Uchinchi-toʻrtinchi oylar – turli-tuman taassurotlar
Uchinchi oydan toʻrtinchi oygacha boʻlgan davrda bola rivojlanishi
Muloqot
Nima yangiliklar?
Dastlabki ikki oyda bir-biringizni bilib oldingiz va kun tartibini birgalikda oʻrnatdingiz. Endi siz farzandingiz muloqot qilishning yangi usullarini oʻzlashtiryotganini, oʻz his-tuygʻularini jadalroq oʻrganayotganini koʻrasiz. Yigʻlash hali ham uning eng muhim ishorasi boʻlsa-da, qattiq yigʻlash davri asta-sekin oʻz nihoyasiga yetadi, chunki farzandingiz endi siz bilan har xil yoʻl va usullarda muloqot qilishga harakat qiladi. Masalan, u oʻziga yoqqan narsani koʻrsa yoki undan foydalansa, tabassum qiladi, hatto baland ovozda kuladi. U sizga “aaaah” kabi unli tovushlar chiqarib javob berishga harakat qiladi! U tovush chiqarishni yaxshi koʻradi, shuning uchun yolgʻiz qoldganida ham gugulayveradi. Baʼzan hatto eshitgan tovushiga taqlid qiladi. U hozir haqiqatan ham muloqot qilmoqda!
Qanday yordam bera olasiz?
Uni koʻtarib bagʻringizga oling, u bilan xush kayfiyatda gaplashsangiz, diqqat bilan tinglaydi va baʼzan ovoz tovushlaringizni takrorlashga harakat qiladi. Shuning uchun buni tez-tez bajaring. Bolangiz bilan gaplashing va uning javobini albatta tinglang. Bolangiz tovushlar chiqarganida uni tinglashdan juda xursand ekaningizni koʻrsating. Bolalar ularning baʼzi tovushlaridan kattlar nusxa koʻchirganlarini eshitib zavqlanadilar. Kichkintoyingizga qoʻshiq kuylash, ertak aytib berish yoki kitob koʻrsatishga kun davomida vaqt ajrating.
Hissiyotlar
Nima yangiliklar?
Farzandingiz chehralardan hayratda qolishda davom etmoqda. Bola ularni diqqat bilan va uzoq vaqt kuzatishi mumkin. U sizga juda qiziqadi – tabassumingizga taqlid qilishi va hatto qoshlarini chimirishi mumkin. Taxminan shu davrda u soʻzlaringiz va yuz ifodangizni oʻzaro bogʻlay boshlaydi. Endi u oʻziga qaraydigan odamlarning ovozini ham taniy oladi, ularni eshitganda boshini oʻgiradi. Bu davrda u odamlarga beixtiyor tabassum qilganini koʻrasiz. Farzandingiz odamlar bilan oʻynashni yaxshi koʻrishini sezasiz. Hozir uning sevimli oʻyinchoqlari – odamlar deyish mumkin!
Qanday yordam bera olasiz?
Unga gapirayotganda yoki uni tinglayotganingizda doimo koʻzlariga boqing. Yuz ifodalaringizni tomosha qilishi uchun koʻp imkoniyat bering. Unga tabassum qiling va taqlid qilishini yoqtirayotganingizni koʻrsating. Farzandingizni koʻtaring, quchoqlang, erkalang, unga tabassum qiling, u bilan bolalarcha gaplashing, qoʻshiq ayting va unga har doim diqqat-eʼtiborli boʻling. Farzandingizni nima xushnud etishiga eʼtibor bering va uning ehtiyojlarini qondiring. Shu bilan siz uni xursand qilasiz.
Tafakkur qilish
Nima yangiliklar?
U oʻz qoʻllari bilan dunyoni oʻrganishni xohlaydi. Bu davrda u atrofdagi narsalarga qoʻl uzata boshlaydi va ushlagan narsalarini ogʻziga solishga harakat qiladi. Farzandingiz qoʻllari va barmoqlaridan koʻproq foydalangani sababli siz uning qoʻllariga hayrat bilan tikilib turganini va koʻpincha ularni oʻzining eng qiziqarli oʻyinchoqlari deb bilayotganini koʻrishingiz mumkin. Ushbu davr mobaynida u qarash orqali oʻrganadi. Koʻzlari harakatlanuvchi narsalarni kuzatib boradi. Albatta, u odamlarning yuzlarni yoqtiradi, ularni tomosha qilib oʻrganadi. U odamlarni, shuningdek, tanish narsalarni nafaqat yaqin boʻlganida, balki endi ular uzoqroqda turganida ham taniy boshlaydi.
