Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarning taʼlim-tarbiyasi

Farzandingiz tugʻilishidanoq xavfsiz va ragʻbatlantiruvchi muhitda oʻynab, tadqiq qilib oʻrganadi. Bolangiz oʻzaro aloqalar orqali muloqot, fikrlash va muammolarni hal qilish koʻnikmalarini oʻrganadi. Bola qoʻllab-quvvatlashingiz va ragʻbatlantirishingiz yordamida taʼlim jarayonida qatnashish, faol oʻynash va turli mashgʻulotlarni sinab koʻrish orqali juda koʻp narsalarni oʻrganadi.
Body

Ilk yoshdagi bolalarning taʼlim-tarbiyasi

Chaqaloqlar oʻrganishga tayyor boʻlib tugʻiladi va ularning miyasi oʻsish jarayonida rivojlanadi. Oʻyin orqali taʼlim-tarbiya faoliyatini tashkil qilish uchun bolaga ragʻbatlantiruvchi muhit kerak. Tugʻilgandan boshlab chaqaloq unga gʻamxoʻrlik qiladigan, hayotidagi eng muhim odamlar bilan iliq va samimiy munosabatda boʻlsa, uning oʻrganishi oson kechadi. Oʻz farzandlari uchun ota-onalar – birinchi pedagoglar hisoblanadi. Farzandingizda oʻyin orqali dunyoni tadqiq qilish va bilish istagini uygʻoting va ragʻbatlantiring, unga oʻrnak boʻling.

Mehribon yaqinlari orasida oʻsib-ulgʻayayotgan bola sizdan boshqalarga nisbatan oʻzaro tushunish, hamdardlik va mehribonlikni oʻrganishda davom etadi.

Kichkintoylar qanday oʻrganadi?

Farzandingiz nafaqat passiv oʻtirish, balki atrof-muhit bilan faol shugʻullanish orqali yaxshiroq oʻrganadi. Bu quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • qiziqarli voqealarni, harakatni kuzatib boradi va qarindoshlarning ovozini eshitadi;
  • tovushlarni tinglaydi, ovoz chiqaradi va qoʻshiq aytadi;
  • atrofdagi narsalarni tekshirib koʻradi, masalan, narsalarni tishlab koʻradi, oʻyinchoqlarni ogʻziga soladi (xavfsizlik haqida unutmang!), ularni silkitadi va aylantiradi;
  • har bir sodir boʻlayotgan narsaga qiziqish bildiradi, keyinchalik “Nima uchun?”, “Nega?” kabi savollar beradi;
  • paypaslash orqali oʻyinchoqlarning teksturasini tekshiradi – silliq, dagʻal, sirgʻanchiq, yumshoq, momiq;
  • uning barcha sezgilarini – teginish, taʼm, hid, koʻrish va eshitishni qoʻzgʻatadigan narsalarni bajarib koʻradi.

Farzandingiz oʻz taʼlimida bevosita ishtirok etganda taʼlim-tarbiya jarayoni samaraliroq boʻladi. Masalan:

  • oʻqish uchun kitob tanlaydi;
  • kitoblardagi rasmlarni koʻrsatadi va illyustratsiyalarga qiziqish bildiradi;
  • oʻynamoqchi boʻlgan predmet va oʻyinchoqlarini tanlaydi;
  • ovqat tayyorlashda ishtirok etadi, yaʼni kechki ovqat uchun sabzavotlarni tanlaydi yoki keks va boshqalar uchun masalliqlarni aralashtirishga yordam beradi.

Bolaga turli xil kundalik ishlarni (uyda, koʻchada, faol, xotirjam va hokazo) bajarishga koʻrsatma bering, shunda u oʻz bilimlarini amalda qoʻllash va mustaqil ravishda atrof olamni oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladi. Shunday qilib, bolada “Men” konsepsiyasi shakllanadi.

Farzandingiz oʻrganish jarayonida sizning yordamingizga muhtoj. Masalan, baʼzida unga nima qilish kerakligini koʻrsatishingiz kerak boʻlishi mumkin, bu holatda maqtash va mukofotlash har doim ragʻbatlantiruvchi vosita boʻladi. Farzandingiz xato qilishi va dunyo qanday tuzilganini oʻzi bilib olishi ham katta ahamiyatga ega. Bu taʼlim-tarbiya jarayonining asosiy qismidir.

