Temperament: bu nima va u nima uchun muhim?

Bolalar dunyoga oʻziga xos munosabat bilan tugʻiladi. Bu esa temperament deyiladi. Farzandingizning feʼl-atvorini tushunish uni tarbiyalash strategiyasini tanlashingizga yordam beradi.
Body

Temperament nima?

Temperament – bolalarning dunyoga munosabati.

Farzandingizning feʼl-atvorini u quyidagi uch fazilatni qanchalik koʻp yoki kam yuzaga chiqarishiga qarab bilishingiz mumkin:

  • Tezkor munosabat bolalarning hayajonli voqealar yoki oʻzi xohlagan narsaga erisha olmaslik kabi holatlarga qanchalik kuchli munosabatda boʻlishidir. Tezkor munosabatga ega kuchli his etish qobiliyatiga ega boʻladi.
  • Oʻz-oʻzini tartibga solish – bolalarning xatti-harakati, his-tuygʻularini koʻrsatish usullari va oʻz eʼtiborini qanchalik nazorat qila olishi, shuningdek, qay darajada qatʼiyatli boʻla olishidir.
  • Muloqotchanlik – bolalarning yangi tanishlar yoki tajriba orttirgan paytidagi qulaylik hissidir.

Har bir bola oʻziga xos feʼl-atvor bilan tugʻiladi va siz, ehtimol, farzandingizning tabiatini goʻdakligidanoq tasvirlab bera olarsiz. Masalan, “U juda yuvosh” yoki “Unga oʻz kun tartibi yoqadi”.

Farzandlaringiz bir-biridan keskin farq qilishi mumkinligi ularning feʼlidagi tafovutga bogʻliq. Masalan, bolalaringiz ozmi-koʻpmi reaktiv, oʻz-oʻzini tartibga soluvchi va muloqotga kirishimli boʻlishi mumkin.

Bola temperamentiga tarbiyani moslashtirish

Siz farzandingizning xarakterini oʻzgartira olmaysiz – u qanday boʻlsa, shundayligicha qoladi.

Ammo uning rivojlanishini ragʻbatlantirish uchun tarbiyani kichkintoyingizning temperamentiga moslashingiz, unga oʻz ijobiy tomonlarini yuksaltirishda yordam berishingiz mumkin. Bundan tashqari, bolaning temperamenti sabab unga murakkab koʻringan vaziyatlarni tushunib, ularni yengishni oʻrgata olasiz.

Bola temperamentiga tarbiyani moslashtirish borasida quyida bir nechta maslahatlar keltiramiz.

Koʻproq va kamroq reaktivli temperamentni tarbiyalash

Koʻproq reaktivli temperament

Agar farzandingizning reaktiv temperamenti koʻproq namoyon boʻladigan boʻlsa, biror yaxshi narsa sodir boʻlganida u, ehtimol, juda xursand boʻladi. Aksincha, biror narsadan norozi boʻlsa, masalan, istagiga erisha olmasa, ovozi balandlab ketadi va holatdan fojia “yasaydi”. Balki, bu toifadagi bolaga xotirjamroq munosabat bildirishni oʻrganishiga yordam berishingiz kerakdir. Masalan, oʻzini boʻsh qoʻyishni va gʻazabli his-tuygʻusini soʻz bilan ifodalashni oʻrgatish mumkin.

Reaktiv temperamenti koʻproq namoyon boʻladiganlar jismonan faoldirlar va ochiq havodagi oʻyinlar ulardan koʻproq vaqt talab qilishi mumkin. Yangi sport turlari bilan shugʻullantirish orqali siz, bolaningizning rivojlanishiga yordam bera olasiz. Ammo u oʻzini boʻsh qoʻyishi uchun ham koʻmakka muhtoj. Shu bois uyqudan oldin oʻzini boʻsh qoʻyishga oʻrgatish bola uchun foydali boʻlishi mumkin.

Kamroq reaktivli temperament

Reaktiv temperamenti kamroq yuzaga chiqadigan bola bilan odatda til topishish oson, u shiddatli boʻlmasligi mumkin. Bu bolaga oʻzini qanday himoya qilishni oʻrgatish kerak. Misol uchun, farzandingiz qizishib ketishi mumkin boʻlgan vaziyatlarni sezsangiz, uni bunday holatlarga boshqacharoq munosabatda boʻlishga oʻrgatishingiz mumkin.

Bundan tashqari, kamroq reaktivli temperamentdagi bolalarning oila davrasidagi muhokamalardan chetda qolmayotganiga ishonch hosil qilish kerak. Masalan, “Guli, sen koʻp gapirmading. Shu film tanlanganiga qarshi emasmisan?”

Reaktivligi past bolalar jismonan faol boʻlmasligi mumkin. Nofaol bola qoʻl mehnati yoki rasm chizish kabi mayda motorika koʻnikmalaridan foydalanish imkoniyatidan xursand boʻladi. Ammo siz undagi jismoniy faollikni ragʻbatlantirishingizga toʻgʻri keladi. Masalan, uni kollajga kerakli barg yigʻish uchun bogʻga olib boring. Yoki kutubxonaga transportda emas, birgalikda piyoda borish mumkin.

