Oʻqishga layoqatsizlik: belgilarni aniqlash va farzandingizni qoʻllab-quvvatlash
Oʻqishga layoqatsizlik nima?
Oʻqishga layoqatsizlik taʼlimning bir yoki bir nechta yoʻnalishlaridagi – imlo, oʻqish, yozish va matematikadagi jiddiy va davomiy qiyinchiliklardir. Oʻzlashtirishi past boʻlgan bola, agar uning oʻzlashtirish imkoniyati, yoshi va boshqa qobiliyatlari hisobga olinsa, bu yoʻnalishlardan biri yoki bir nechtasiga layoqati past boʻladi.
Oʻqishga layoqatsizlik – baʼzan spetsifik oʻqishga layoqatsizlik, oʻzlashtirishdagi qiyinchiliklar, taʼlimdagi oʻziga xos qiyinchiliklar va disleksiya deb ataladi.
Taʼlim olishga layoqatsizlik mutaxassislar tomonidan baholanishi va tashxis qoʻyilishi kerak.
Oʻqishga layoqatsizlik sabablari
Biz taʼlim olish jarayonidagi nuqsonlar nima sababdan yuzaga kelishini hali toʻliq aniqlay olganimiz yoʻq. Lekin bilamizki, bola oʻqishga layoqatsiz boʻlsa, miyasining bir qismi maʼlumotni qayta ishlashga qiynaladi – bu “qayta ishlashning nevrologik qiyinchiliklari” deb ataladi.
Umumiy “qayta ishlash qiyinchiliklari”ga soʻzlarda ishtirok etadigan tovushlarni qayta ishlashdagi qiyinchiliklar, raqamlar yoki harflarning yangi roʻyxati kabi bir-biriga bogʻliq boʻlmagan maʼlumotlarni eslab qolishdagi qiyinchiliklar kiradi.
Taʼlim olish nuqsonlari maʼlum genlar bilan bogʻliq boʻlib, ular nasldan naslga oʻtishi mumkin. Agar oilangizdagi boshqa odamlar oʻqish yoki imlo bilan bogʻliq muammolarga duch kelsalar yoki oʻqishga layoqatsizlik tashxisi qoʻyilgan boʻlsa, keyingi avlod bolalarida taʼlim olish nuqsonlari boʻlishi mumkin.
Taʼlim olishga layoqatsizlik belgilari
Agar farzandimda taʼlim olish nuqsoni boʻlishi mumkin deb oʻylasangiz, baʼzi umumiy belgilarga eʼtibor qaratishingiz mumkin. Bu belgilarning bir yoki bir nechtasi farzandingizning oʻqish qobiliyati buzilganini anglatmaydi. Ammo, bundan tashnishlansangiz, farzandingiz oʻqituvchisi yoki oilaviy shifokoringiz bilan gaplashishingiz tavsiya etiladi.
Agar farzandingizning taʼlim olishida nuqsonlar mavjud boʻlsa, u:
- oʻqishni yoqtirmaydi va/yoki oʻqishga qiynaladi;
- oddiy soʻzlarni yozishda muammolarga duch keladi;
- soʻzlardagi tovush va boʻgʻinlarni aniqlashga qiynaladi;
- sizga juda koʻp qiziqarli gʻoyalarni aytib berishi mumkin, lekin ularni juda sekin va qiynalib oʻylab topadi;
- juda tartibsiz yozadi;
- maktabda bajargan vazifalariga ishonchi komil emas.
Taʼlim olishdagi nuqsonlarning diagnostikasi: oʻtish kerak boʻlgan bosqichlar
Farzandingizning oʻqituvchisi bilan gaplashing
Agar farzandingiz maktabda muammolarga duch kelayotganidan va oʻqishida nuqsoni borligidan xavotirda boʻlsangiz, ishni farzandingizning oʻqituvchisi bilan gaplashishdan boshlashingiz mumkin.
