Disleksiya
Disleksiya haqida
Disleksiya – soʻzlarni oʻqish va yozishdagi jiddiy qiyinchilik. Disleksiyali bolalarga oʻqish va yozish uchun barcha sharoitlar yaratilgan va ular koʻp kuch sarflagan taqdirda ham, oʻqish va yozish ular uchun qiyin kechadi.
Disleksiya bu – oʻqishni oʻrganish jarayonidagi nuqsonning bir turi. Bu baʼzan “oʻqishni oʻrganishning oʻziga xos buzilishi” deb ham ataladi.
Disleksiya aql va idrok bilan bogʻliq muammo emas. Disleksiyali odamlar boshqa odamlar kabi aqlli, ammo ularning miyasi nutqni boshqacha tarzda qayta ishlaydi.
Disleksiyaning sabablari
Disleksiyaning sabablari oxirigacha oʻrganilmagan. Lekin u genetik xarakterga egaligi aniq – disleksiya bolalarga genlar orqali ota-onasidan yoki ularning bittasidan oʻtishi mumkin. Ota-onalardan oʻtadigan genlar, ehtimol, miyaning nutq va til rivojlanishi bilan bogʻliq boʻlgan qismlariga taʼsir qiladi.
Disleksiya belgilari
Disleksiya belgilari koʻpincha bola 1–2-sinfda oʻqiyotganda, odatda oʻqishni oʻrgana boshlaganda paydo boʻladi.
Bolalarda faol oʻquv jarayoni boshlanmaguncha ularda disleksiya bor-yoʻqligini aniqlash qiyin. Biroq bola hali maktabgacha yoshda boʻlgan paytdayoq siz bir qator muhim jihatlarga eʼtibor berishingiz mumkin.
Agar bola:
- soʻzlarni doim notoʻgʻri talaffuz qilsa va ularning toʻgʻri talaffuzini eslab qololmasa;
- soʻzlardagi tovushlar bilan oʻynay olmasa – masalan, ular “ayiq” va “qayiq” kabi soʻzlarni qofiyalashda yoki “Gʻani gʻildirakni gʻildiratdi” kabi bir xil tovush bilan boshlanadigan soʻzlarni aytishda qiynalsa;
- uzun soʻzlarni va jumlalarni takrorlashga qiynalsa;
- harflar va ularning tovushlarini sekin solishtirsa, bular disleksiya belgilari boʻlishi mumkin.
Maktabdagi oʻqish jarayonida disleksiya qanday namoyon boʻladi:
- bola uchun soʻzlarni alohida tovushlarga ajratish qiyin kechishi mumkin – masalan, ular “mushuk” soʻzini m-u-sh-u-k tovushlariga ajrata olmaydi;
- soʻzlar hosil qilish uchun tovushlarni birlashtirishga qiynaladi – masalan, u “olma” soʻzini aytish uchun “o-l-m-a” tovushlarini birlashtira olmaydi;
- bola soʻzlarni oʻqish oʻrniga, ularni taxmin qilib aytadi yoki yodlab oladi;
- soʻzlarni koʻp marta oʻqigan va / yoki yozgan boʻlsa ham, ularni eslab qolishi qiyin;
- tengdoshlariga qaraganda ular uchun oʻqish va yozish qiyinroq boʻladi.
Agar bolangizning oʻqishida qiyinchiliklar kuzatilsa, bu unda disleksiya borligini anglatmaydi.
Agar farzandingizning oʻqishida qiyinchiliklar yuzaga kelayotgandek tuyulsa, buni imkon qadar tezroq aniqlash zarur. Katta yoshdagi bolalar koʻpincha oʻqishdagi kamchiliklarni yashirishni yaxshi biladi.
Disleksiya diagnostikasi
Agar oilangizda oʻqishdagi qiyinchiliklar holati kuzatilgan boʻlsa yoki farzandingiz maktabda oʻqish va toʻgʻri yozish bilan bogʻliq muammolarga duch kelishidan xavotirda boʻlsangiz, quyidagi tavsiyalarni sinab koʻrishingiz mumkin.
1. Farzandingizning oʻqituvchisi bilan gaplashing.
Birinchi qiladigan ishingiz – bolaning oʻqituvchisi bilan gaplashish. Farzandingizda oʻqish va yozish jarayoni qanday oʻtayotgani toʻgʻrisida soʻrang. Shuningdek, oʻqituvchi bilan farzandingizning sinfdan tashqarida oʻzini tutishi va maktabga boʻlgan munosabati qandayligini muhokama qiling.
