Beshinchi-oltinchi oylar – jadal tadqiqot davri

Qaniydi, sizga aytolsam... “Qarang, men nimalar qila olaman! Qornimdan orqamga va orqamdan qornimga agʻdarilishim mumkin. Chalqancha yotgan holda oʻzimga qiziq tuyulgan narsani olishim mumkin. Uni bir qoʻlimdan ikkinchi qoʻlimga olib, ogʻzimga solaman. Bularning barchasi yangi narsalarni kashf qilishimga imkon beradi va meni juda xursand qiladi. Yangi harakatlarni bajara olayotganimni koʻrganingizda, men bilan oʻynaganingizda yanada quvonaman. Bu sizga ham yoqadi, chogʻi. Chunki siz ham qiziqayotgandek koʻrinasiz va menga qarab jilmayasiz. Nimani koʻrayotganimni yoki ushlayotganimni aytib, quvonchimga sherik boʻlasiz. Men sizga tovushlar chiqaraman va siz javob berasiz. Haqiqatan ham vaqtni birga yaxshi oʻtkazamiz”.

    Besh oydan olti oygacha boʻlgan davrda bolaning rivojlanishi

         Muloqot

Nima yangiliklar?

Ushbu oylarda farzandingiz siz bilan jadalroq muloqot qilayotganini koʻrasiz. Uning gugulashi, chugʻurlashi, tovushlar chiqarishini eshitasiz (koʻpincha “aaaa” va “eeee” kabi unli tovushlar...) Ammo endi u soʻzlarga oʻxshash tovushlarni chiqarishi mumkin (ba-ba, ga-ga). Koʻpincha bu unga aytgan soʻzlaringizga javob boʻladi. Farzandingiz siz chiqaradigan tovushlarga va yuzingizdagi ifodalarga taqlid qilishga urinishi ham mumkin. Va nihoyat shu vaqt ichida u baʼzi bir soʻzlarni, masalan, ismini yoki “yoʻq” soʻzini tanib, ularga javob berishni oʻrganadi.

Qanday yordam bera olasiz?

Siz kundalik yumushlarni bajarish chogʻida juda koʻp narsalarni qila olasiz. Unga gapirganizda yoki uni tinglayotganingizda bolaning koʻzlariga boqing, oʻzaro muloqotni ragʻbatlantiring. Uni tabassum bilan yoki u chiqargan tovushlarni takrorlash bilan ragʻbatlantirsangiz, oʻrtangizdagi muloqot yanada koʻproq davom etadi.

Farzandingiz bilan har kuni gaplashing. Muloqotni turli usullar bilan ragʻbatlantiring – unga qoʻshiq kuylab bering, u bilan jurnallardagi rasmlarni tomosha qiling, doʻkon oynalaridagi narsalarga ishora qiling va ularni taʼriflab bering, kitoblarni ovoz chiqarib oʻqing yoki unga hikoyalar aytib bering, qiziqarli tovushlar chiqaring (mushuk “miyov”, sigir “moooo” deydi!). Farzandingiz biron-bir narsaga qaraganida u koʻrayotgan narsalar haqida gapiring. Emizishga tayyorgarlik koʻrayotganda yoki ovqat tayyorlash paytida bolangizga gapiring (“Endi men senga meva beraman”); bu – bolani biroz kutish va sabr qilishga oʻrgatishning bir usuli. Soʻzlar koʻp jihatdan yordam beradi!

Hissiyotlar

Nima yangiliklar?

Ushbu davrda aksariyat chaqaloqlar tanish odamlarni, ota-onasi, oilaning boshqa aʼzolari, tanish tarbiyachisi kabilarni taniy boshlaydilar. Ular bilan muloqotdan bahra oladilar. Chaqalogʻingiz taskin va yordam istasa, mana shu xos odamlarga (oʻziga tegishli oila aʼzolariga) ishonishni oʻrganmoqda. U kim tanish va kim notanish ekanini biladi – hatto yangi odamlardan qoʻrqishini ham koʻrsatishi mumkin. Chaqalogʻingiz his-tuygʻularni aniq ifodalash uchun tovushlardan foydalana oladi. U quvonch va baxtni qichqiriq yoki boshqa zavqli tovushlarni chiqarish orqali namoyish etadi. Va u qattiq norozilik, gʻazab yoki eʼtirozni koʻrsatish uchun tovushlardan foydalanishga qodir.

Qanday yordam bera olasiz?

Farzandingizga hissiy yordamingiz zarur. Shuning uchun ayniqsa atrofida notanish boʻlganida bolaning yonida boʻlishingiz muhim. Unga yaqin boʻling, uni quchogʻingizda tuting, unga tabassum qiling va u yangi odamlar bilan tanishayotganda unga taskin beruvchi ovozda gapiring. Shunda goʻdak yangi aloqalarni oʻrnatishda oʻzini yanada xavfsiz his qiladi. Farzandingizning kayfiyatini tushunishga harakat qiling. U xursand boʻlsa, mashgʻulotni davom ettiring. Agar xafa boʻlsa, tanaffus qiling va uni yupating.

Tafakkur qilish

Nima yangiliklar?

Bolaning jadal izlanishlari fikrlash qobiliyati rivojlanishiga yordam beradi. U atrofidagi narsalarga va manzaralarga qiziquvchanlik bilan qaraydi. Agar biror narsa unga tushunarsiz boʻlsa, u yanada koʻproq narsalarni oʻrganishga harakat qiladi. U narsalarni bir qoʻldan ikkinchisiga olish va ogʻziga solish orqali oʻrganishni boshlaydi.