Bolani koʻp qirrali shaxs sifatida shakllantirishda oilaning oʻrni

Bola hayotining birinchi yillarida u qanday koʻnikma va bilimlarni egallashida oila muhim rol oʻynaydi. Ushbu tajribani oʻzlashtirish oz-ozdan har kuni sodir boʻladi.

Bolaning oilada kattalar munosabatlari orqali mehr-muhabbatni his qilishi muhimdir. Oila modeli va undagi munosabatlar bolaning shaxs sifatida shakllanishida juda katta koʻrsatkichdir.

Til va muloqot

Farzandingiz bilan gaplashganda va tinglaganingizda, birga oʻqiganingizda yoki qoʻshiq kuylaganingizda, siz unga til qanday ishlashini, yozma va ogʻzaki muloqotni tushunishga yordam berasiz, shuningdek, suhbatlashish koʻnikmalarini va muloqot madaniyatini shakllantirasiz. Masalan, u navbatma-navbat gapirishni va boshqalarni tinglashni oʻrganadi.

Joy, makon va atrof-muhit

Atrofdagi narsalarga eʼtibor qaratib, bola oʻlcham nima ekanini tushuna boshlaydi, masalan, “Men kursidan balandman, lekin stoldan baland emasman”. Shuningdek, u oʻz jamiyatidagi oʻrni va atrofidagi dunyoga taʼsiri haqida bilib oladi. Masalan, “Biz shu koʻchada yashaymiz, bogʻ u yerda, mening doʻstim esa koʻchaning narigi tomonida yashaydi” yoki “Oʻsimliklar men sugʻorishga yordam berganim uchun oʻsgan”.

Salomatlik va jismoniy tayyorgarlik

Farzandingiz uchun namuna boʻling: sogʻlom turmush tarzini olib boring va toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga rioya qiling. Agar ertalab yengil tamaddi oʻrniga toʻlaqonli nonushta qilsangiz, bolangiz ham ushbu xatti-harakatlar modelini oʻzlashtiradi.

Agar siz televizor koʻrishdan koʻra sayrga borsangiz, bolangiz mashqlar birgalikda vaqt oʻtkazishning yaxshi va qiziqarli usuli ekanini bilib oladi.

Hisoblash, oʻqish, yozish va musiqa mashgʻulotlari

Bolangizga hisoblashni oʻrgating. Oddiy misollardan boshlab, har kuni u bilan hisoblang: “Karavotda nechta ayiqcha bor?” yoki “Iltimos, qizil kiyim qisqichlarning hammasini shu savatga solgin. Qancha kiyim qisqich solding?” Farzandingiz bilan sanoq-ovutmachoqlarni oʻrganing va ularni kuylang.

Farzandingizning siz bilan birga oʻqishi va ertak aytib berishi, tovushlar va harflar bilan oddiy oʻyinlar oʻynashi, masalan, bir xil tovush bilan boshlangan soʻzlarni tinglashi, shuningdek, uning atrofidagi rasmlar, harflar va soʻzlarga (peshlavhalar, kitoblar va kataloglar) qarashi – bularning barchasi oʻqish va yozish koʻnikmalarini erta egallashga yordam beradi.

Farzandingizga yozuv malakalarini egallashga yordam bering, rasm chizish, bosma harflar bilan yozish, raqam va harf elementlarini yozish istagini qoʻllab-quvvatlang. Xarid qilish roʻyxatini tuzayotganda, oʻz roʻyxatini tuzishi uchun bolangizga qogʻoz va qalam bering. Yozish unga harflar va tovushlar talaffuzi oʻrtasidagi munosabatni tushunishga yordam beradi. Bolangiz bilan birga qoʻshiq ayting, raqsga tushishi uchun musiqa qoʻyib bering, musiqa asboblarini bering (improvizatsiya qilinganlar ham mos keladi), shuningdek, unga oʻzgartirishi mumkin boʻlgan kiyimlarni toping – bularning barchasi bolangiz musiqa, aktyorlik ijrosi va raqs nima ekanini tushunishi uchun ajoyib mashgʻulotlardir.

Farzandingizni oʻzi uchun yangi narsalarni sinab koʻrishga undang, shunda siz unga kimligi va nimalarni yaxshi bilishi haqida koʻproq bilib olishga yordam berasiz.