Ijtimoiy-hissiy rivojlanishni ragʻbatlantirish: uchinchi – oltinchi oylar (3–6-oylar)
Bolangiz yuzingizni koʻrishi, ovozingizni eshitishi va yaqinligingizni sezishi kerak
• Bolaga qarang, unga murojaat qilib gapiring, tana aʼzolari nomini ayting, kuylang, tabassum qiling. Yuz ifodangizni oʻzgartirib (kulish, xafa boʻlish, hayron boʻlish ifodalari) farzandingiz qanday qabul qilishini kuzating. Baʼzan ular sizga taqlid qiladi. Taglik almashtirish va ovqatlantirish kabi muntazam ishlar buning uchun qulay imkoniyat, uni boy bermang.
• Bola bilan gaplashganda va qoʻshiq aytganda ovozingizni eshitish farzandingizning miya hujayralari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishga yordam beradi. Ovozingiz bolangizni javoban xatti-harakatlar qilishga undaydi. Bolangiz sizni diqqat bilan kuzatishi, qiqirlab kulishi, ovozlar yoki tana harakatlari bilan javob berishi mumkin. Undan zavqlaning, bola sizning quvonchingizni his qiladi. Bundan tashqari, siz yoqimli musiqa chalishingiz mumkin, lekin u ovozingiz oʻrnini bosa olmaydi.
• Bolani bagʻringizga oling, siypalab, quchoqlang. Qoʻlingizda boʻlganda bola oʻzini yaxshi his qiladi va xavfsiz sezadi. Qoʻlga oʻrganib qolishidan qoʻrqmang. Bola siz bilan oʻzini xavfsiz his qiladi, demak, xotirjam va qiziquvchan, dunyoni va yangi taassurotlarni oʻrganishga yanada tayyor.
Bola ifoda etayotgan his-tuygʻularni kuzatib boring va ularga munosabat bildiring
• Bola sizning his-tuygʻularingizni va yaxshi koʻrishingizni anglaydi va ularga munosabat bildiradi. Ikkalasi ham – bolaning hissiy holatlari va sizning reaksiyangiz (javoban harakatingiz) bir butundir. Reaksiyalaringiz bola hissiyotlarining kuchini tartibga solishiga, bezovtalikni bartaraf etishiga va siz bilan munosabatlarda ishonch qozonishiga yordam beradi.
• Farzandingizga muloyimlik bilan va u qanday munosabat koʻrsatayotganiga qarab his-tuygʻularingizni ifoda eting. Bolada koʻrgan his-tuygʻularingizni (nimadan choʻchiydi, nimadan xursand boʻladi) eslab qoling. Bolangizga quvonchingizni namoyon eting va uni qanchalik yaxshi koʻrishingizni ayting.
• Farzandingiz sizga qarayotgani yoki intilayotganiga eʼtibor bering, chunki bu u siz bilan aloqada boʻlishni xohlaydi. Bunga javob bering. Javob harakatlaringiz bola oʻz xohishlarini tushunishiga va siz ham bunga qodir ekaningizni anglashiga yordam beradi. U oʻzini muhim, xavfsiz va sevikli his qiladi.
• Baʼzan farzandingiz yomon kayfiyatda boʻladi yoki huzursizlanadi. Bunday paytda yordam va qoʻllovingiz zarur. U vaziyatni yanada yengillashtirish yoki sabablarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Dadil va xotirjam ekaningiz, muloyim harakat va ovozingiz bola uchun oʻta ahamiyatlidir.