Emizishni erta boshlash – tugʻilgandan soʻng darhol emizish
Ona terisining chaqaloq terisiga tegib turishi (teri teriga kontakti) yangi tugʻilgan chaqaloqni haroratini eng qulay sharoitda saqlab turadi va uning soʻrish tugʻma his-tuygʻusini ragʻbatlantiradi. U birinchi ovqatlanishida ogʻiz sutini emadi, bu – himoyalovchi vazifasini bajaradigan yogʻli sut.
Soʻrish bachadonning qisqarishiga yordam beradi, yoʻldoshning chiqarilishini tezlashtiradi va qon ketishining oldini oladi. Erta emizish siz bilan chaqalogʻingiz oʻrtasida mustahkam aloqa oʻrnatishga yordam beradi. Onaning koʻkragiga va qorniga yotqizilgan, quritilgan va haroratli chaqaloq dam olish va yangi muhitga koʻnikish bosqichidan soʻng, ogʻziga qoʻlini solib, soʻrish harakatlarini qiladi va tovushlar chiqaradi. U koʻkrak uchiga qarab harakat qiladi, topadi va katta ochilgan ogʻziga soladi.
Birinchi emizishni koʻkrakka tegish, his etish deb hisoblash kerak; yangi tugʻilgan chaqaloq ogʻziga koʻkrakni itarib majburlamaslik kerak. Siz emizishni boshlash tezligiga va uning davomiyligiga bosim oʻtkazmasligingiz kerak.
Ona va bola birgalikda boʻlishining afzalliklari:
Ona va yangi tugʻilgan chaqaloqning tabiiy tugʻma his-tuygʻusi ularni birga boʻlishga chorlaydi. Shu sababli sogʻlom tugʻilgan chaqaloqni onasidan ajratish uchun hech qanday sabab yoʻq. Birgalikda boʻlish onaning onalik tugʻma his-tuygʻulari rivojlanishiga imkon beradi, shu bilan birga tanadagi gormonlar onaning tanasini ushbu vazifani bajarishga undaydi. Ona va yangi tugʻilgan chaqaloqning birga boʻlishini kechiktirish yoki ularning birga boʻlmasligi koʻkrak suti bilan boqishda va hissiy aloqalarni oʻrnatishda muammolarga olib keladi.
- Yangi tugʻilgan chaqalogʻingiz yoningizda boʻlsa, u yaxshiroq uxlaydi va kamroq yigʻlaydi.
- Emizish muvaffaqiyatli va uzoq davom etadi; bola tezroq vazn oladi.
- Bola yaqin boʻlganda emizish osonroq kechadi va bu ham koʻproq sut ishlab chiqarishni ragʻbatlantiradi.
- Farzandingizga gʻamxoʻrlik qilish orqali sizda ishonch paydo boʻladi.
- Chaqaloqning sogʻlomligini koʻrib xotirjam boʻlasiz. Agar u tugʻuruqxonaning boshqa qismida yigʻlasa, xavotir olasiz.
- Bolaga kasalliklar yuqishi xavfi past boʻladi.
- Siz yaxshi dam ololmayman deb xavotirlanishingiz ham mumkin. Aniqlanishicha, chaqaloq ona yonida bolalar karavotchasida yotganda onasi yaxshiroq uxlaydi.
Keraksiz qoʻshimchalar qabul qilish xavfi
Kichik miqdordagi ogʻiz suti hayotning birinchi kunlarida toʻlaqonli sogʻlom tugʻilgan chaqaloqning ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli. Chaqaloqlar dastlab juda oz miqdordagi sutga muhtoj. Birinchi sut emizish paytida chaqaloq emizadigan ogʻiz suti miqdori 2 dan 10 ml gacha, ikkinchi kuni – 5 dan 15 ml gacha, uchinchi kuni – 30 ml gacha. Sut bezlari birinchi kunlarda yetarli miqdorda sut ishlab chiqaradi; sut miqdoriga boʻlgan ehtiyoj oshgani sayin bola tez-tez emadi va koʻkrak bezlari kerakli miqdordagi sut bilan taʼminlaydi.
Ogʻiz sutingiz yangi tugʻilgan chaqaloqni kerakli miqdorda ozuqa va suyuqlik bilan taʼminlaydi, shuningdek infeksiyalardan himoya qiladi. Keraksiz qoʻshimchalar – qorishmalar qorin toʻyganini his qildirishi sababli bola emishni xohlamasligiga olib kelishi mumkin. Natijada sut miqdori kamayadi yoki koʻkragingiz toʻlib-toshadi. Agar chaqaloqni tinchlantirish uchun qoʻshimchalar ishlatilsa, bu bolangizni muvaffaqiyatli emizishga ishonchingizni yoʻqotishi mumkin.
Jahon Sogʻliqni Saqlash Tashkiloti (JSST) va YUNISEFning Bolalarga doʻstona munosabatdagi shifoxonalar tashkil qilish tashabbusi emizish muvaffaqiyatli boʻlishida asosiy omillar sifatida eʼtirof etilgan va tasdiqlangan muvaffaqiyatli emizishning 10 qadamiga asoslangan. Tugʻuruqxonadagi eng muhim qadamlar bu – teri-teriga kontaktini taʼminlash, ona va yangi tugʻilgan chaqaloqlarning palatada birga boʻlishi, emizishni oʻz vaqtida boshlash va keraksiz qoʻshimchalardan voz kechish. Tugʻuruqxonada qadamlar qancha izchil qoʻllansa, emizishning muvaffaqiyati shunchalik yuqori boʻladi!