Oʻqituvchi bilan birga farzandingizning oʻzlashtirishini tahlil qiling. Bu sizga muammolar qanday yuzaga kelayotganini tushunishga yordam beradi.
2. Baholashni soʻrang.
Farzandingizning oʻqituvchisi bilan gaplashgandan keyin ham tashvishlanayotgan boʻlsangiz, maktab maʼmuriyatidan rasmiy ravishda baholashni tashkil qilishni soʻrang.
Bu bosqichda logoped va / yoki psixolog jalb qilinishi mumkin. Ular bolaning oʻqishidagi qiyinchiliklarning mumkin boʻlgan barcha sabablarini aniqlashga yordam beradi. Agar baholashni uzoq vaqt kutishga toʻgʻri kelsa yoki maktabda baholash oʻtkazilmasa, xususiy logoped va / yoki psixolog qabuliga borishingiz mumkin. Shifokoringiz sizga yoʻllanma yozib beradi.
Disleksiyali bolalar uchun maxsus yordam
Agar kattalar disleksiyali bolalarga oʻz vaqtida eʼtibor qaratsa va muammo bilan shugʻullanishni boshlasa, ularning aksariyati oʻqish va yozish koʻnikmalarini yaxshilashga muvaffaq boʻladi.
Farzandingizning oʻqishini yengillashtirish uchun quyidagi sharoitlarni yaratishga kuchingiz yetadi:
- maktabda kichik guruhlarda oʻtkaziladigan qoʻshimcha mashgʻulotlar;
- yakka tartibda oʻqitish;
- nazorat ishlarini bajarish uchun qoʻshimcha vaqt ajratish;
- imloni tekshirish, ekran orqali oʻqish, oʻzini oʻzi toʻldirish yoki ovozni aniqlash kabi maxsus kompyuter dasturlarini taʼminlash.
Tibbiyot xodimi bilan farzandingiz uchun mos keladigan usullarni muhokama qiling.
Disleksiyali bolalarga malakali yordam qanchalik tez koʻrsatilsa, ularning muvaffaqiyatga erishish ehtimoli shunchalik yuqori boʻladi. Disleksiyani davolash uchun “sehrli dori” yoʻq. Ammo oʻqishda qiynalayotgan bolalarga yordam berish uchun koʻplab oddiy va samarali usullar mavjud. Birinchi navbatda kerakli usullar boʻyicha maslahat olish uchun mutaxassisga murojaat qiling. Masalan, pediatr, farzandingizning oʻqituvchisi yoki psixolog bilan gaplashishingiz mumkin.
Disleksiyali bolaga yordam berish: siz nima qila olasiz?
Koʻp ishlarni bajarishingiz mumkin:
- Bolada oʻz-oʻziga boʻlgan ishonchni shakllantiring. Maktab yoki boshqa sohadagi, masalan, sport, teatr yoki musiqa toʻgaragidagi muvaffaqiyatlari va saʼy-harakatlarini ragʻbatlantiring va maqtang. Shunda u qiyinchiliklardan qoʻrqmaydi.
- Farzandingizga salbiy fikrlar bilan qanday kurashishni va muvaffaqiyatsizlikdan qoʻrqmaslikni ayting. Masalan, “Bugungi voqeadan xafa boʻlma. Qara, bu yil qancha natijaga erishding! Buni uddalash uchun senga yana biroz vaqt va bir necha marta urinish kerak boʻladi. Bu albatta qoʻlingdan keladi”.
- Farzandingizning oʻqituvchisi bilan yaqin aloqada boʻlib, bolaga oʻqish va boshqa sohalarda yordam berish uchun uyda yana nima qilishingiz mumkinligini birgalikda aniqlang.
- Farzandingiz oʻzi mustaqil yaxshi oʻqiy boshlaguncha unga kitob oʻqib bering.
- Farzandingizning oʻqish koʻnikmasiga mos keladigan kitoblarni taklif qiling. Farzandingiz oʻqiy oladigan oddiy matnli kitoblarni tanlang, unga qiyin soʻzlari juda koʻp boʻlgan kitoblarni bermang.
- Bolani alohida tovushlarni talaffuz qilishga oʻrgating. Shunda u tovushlarni yodlab olish oʻrniga, ulardan soʻz yasashni oʻrganadi.