Farzandingiz oʻqish, yozish va matematikada kutilganidek rivojlanayotgani haqida savollar berishingiz mumkin. Farzandingizning oʻziga ishonchi va maktabdagi mashgʻulotlarda qay darajada qatnashishi haqida fikri qanday ekanini soʻraganingiz ham maʼqul.
Oʻqituvchi farzandingizni sinab koʻrishi va natijalarni siz bilan birga muhokama qilishi mumkin. Bu sizga muammoning yuzaga kelishida maʼlum bir qonuniylik bor yoki yoʻqligini aniqlashga yordam beradi.
Baholashni soʻrang
Agar siz hali ham tashvishlanayotgan boʻlsangiz, maktabda rasmiy baholash (tekshirish) oʻtkazishni soʻrang.
Bu bosqichda logoped yoki psixolog jalb qilinishi mumkin. Ular barcha sabablarni tekshirishga yordam beradilar. Agar uzoq kutish kerak boʻlsa yoki maktabingizda baholash (tekshirish) imkoni boʻlmasa, mutaxassis koʻrigiga borishingiz mumkin, lekin bu xarajat talab qiladi.
Farzandingizning koʻrish va eshitish qobiliyatini tekshirish uchun shifokor bilan maslahatlashish juda muhim. Bu orqali bolangizning qiyinchiliklariga ushbu sohadagi muammolar sabab emasligini aniqlashingiz mumkin.
Farzandingizga oʻqishga layoqatsizlik haqida aytib bering
Taʼlim olishida nuqsoni bor boʻlgan bolalar oʻqishga oʻxshash ishlarni tengdoshlaridek oson bajara olmaydi. Bu ular oʻzlarini “ahmoq” yoki “aqlsiz” deb oʻylashlariga olib kelishi mumkin.
Taʼlim olishida muammolari borligi haqida aytib berish farzandingiz oʻzi haqidagi bunday fikrlarni yengishiga yordam beradi. Siz farzandingizga taʼlim olishning izdan chiqishi – miya maʼlumotni boshqacha qabul qilishini bildirishini, bu uning boshqa bolalar kabi aqlli emasligini anglatmasligini aytishingiz mumkin.
Farzandingizning psixologi yoki logopedi sizga maslahat berishi va farzandingizga layoqatsizlik nima ekanini sodda tilda tushuntirishi mumkin.
Farzandingiz oʻqish qobiliyati cheklangan holda yashash va oʻrganish uchun qila oladigan ijobiy ishlarni koʻrsatib bering. Muvaffaqiyatli odamlarning koʻpchiligi chindan ham oʻqish layoqatiga ega emasligini aytib oʻtishingiz mumkin.
Taʼlim olishida nuqsoni boʻlgan farzandingizga chidamlilikni oshirish va oʻz-oʻzini hurmat qilishda yordam berish
Taʼlim olishida nuqsoni boʻlgan bolalar oʻzini past baholashlari mumkin. Agar nuqson erta aniqlanmasa, ular maktabni tashlab ketishlari xavfi yuqori boʻladi.
Demak, taʼlim olishdagi muammolarni erta aniqlash va irodani kuchaytirishda farzandingizga yordam berish kerak. Iroda muammo va muvaffaqiyatsizliklardan oʻnglanish qobiliyatidir. Bu barcha bolalar uchun, ayniqsa, taʼlim olishda imkoniyati cheklangan bolalar uchun muhim hayotiy koʻnikmadir.
Farzandingiz qiyinchiliklarga chidamli boʻlishi va oʻzidagi qobiliyatlarga ishonchi ortishi uchun quyidagi takliflarni sinab koʻrishingiz mumkin.
Unga namuna boʻling
Oʻzingiz pozitiv va qatʼiyatli boʻlib, farzandingizga namuna boʻla olasiz. Masalan, agar bemaza tort pishirgan boʻlsangiz: “Bu muhim emas. Keyingi safar boshqa retseptni sinab koʻraman” deb aytishingiz mumkin. Yoki ishda sizga salbiy munosabat bildirilgan boʻlsa: “Buni eshitish qiyin, lekin men bundan oʻzimga xulosa chiqarib olishim mumkin”, deb ayting.
