u sizning ovozingiz, teginishingiz, harakatlaringiz bilan tinchlanishi mumkinligini koʻrsating;
- chaqaloq quvongan paytda u bilan tabassum qiling va ovozingiz hamda yuz ifodangiz orqali xursand ekaningizni koʻrsating;
- chaqaloq charchaganda teginish va ovoz ohangi yordamida uni tushunishingizni va u siz bilan dam olishi, uxlashi mumkinligini koʻrsating.