Oʻz-oʻzini koʻproq va kamroq tartibga soluvchi temperamentlarni tarbiyalash

Oʻz-oʻzini koʻproq tartibga soluvchi

Oʻzini idora qila oladigan bolalar tushkunlik yoki junbushga kelish kabi his-tuygʻularni ham yaxshi boshqara olishadi. Ular hayajonli yoki xafa qiladigan biror vaziyatdan soʻng tezda tinchlanishi, tashqi taʼsirlarga kamroq berilishi mumkin.

Oʻz-oʻzini yaxshi boshqaradigan bola diqqatini ham jamlay oladi. Ehtimol, u biror nimani toʻgʻri tushunib olmaguncha, toʻgʻri bajarmagunicha harakatda davom etishi mumkin. Shuningdek, u muvaffaqiyatsizliklarni yaxshi hal qilib, uy vazifasi kabi topshiriqlarni nazoratsiz bajara oladi. Shunga qaramay, u biroz mukammallik tarafdori boʻlishi mumkin, shuning uchun u xato qilish mumkin emasligini biladimi-yoʻqmi – ishonch hosil qiling.

Oʻz-oʻzini kamroq tartibga soluvchi

Farzandingiz eʼtiborini nazorat qilishda qiynalayotgan boʻlsa, qiyin vazifalarni bajarishda davom etishi uchun unga koʻproq ragʻbat kerak boʻladi. Bunday bolalar bir faoliyatdan ikkinchisiga tezda oʻta oladi. Ular, shuningdek, juda ijodkor boʻlishi mumkin. Farzandingizga diqqatini jamlashga yordam berish uchun uni mukofotlash, oʻyin va ijodiy mashgʻulotlar bilan zavqlantirish foyda beradi.

Muloqotga koʻproq va kamroq kirishuvchi temperamentlarni tarbiyalash

Muloqotga koʻproq kirishuvchi – kirishimli

Farzandingiz juda kirishimli boʻlsa, u odamlar orasida boʻlishdan, jamoaviy oʻyinlar va guruh mashgʻulotlaridan zavqlanadi. Lekin unga doim oʻyin va mashgʻulotlar tashkil qilib berishingiz shart emas, chunki bola oʻzi bilan shugʻullanishni oʻrganishi ham kerak.

Muloqotga koʻproq kirishuvchi temperamentli bolalar odatda muhitga juda oson moslashadi va oʻzgarishlarni yengil qabul qiladi. Bolangiz ana shu moslashuv jarayonini boshdan kechirayotganda unga koʻplab yangiliklarni bera olishingiz yaxshi, lekin u siz bilan oldingiday birga-bir vaqt oʻtkazayotganiga ishonch hosil qiling.

Muloqotga kamroq kirishuvchi – tortinchoq

Farzandingiz juda kirishimli boʻlmasa, u, ehtimol, bir oʻzi yaxshiroq oʻynar va ishlarini bajarishda koʻp yordamga muhtoj emasdir. Ammo unga doʻstlashishda yordamingiz kerak boʻlishi ham mumkin. Misol uchun, agar bolakay koʻpchilik orasida yoki ziyofatlarda oʻzini noqulay his qilsa, siz uning bir-ikki nafar oʻrtogʻini uyingiz yoki oʻyin maydonchasiga taklif qilishingiz mumkin.

Agar bolangiz yangi muhitga moslasha olmasa, unga odatdagi kun tartibi maʼqul. U oʻzgarishlarni qabul qila olmaydi. Balki, bu jihat farzandingizning kun tartibini rejalashda qulaylik yaratar, ammo u oʻzgarishlar yoki oʻtish davrini yengishda yordamga muhtoj boʻlishi mumkin.

Farzandingizning temperamenti siznikidan farq qilishi tabiiy. Ayrim ota-onalar uchun oʻzinikidek xarakterli bolani tushunish va gʻamxoʻrlik qilish osonroq. Misol uchun, agar siz oʻzgarmas, odatiy tartibni yoqtirsangiz, muntazam uyquga muhtoj bolaga qarash oson tuyiladi. Ammo sizga istalgan vaqtda koʻnglingizga kelgan ishni qilish yoqsa, bolangizning odatlariga koʻnikish uchun ham vaqt kerak boʻladi.

Temperament qanday oʻzgarishi mumkin?

Farzandingiz ulgʻaygani sari uning feʼl-atvoridagi baʼzi oʻzgarishlar sezila boshlashi mumkin. Chunki bolaning hayotiy tajribasi u turli vaziyatlarda oʻzini qanday tutishiga taʼsir qiladi.

Masalan, maktabda koʻp chalgʻib oʻqigan bola kelajakda biznes uchrashuvlarida diqqatini yaxshi jamlay oladigan odam boʻlib yetishishi mumkin. Bu tajriba esa bola voyaga yetgani sayin unda qiziqish, ragʻbatning ortishi yoki chalgʻishni boshqarish strategiyalarini oʻrganishi natijasida shakllanadi.