Chaqaloq tugʻilganda qanday koʻrinishga ega boʻladi?
Farzandingizning tugʻilish vaqti ham moʻjiza, ham stressli holat. Koʻpincha chaqalogʻingizning tashqi koʻrinishi siz kutganingizdan farq qiladi. Bu vaqtinchalik yoki zararsiz holat boʻlib, tashvishlanishga hech qanday sabab yoʻq.
Teri
Eng muhim oʻzgarishlar bola himoyalangan, sokin va iliq muhitdan chiqib, toʻsatdan tashqi dunyoda paydo boʻlganida yuz beradi. Shuning uchun tugʻilgandan keyingi dastlabki daqiqalarda yangi tugʻilgan chaqaloq koʻk yoki binafsharang tusda boʻlishi mumkin; agar u yaxshi nafas olsa, issiq va quruq boʻlsa, keyingi 7–10 daqiqa ichida terisi asta-sekin pushti rangga kiradi. Qoʻllar va oyoqlar 24 soatgacha koʻk boʻlib qolishi mumkin, bu normal.
Tugʻilishdan oldin bolaning terisi “dastlabki moy” deb ataladigan silliq oq modda bilan qoplangan boʻladi. Muddatidan erta tugʻilgan chaqaloqlarda odatda bunday moy qatlami teri burmalarida ayniqsa qalin boʻladi. Tugʻilgandan keyin uni olib tashlash tavsiya etilmaydi, chunki u himoya vazifasini bajaradi.
Yangi tugʻilgan chaqaloqning yuzi koʻk, baʼzida qovoqlari shishgan boʻlishi mumkin. Bu odatda kindik tizimchasining boʻyinga oʻralishi natijasida teridagi mayda-mayda tomirlar yorilishi tufayli yuz beradi; koʻkarish keyingi kunlarda asta-sekin oʻtib ketadi, lekin sariqlik kelib chiqishi mumkin.
Yangi tugʻilgan chaqaloqning terisi toʻkilishi yoki koʻchishi mumkin; odatda bu kutilgan muddatdan keyin tugʻilgan chaqaloqlarda kuzatiladi. Agar bachadon (amniotik) suyuqligi yashil boʻlgan boʻlsa, teri va tirnoqlar yashil rangda boʻlishi mumkin (demak, bachadon suyuqligi bolaning axlati – mekoniy bilan aralashgan).
Bosh shakli
Yangi tugʻilgan chaqaloqlarning boshi katta bolalar va katta odamlarniki bilan taqqoslaganda tanaga nisbatan kattaroq koʻrinadi. Bu nomutanosiblik, ayniqsa, erta va kamvazn tugʻilgan bolalarda seziladi.
Tugʻilgan zahoti boshning choʻzilgandek koʻrinishi odatiy holdir. Yangi tugʻilgan chaqaloqning bosh suyaklari yumshoq boʻladi, bu tugʻuruq yoʻllaridan iloji boricha oson oʻtishi uchun zarur. Koʻpincha bosh choʻqqisida, baʼzan chapda yoki oʻngda ozgina shishni kuzatish mumkin. Baʼzida shish chaqaloqning boshidagi shapkasi kabi juda katta boʻlishi mumkin (ayniqsa, agar u vakuumli ekstraksiya yoʻli bilan tugʻilgan boʻlsa), lekin u ham juda tez, bir necha soat ichida oʻtib ketadi. Hayotining ikkinchi kunidan boshlab baʼzi chaqaloqlarda kefalogematoma – bosh suyagi va suyak pardasi oʻrtasiga qon quyilishi – boshning yon tomonida yoki tepasida, bir yoki ikkala tomonida kuzatilishi mumkin. Kefalogematoma tugʻuruqdagi shikastlanish hisoblanadi, lekin u bezarar va hajmiga qarab keyingi bir necha hafta ichida asta-sekin yoʻqolib ketadi.
Tugʻilish paytida boshning shakliga koʻplab omillar taʼsir qilishi mumkin – muddatidan erta tugʻuruq, egizak yoki koʻp homilalilik, bachadon ichi suyuqligining yetishmasligi. Homiladorlik paytida tos holatida boʻlgan chaqaloqlar tugʻilish paytida oʻziga xos bosh shakliga ega boʻladi va hammasi bir-biriga oʻxshash koʻrinishda boʻladi: yuzi dumaloq, bosh choʻqqisi yassi, bosh ensaga tomon choʻzilgan.
Har qanday holatda ham bosh shakli bir necha hafta davomida oʻzgaradi – u odatiy koʻrinishga keladi va asta-sekin genlar tomonidan “oʻrnatiladigan” shaklga kiradi.
Kichkintoyingiz dunyodagi betakror va eng chiroyli bola ekanini bir lahza ham unutmang!!!