Qanday yordam bera olasiz?

Farzandingiz mustaqil ravishda kashf qilishning koʻplab usullarini topadi, lekin siz unga oʻyinchoqlar yoki boshqa narsalardan foydalanishning turli xil, qiziqarli usullarini, masalan, qoʻldan qoʻlga olish, silkitish, taqillatish, surish va uloqtirish kabilarni koʻrsatishingiz mumkin. Farzandingiz narsalarni ogʻziga solib tekshirib koʻrayotganda xavfsizligiga eʼtibor bering.

Shuningdek, koʻzgu oldida faol oʻyinlarni sinab koʻrishingiz mumkin, bu yangi bolaning yangi qirralarini ochadi!

Farzandingiz biron-bir narsani tushirib yuborsa, uni olib, bolaga qaytarib bering. Bu sabab va oqibatlarni (“agar men buni qilsam, shunday boʻladi) bilishga yordam beradi va bola tevarak-atrof haqida qanday oʻylash kerakligini oʻrganadi.

Harakatlar

Nima yangiliklar?

Ushbu davrda farzandingiz boshini mustaqil koʻtarishi va tutib turishi mumkin. Ehtimol, yordamingiz bilan mustaqil oʻzi oʻtira olishi ham mumkin. U bir tomondan ikkinchi tomonga oʻgiriladi. Bularning barchasi farzandingizga dunyoga yangicha nuqtayi nazar bilan qarash imkonini beradi – endi u chalqancha yotganida koʻrmaydigan narsalarni koʻradi. Endi oʻz holatini oʻzgartirishi mumkinligi sababli atrofdagi tobora koʻproq narsalarga qiziqishi oshaveradi. Goʻdak atrofini oʻrab turgan narsalarga diqqat bilan qaraydi, agar ular harakatlansa, ulardan koʻzlarini uzmay diqqat bilan kuzatadi. Bu davrda u narsalarga qoʻl uzatish qobiliyatini ham rivojlantiradi, ularni ushlagach, ogʻziga solib yoki bir qoʻldan ikkinchi qoʻlga olib oʻrganishdan zavqlanadi.

Qanday yordam bera olasiz?

Har kuni farzandingiz bilan yerda oʻynang. Chaqalogʻingiz atrofni va oʻz atrofidagi qiziqarli narsalarni oʻrganishi uchun muntazam va juda koʻp imkoniyat bering. Uni turli holatlarda yotqizing, atrofni har xil holatlarda koʻrsin. Farzandingizning sevimli buyumini qoʻli salgina yetmaydigan joyga qoʻyishingiz va uni olishga undashingiz mumkin. U yana qanday xavfsiz, oddiy narsalarni oʻrganishi mumkinligini oʻylab koʻring. U nimani koʻtarishi, nimaga tegishi va aylantirib koʻrishi mumkin? Bularning barchasi uning harakalanishini rivojlantirib, dunyoni oʻrganish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Oʻyin orqali bola rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashning koʻplab boshqa usullarini bilish uchun “Birgalikda oʻynaymiz” boʻlimiga oʻting.

Ota-onalarning bola 5 oydan 6 oygacha boʻlgan davrdagi rivojlanishidan xavotirlari

Har bir bola oʻziga xos tarzda rivojlanib borgani sababli farzandingiz qachon yoki qanday qilib maʼlum bir malakani takomillashtirishini aniq taxmin qilish mumkin emas. Ushbu davrda kutilgan va sanab oʻtilgan qobiliyatlar (rivojlanish bosqichlari) bolangiz oʻsishi va kutishingiz mumkin boʻlgan oʻzgarishlar haqida umumiy maʼlumot beradi, xolos. Uning rivojlanishi biroz boshqacharoq kechsa, tashvishlanmang.

Ammo bolangizda rivojlanishning kechikishiga oid quyidagi alomatlar kuzatilsa, farzandingiz ilgari egallagan baʼzi koʻnikmalarini yoʻqotib qoʻygandek boʻlsa yoki tashvishlanishning boshqa sabablari mavjud boʻlsa, pediatringiz [yoki boshqa tibbiy yordam koi boshqa tibbiy yordam koʻrsatuvchi] bilan suhbatlashing. 

Xavotir olishning boshqa sabablari:

  • farzandingiz muntazam ravishda va uzoq vaqt yigʻlasa, uni ovutishning imkoni boʻlmasa;
  • koʻzingizga qaramasa yoki narsalarni kuzatmasa;
  • ovoz manbai tomon burilmasa va gapirmasa;
  • kulgi yoki qichqiriq tovushlarini chiqarmasa;
  • agʻdarilmasa;
  • boʻyni va boshini boshqara olmasa,
  • hatto sizning yordamingiz bilan ham oʻtirolmasa;
  • ragʻbatlantirsangiz ham, narsalarga choʻzilmasa, qoʻlini uzatmasa;
  • qoʻli yetadigan masofadan narsalarni olishga harakat qilmasa;
  • narsalarni ogʻziga qiyinchilik bilan olib borsa. ​
References and comments

Reference:

https://raisingchildren.net.au/babies/development/development-tracker-3-12-months/5-6-months

https://raisingchildren.net.au/babies/development/development-tracker-3-12-months/6-7-months

Laura E. Berk (2006), Child development (7ht edition), Allyn & Bacon

Dr sci Nirvana Pištoljević (2016), Rani razvoj deteta: šta treba znati, Udruženje pedijatara Srbije, Beograd.