Emizish davrida onaning ovqatlanishi

Emizish paytida ovqatlanish muvozanatli va muntazam boʻlishi kerak. Muayyan bir ovqatni isteʼmol qilish yoki baʼzi ovqatlardan butunlay voz kechish shart emas.
Body

Emizayotgan onalar qanday ovqatlanishi haqida juda koʻp notoʻgʻri tushunchalar (masalan, ularga maxsus taomlar kerak, koʻproq ovqatlanishi kerak, mumkin boʻlmagan ovqatlar ham koʻp) mavjud.

Homiladorlik paytida tanangizda yogʻ toʻplanadi; bola tugʻilgandan keyin sut qisman shu zaxiralardan, qisman siz yeyotgan ovqatdan ishlab chiqariladi. Emizish davrida sizga qoʻshimcha 450–500 kaloriya zarur. Kaloriya ehtiyojlari dastlabki toʻrt-olti oy ichida eng yuqori boʻlib, chaqaloq faqat emiziladi. Kundalik menyuga uch boʻlak non, 100 gramm goʻsht, meva yoki sabzavot yoki sut mahsulotlarini qoʻshish kifoya. Bolangiz qoʻshimcha ovqatlarni isteʼmol qila boshlasa, siz bu “qoʻshimchalarni” olishni toʻxtatishingiz mumkin.

Tugʻuruqdan keyin onaning ovqati yengil hazm boʻladigan va asosan suyuq boʻlishi lozim, masalan, sut, yangi tayyorlangan meva sharbatlari, mevali kompotlar, pechenye, sabzavotli shoʻrvalar. Ammo ikkinchi haftada onalar turli xil ovqatlarni isteʼmol qilishi kerak.

Emizish davrida ovqatlanish boʻyicha tavsiyalar

  • Kundalik oqsilning kamida uchdan bir qismi qoʻy yoki mol goʻshti, baliq, sut va tuxumdan olinishi kerak. Goʻsht B vitamini, temir va ruh moddalariga boʻlgan ehtiyojni ham qondiradi.
  • Omega-3 yogʻ kislotalari chaqaloqning miyasi va koʻzlari rivojlanishi uchun zarur. Haftada 2–3 marta baliq isteʼmol qiling. Sogʻlom yogʻ kislotalarining yaxshi manbalariga zaytun va qovoq yogʻi, zigʻir, kunjut va qovoq urugʻlari kiradi.
  • Kalsiy bu – bola suyaklarining toʻgʻri rivojlanishi uchun zarur boʻlgan sut tarkibidagi muhim tarkibiy qism; u asosan sut va sut mahsulotlari, sardalya (baliq turi) tofu, kunjut pastasida uchraydi.
  • Yangi meva va sabzavotlardan C vitamini, boshoqli don va goʻshtdan esa B vitaminini oling.
  • Yod chaqaloqlar uchun zarur; yodlangan osh tuzidan foydalanish yetarli miqdordagi yod bilan taʼminlaydi; ovqatni ortiqcha tuzlamang.
  • Emizishda D, E va A vitaminlariga boʻlgan ehtiyoj ham ortadi. Agar homiladorlik paytida yaxshi ovqatlansangiz, bu vitaminlar zaxirasini yaratgan boʻlasiz, ular emizish davrida ishlatiladi va ona sutiga oʻtadi.

D vitamini quyosh nurlari taʼsirida terida ishlab chiqariladi.

  • Yangi pishirilgan taomlarni tanlang, qovurilgan, qayta isitilgan va dudlangan goʻshtdan, shuningdek, chala pishgan goʻshtdan saqlaning.

Baʼzi hidi kuchli mahsulotlar (piyoz, brokkoli, karam, gulkaram, ziravorlar yoki loviya) ona sutining hidi va taʼmiga taʼsir qilishi va baʼzi chaqaloqlarda bezovtalik keltirib chiqarishi mumkin. Agar shunday holat yuz bersa, bu mahsulotlarni isteʼmol qilishdan vaqtincha cheklaning.

Allergiya chaqirishi mumkin boʻlgan ovqatlarni diyetangizdan chiqarib tashlash chaqalogʻingiz uchun allergiya xavfini kamaytirmaydi. Agar koʻp ovqatlardan voz kechsangiz, yetarli miqdordagi muhim va foydali moddalarni ololmaysiz.