Qanday yordam bera olasiz?
Unga turli xil shakl, tuzilish va rangdagi xavfsiz narsa-buyumlarni oʻrganish imkoniyatini bering. U bu narsalarni bemalol tadqiq etsin. Bola narsalarni ushlab va mazasini tatib koʻrib zavqlansin. Qoʻllariga qiziqarli narsalar tuting, ularni ushlab turishiga yordam bering. Bekinmachoq (aji-aji) oʻyinlarni oʻynang.
Harakatlar
Nima yangiliklar?
Uchinchi va toʻrtinchi oy davomida farzandingiz bosh harakatlarini yaxshiroq boshqara olishi mumkinligini sezasiz. Uni quchoqlaganingizda yoki yotqizganingizda boshini tutib turish shart emas. Farzandingiz harakatlanishning turli usullarini oʻrganmoqda. Uni qorni bilan yotqizsangiz, boshini koʻtarishi va qoʻllari bilan oʻzini tutib turishi mumkin. Endi u qornidan orqasiga agʻdarila oladi. Nafaqat oʻyinchoq yoki boshqa narsalarni ushlab turishi, balki biron narsani silkitib, oldida osilib turgan narsaga qoʻl uzatishi ham mumkin.
Qanday yordam bera olasiz?
Kichkintoyga oʻz tanasini turli usulda ishlatishi uchun koʻp imkoniyat bering. U bilan birga yerda oʻtiring va oʻynang. U ushlab turadigan va oʻrganishi mumkin boʻlgan oddiy kundalik narsalarni toping. Farzandingiz ogʻzi bilan oʻrganishi kerak, ammo bu jarayon xavfsiz boʻlishi shart. Boʻgʻilishiga, tiqilib qolishiga olib kelishi mumkin boʻlgan mayda narsalardan ayniqsa ehtiyot boʻling.
Oʻyin orqali bola rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashning koʻplab boshqa usullarini bilish uchun “Birgalikda oʻynaymiz” boʻlimiga oʻting.
Ota-onalarning bola uch oyligidan toʻrt oyligigacha davrda rivojlanishidan xavotirlari
Har bir bola oʻziga xos tarzda rivojlanib borgani sababli farzandingiz qachon yoki qanday qilib maʼlum bir malakani takomillashtirishini aniq taxmin qilish mumkin emas. Ushbu davrda kutilgan va sanab oʻtilgan qobiliyatlar (rivojlanish bosqichlari) bolangiz oʻsishi va kutishingiz mumkin boʻlgan oʻzgarishlar haqida umumiy maʼlumot beradi, xolos. Uning rivojlanishi biroz boshqacharoq kechsa, tashvishlanmang.
Ammo bolangizda rivojlanishning kechikishiga oid quyidagi alomatlar kuzatilsa, farzandingiz ilgari egallagan baʼzi koʻnikmalarini yoʻqotib qoʻygandek boʻlsa yoki tashvishlanishning boshqa sabablari mavjud boʻlsa, pediatringiz [yoki boshqa tibbiy yordam koʻrsatuvchi] bilan suhbatlashing.
Xavotir olishning boshqa sabablari:
- farzandingiz tez-tez va koʻp yigʻlasa, ovunmasa;
- koʻzingizga qaramasa yoki odamlarning chehrasiga eʼtibor bermasa;
- harakatlanayotganda narsalarga qaramasa;
- hech qanday tovush chiqarmasa yoki tovushlarga javob bermasa;
- boshini barqaror ushlab turolmasa;
- oldida turgan oʻyinchoq yoki narsaga intilmasa;
- ogʻziga narsalarni olib kelmasa.
Reference:
https://raisingchildren.net.au/babies/development/development-tracker-3-12-months/3-4-months
https://raisingchildren.net.au/babies/development/development-tracker-3-12-months/4-5-months
Laura E. Berk (2006), Child development (7ht edition), Allyn & Bacon
Dr sci Nirvana Pištoljević (2016), Rani razvoj deteta: šta treba znati, Udruženje pedijatara Srbije, Beograd.