Maqtov va ragʻbatlantirish
- Farzandingiz biror narsaga intilayotgan boʻlsa, uni hamisha maqtang.
- Farzandingizning qobiliyatlari va yutuqlarini nishonlang, layoqati kuchliroq boʻlgan narsalarga ishora qiling. Bu sport, musiqa, drama, samimiy va doʻstona munosabatlar yoki pazandachilik koʻnikmalari boʻlishi mumkin.
- Farzandingizni hayotidagi ijobiy narsalarni koʻrishga undang va oʻqishdagi qiyinchiliklar uning shaxsiyatini anglatishda juda kichik bir qism ekanini koʻrishga undang.
- Farzandingizni qiyinchiliklarni yengish uchun nima kerakligini hal etishga undang. Masalan, unga yozma koʻrsatmalar va diagrammalar yordam beradimi yoki u ogʻzaki koʻrsatmalarni afzal koʻradimi?
- Farzandingiz bilan birga boʻlishga, uni tinglashga va birga dam olishga vaqt ajrating. Bu orqali u oʻziga xosligini, ahamiyatga ega ekanini va birga vaqt oʻtkazishga arzishini anglaydi.
- Farzandingizni yangi narsalarni sinab koʻrishga undang. Amaliyot va qatʼiyat bilan oʻrganishi mumkinligini bilsa, farzandingiz toʻxtamaslik, qiyin paytlarda ham davom etish kerakligini tushunadi.
Majburiyat va umidlar
- Farzandingizga oilaviy majburiyatlarni oʻz zimmasiga olish, mustaqil qaror qabul qilish va tanlash imkoniyatini bering. Nazorat hissi oʻziga boʻlgan ishonchni oshiruvchi kuchli omildir.
- Qoʻllab-quvvatlang, lekin farzandingizni haddan tashqari himoya qilmang. Bola uy vazifasi kabi ishlarni muammoli boʻlsa-da, bajarishga bor kuchi bilan harakat qilishini va bajara olishini sabr bilan kuting.
- Farzandingizga pazandalik, shaxmat yoki suratga olish kabi yangi narsalarni sinab koʻrish imkoniyatini bering. Agar bu mashgʻulotlarni farzandingiz bilan bajarsangiz, u muvaffaqiyat qozonayotgani va yangi koʻnikmalarni shakllantirayotganidan zavqlanishi aniq.
Taʼlimda imkoniyati cheklanganlar uchun qoʻshimcha yordam olish
Qoʻshimcha yordam farzandingizga maktabda yaxshi oʻqish imkoniyatini beradi. Agar sogʻliqni saqlash mutaxassislari qoʻshimcha yordam koʻrsatishni tavsiya qilsa, professional, hujjatlashtirilgan tekshiruv natijasi kerak boʻladi. U farzandingiz imtihonlarda qoʻshimcha vaqt, mutaxassisdan taʼlim olish yoki maxsus kompyuter dasturlari bilan taʼminlanish kabi huquqlarga ega ekanini tasdiqlashga xizmat qiladi.
Imkoniyati cheklangan bolalarni maktabdan tashqarida oʻqitish, shu jumladan, maxsus oʻqituvchilar bilan taʼminlashning turli yoʻllari mavjud. Farzandingizni qoʻllab-quvvatlashning eng yaxshi uslubi bolaning oʻqish qobiliyatiga bogʻliq. Bolangizning oʻqituvchisi yoki u bilan ishlaydigan boshqa mutaxassislar bilan gaplashib, farzandingiz va oilangiz uchun qaysi uslub samaraliroq ekanini bilib olishingiz mumkin.
Farzandingiz va oilangiz uchun nima toʻgʻri kelishini aniqlashdan oldin bir nechta narsalarni sinab koʻrishingiz kerak boʻladi. Bu orqali bolangiz qanday qilib qatʼiyat koʻrsatish va taslim boʻlmaslikni ham anglab boradi.