Sut ishlab chiqarilishini oshiradigan oziq-ovqat yoki qoʻshimchalar

  • Pivo xamirturushlari B vitaminlariga boy boʻlib, emizish paytida tavsiya etiladi, lekin alkogolli pivo shaklida emas.
  • Suli sut ishlab chiqarilishini taʼminlaydigan gormonlarga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Siz uni boʻtqa, pechenye kabi pishirilgan holda yeyishingiz mumkin.
  • Noʻxat anʼanaviy ravishda emizikli onalar uchun ajoyib taom sifatida (noʻxatli shoʻrva yoki boʻtqa shaklida) ishlatiladi; qaynatilgan bugʻdoy ham bu borada yaxshi samara beradi.
  • Kunjut va zigʻir urugʻlari.

Suyuqlikni majburan ichirish yoki cheklab qoʻyish kerak emas. Qoʻshimcha 3–4 stakan suv (emizish paytida bergan maʼqulroq) ortib borayotgan ehtiyojlarni qondirish uchun yetarli. Eng yaxshi ichimlik bu – suv, yangi meva sharbatlari oz miqdorda tavsiya etiladi. Gazlangan va energetik ichimliklarni, sunʼiy ranglar, shirinlashtiruvchi va hid beruvchi moddalar qoʻshilgan ichimliklarni ichmang.

Qahva: kuniga 3 stakandan koʻp boʻlmagan qahva tavsiya etiladi; bolangizning xulq-atvoriga qarab, siz bolaga salbiy taʼsir qilmaydigan qahva miqdorini bilib oling. Kofein energetik ichimliklar, koʻk choy, Coca-Cola tarkibida ham mavjud; bu chaqaloqning kayfiyati oʻzgarishiga, asabiylashishiga, qorindagi ogʻriqlar, shuningdek, uyqu buzilishiga sabab boʻlishi mumkin.

Emizish davrida ovqatlanish boʻyicha amaliy maslahatlar

  • Muntazam ovqatlanish va tamaddi qilish uchun vaqt toping.
  • Nonushtani kechiktirmang yoki oʻtkazib yubormang.
  • Turli xil ovqatlarni isteʼmol qiling, chunki ona sutidagi hid va taʼmning xilmaxilligi bolangizga qoʻshimcha ovqatlarni qabul qilishga yordam beradi.
  • Meva va sabzavotlar ayniqsa muhim, chunki ularning tarkibida zarur minerallar va vitaminlar mavjud.
  • Ovqatlanish oʻrniga yengil tamaddi qilishdan saqlaning; tarkibida sunʼiy rang, taʼm beruvchi moddalar va boshqa qoʻshimchalar bor tayyor ovqatlardan ham voz keching.
  • Vaqti-vaqti bilan oʻzingizni sevimli fastfud bilan “mehmon qiling”.
  • Shirin va yogʻli ovqatlardan, shuningdek, shirinlashtirilgan sharbatlardan saqlaning.
  • Chanqab qolmasdan oldin suv iching. Har bir emizishda bir stakan suv isteʼmol qilish kerak; chanqash oksitotsin refleksining alomatlaridan biridir. Oʻzingiz xohlagan miqdorda suyuqlik iching. Koʻp miqdordagi suyuqlik sut ishlab chiqarilishini koʻpaytirmaydi, aksincha, kamaytirishi mumkin.
  • B vitamini sut ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. U boshoqli don mahsulotlari tarkibida mavjud.
  • Ozishni keyinroqqa suring. Agar darhol vazn yoʻqotishni boshlasangiz va baʼzi ovqatlardan voz kechsangiz yoki juda oz ovqatlansangiz, bu emizishga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Koʻp onalar ilgarigi qaddi-qomatlarini “tiklashni” xohlaydi va emizish ularning homiladorlikdan oldingi kerakli vaznga qaytishini kechiktirishidan qoʻrqishadi. Emizish, aslida, homiladorlik paytida toʻplangan yogʻning “kamayishini” kuchaytiradi, qomat normal holatga kelishi uchun faqat sabr-toqat kerak!