Tugʻilgandan keyin darhol tana orqali aloqa qilish

Ona va sogʻlom chaqaloq oʻrtasidagi tugʻuruqdan keyingi bevosita aloqa juda muhim va tengsizdir. Bu bolaning tashqi muhitga moslashishini osonlashtiradi, ona va bola oʻrtasida yaqin munosabatlarni oʻrnatishga, emizishni yaxshi va muvaffaqiyatli boshlashga yordam beradi.
Body

Onam yana yonimda!

Yangi tugʻilgan chaqaloq teri orqali tanangizning harorati va teginishingizni sezadi; uni quchoqlashganini his qiladi. U sizning tanish ovozingizni va yuragingizning urishini eshitadi. Koʻz orqali aloqa qiladi. Ona va chaqaloq oʻrtasidagi birinchi vizual aloqaning ahamiyatini yetarlicha baholab boʻlmaydi, bu lahzani hech qachon unutmaysiz. Bu qizgʻin daqiqa koʻpincha onaning emizish borasidagi qarorini hal qiladi.

Tana orqali aloqa

Bola va ona oʻrtasidagi tana orqali aloqa onani ham, bolani ham tinchlantiradi, bolaning yurak ritmini va nafas olishini barqarorlashtiradi, onaning tana harorati hisobiga bola isinadi, yangi tugʻilgan chaqaloqning moddalar almashinuvini yaxshilashga va qondagi qand miqdorining barqarorlashishiga yordam beradi, bolaning yigʻisini, stress va energiya sarfini kamaytiradi, onaning mikroflorasini bolaga oʻtkazishga koʻmaklashadi, ona va bola oʻrtasidagi aloqani osonlashtiradi, bolaga koʻkrakni topib, ogʻziga solishiga yordam beradi.

Tavsiyalar

  • Aloqani kindik tizimchasini kesishdan oldin yoki birinchi daqiqalarda imkon qadar tezroq oʻrnatish kerak.
  • Aloqaning davomiyligi kamida bir soat boʻlishi kerak.
  • Epidural / orqa miya narkozi bilan kesarcha kesish amaliyoti ham teri orqali aloqa qilish imkonini beradi.
  • Agar umumiy narkoz ostida kesarcha kesish amaliyoti oʻtkazilsa, bola tugʻilgandan keyin otasi bilan darhol, onasi bilan esa uygʻonganidan keyin (bir necha soatdan soʻng) aloqa oʻrnatishi mumkin.
  • Egizaklar tugʻilganda, birinchi egizak ikkinchisi tugʻilguncha onasi bilan jismoniy aloqada boʻlishi mumkin.

Teri orqali aloqa qanday taʼminlanadi?

  • Bola yalangʻoch holda onasining ochiq koʻkragi va qorniga qoʻyiladi.
  • Bundan oldin nafas olish va yigʻlashni faollashtirish uchun bolani artib tashlash mumkin. Kaftlar artilmaydi, bachadon ichi suyuqligining tanish hidi yangi tugʻilgan chaqaloqni tinchlantiradi.
  • Bola qorni bilan onasining qorniga, qoʻllari ikki tomonga ochilgan va oyoqlari biroz bukilgan holda yotqiziladi.
  • Bolaga qalpoqcha kiydirish va sochiq yoki choyshab bilan ustini yopib qoʻyish kerak.
  • Burun va ogʻizni yopish mumkin emas, boshi yon tomonga burilgan, boʻyni toʻgʻri, lekin havo yoʻllari ochiq boʻlishi uchun oldinga burilmagan boʻlishi zarur.

Agar tugʻuruqdan keyin charchab qolishdan xavotirda boʻlsangiz, bilingki, tinchlanishingiz va quvonishingiz uchun eng yaxshi usul – chaqalogʻingiz bilan yaqin aloqada boʻlish! Chaqaloq uxlab qolishidan tashvishlansangiz, bilingki, tugʻilganidan keyingi dastlabki soatlarda chaqaloq uygʻoq boʻladi, uning hid va taʼm sezish qobiliyati kuchayadi, emizishga tayyor boʻladi. Agar chaqalogʻingizning ahvoli qandayligidan xavotirlansangiz, tugʻuruqxona xodimlari sizni va chaqalogʻingizni diqqat bilan kuzatishidan xabardor boʻlishingiz kerak.