Homiladorlik davrida emizish
Siz homiladorsiz va hali ham katta farzandingizni emizasiz. Hanuzgacha yetarli miqdorda sut ishlab chiqarilayotgan boʻlsa, emizishni toʻxtatish kerakmi, yoʻqmi, tugʻiladigan bolaga emizish qanday taʼsir qiladi, degan savollar haqida oʻylayapsizmi? Baʼzida ona homiladorlik paytida emizishni asta-sekin toʻxtatishga qaror qiladi yoki bolaning oʻzi emishni rad etadi. Baʼzilar esa homiladorlik davrida, xususan, farzandi hali kichkina boʻlsa va homiladorlik rejalashtirilmagan holatlarda emizishni davom ettiradilar.
Emizish qisman keyingi homiladorlikdan himoya qiladi, lekin har bir ayolning organizmi oʻziga xos. Baʼzi ayollar emizish paytida ham oson homilador boʻladi. Emizish paytida rejalashtirilmagan homiladorlikning oldini olish uchun tavsiya etiladigan kontrasepsiya usuli haqida shifokor ginekolog bilan maslahatlashing.
Agar bunday vaziyatga tushib qolsangiz, tanlovdan oldin sizda koʻp savollar paydo boʻladi. Baʼzida tibbiyot xodimlarining turlicha maslahat berishi mumkin; ehtiyot boʻling va kimdir sizga emizishni toʻxtatishni tavsiya qilsa, yaxshilab oʻylab koʻring (ayniqsa, chaqalogʻingiz bir necha oylik boʻlsa).
Homiladorlik paytida emizish tugʻilmagan bolaga qanday taʼsir qiladi?
- Tugʻilmagan bola oʻzi uchun yetarli ozuqa ololmaydi degan xavotir bor. Koʻrinib turibdiki, tugʻilmagan bolaning ehtiyojlari birinchi oʻrinda turadi va onaning ovqatlanishi muntazam va sifatli boʻlsa, u oʻzi uchun zarur boʻlgan hamma narsani oladi.
- Agar onaning bundan oldingi bolasi tushgan yoki muddatidan oldin tugʻilgan boʻlsa, ehtiyot boʻlish tavsiya etiladi, lekin bu holatlarning emizish tufayli yuzaga kelish ehtimoli kam.
- “Chaqaloq tugʻilgandan keyin unga ogʻiz suti yetarli miqdorda boʻladimi?” degan savol ham koʻpchilikni oʻylantiradi. Homiladorlikning oxiriga kelib koʻkrak bezi ogʻiz suti ishlab chiqara boshlaydi. Ogʻiz sutining taʼmi (odatdagidan koʻra shoʻrroq) katta farzandni koʻkrak sutidan ajratishga yordam beradi.
Homilador ayol emizish vaqtida nimani his qiladi?
Homiladorlik davrida emizish turli xil nojoʻya taʼsirga ega boʻlishi mumkin. Baʼzi onalar emizish paytida ertalabki koʻngil aynishi kuchayishini aytadi, bu holat gormonlar ajralishi, ochlik, chanqoqlik yoki charchoq bilan bogʻliq boʻlishi ehtimoli bor. Koʻkrak bezi homiladorlik gormonlari tufayli juda sezgir boʻlib qolishi mumkin; bolaning koʻkrak oldida toʻgʻri joylashishiga va koʻkrakka toʻgʻri tutilishiga eʼtibor bering.
Hali ham yetarli miqdorda sut ishlab chiqariladimi?
Agar farzandingiz toʻqqiz oyga toʻlmagan boʻlsa, siz yaxshi ovqatlanayotgan boʻlsangiz va bolangizni xohlaganida emizishga undasangiz, kerakli miqdordagi sutni saqlab qolish uchun hamma imkoniyatga egasiz. Baʼzida homiladorlik gormonlari sut ishlab chiqarishni kamaytiradi; har qanday holatda ham shifokor bilan maslahatlashishingiz maqsadga muvofiq.
Emizishni toʻxtatish kerakmi?
Agar emizishni toʻxtatishga qaror qilsangiz, uni bosqichma-bosqich amalga oshirishga harakat qiling. Baʼzan toʻngʻich farzandingiz sut oʻzgarganligi tufayli koʻkrakdan voz kechadi. Homilador boʻlish bilan bu jarayonni tezlashtirganingiz uchun oʻzingizni aybdor his qilishingiz yoki bolangiz bilan boʻlgan bu oʻzgacha aloqani yoʻqotishingizdan afsuslanish tabiiy holdir. Yaqinda tugʻiladigan bolaga va oʻzaro oʻrnatiladigan munosabatlarga eʼtibor qarating. Sizning ikkinchi va keyingi homiladorligingiz bu – alohida davr. Siz ona rolida oʻzingizda koʻproq ishonch his qilasiz, chunki siz bolangizni muvaffaqiyatli dunyoga keltirdingiz va koʻkrak bilan boqdingiz.
Turli yoshdagi ikkita bolani bir vaqtning oʻzida emizish
Bir vaqtning oʻzida emizish deganda bir paytda turli yoshdagi ikkita bolani emizish tushuniladi (egizaklarni emizishdan farqli oʻlaroq). Tugʻilgandan soʻng ikkala bolani ham emizish mumkin. Baʼzan homiladorlik paytida emishni toʻxtatgan katta farzand ukasi/singlisi tugʻilganidan keyin uni yana davom ettirishni soʻraydi. Ikkala bolani ham bir vaqtning oʻzida emizsa boʻladi va baʼzi professional uyushmalar buni tavsiya qiladi. Afzalligi shundaki, toʻngʻich farzand hali ham ona sutining barcha ozuqaviy va immunitetni mustahkamlovchi xususiyatlaridan bahramand boʻladi, shuningdek, onaning koʻkragi toʻlib ketgan boʻlsa, unga yordam berishi mumkin. Boshqa tomondan, kichik farzandga sut yetishmasligi yoki ona toʻliq eʼtibor qaratmasligi mumkin.