Kandidoz (yelikish)
Yelikishni kandida zamburugʻi keltirib chiqaradi. Bu zamburugʻ hammamizning organizmimizda boshqa mikroorganizmlar bilan muvozanatda yashaydi; bu muvozanat buzilganda kasallik rivojlanadi.
Chaqalogʻingiz zamburugʻ mavjud boʻlgan yuzalarni, masalan, koʻkrak uchi, shisha soʻrgʻichi, oʻyinchoqlar kabi narsalarni soʻrish orqali uni yuqtirishi mumkin. Koʻpincha tabiiy yoʻl bilan tugʻilgan chaqaloqlar tugʻuruq paytida kandidozga yoʻliqadi, chunki u odatda onaning qinida oz miqdorda boʻladi.
Baʼzida bolani antibiotiklar bilan davolash kandidoz paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin.
Kasallik belgilari
- Bolada ogʻiz boʻshligʻining shilliq qavatida oq dogʻlar yoki taglik sohasida toshma paydo boʻladi.
- Bolada odatda belgilar boʻlmaydi; kasallik tarqalganda u yalligʻlanish tufayli emishdan yoki ovqatlanishdan bosh tortishi mumkin; soʻlak ajralishi koʻpayadi.
- Agar onada kasallik boʻlsa, zararlangan koʻkrak uchlarining koʻrinishi meʼyorda yoki qizargan va yalligʻlangan boʻlishi mumkin.
- Koʻkrak kandidozi chuqur sanchiqli ogʻriq bilan birga kechadi va ona emizganidan keyin soʻrgʻichlarining “qizishi” yoki “sanchishi”ni sezadi.
Oʻzgarishlar birinchi navbatda chaqaloqning tilida sodir boʻladi; sut qoldigʻidan farqli ravishda, ularni osongina olib tashlash mumkin emas. Agar kandidoz yonoq va lablarning ichki qismiga tarqalsa, mayda oq dogʻlarni koʻrish mumkin (xuddi bugʻdoy yormasi sepilgandek).
Onani davolash
- Shifokor tavsiyasiga koʻra, zamburugʻlarga qarshi dorilarni qoʻllang.
- Har bir emizishdan keyin soʻrgʻichlarni iliq suv bilan yuving, ochiq holda quriting.
- Har bir emizishdan oldin soʻrgʻichlarni ichimlik sodasi eritmasi bilan artib tashlang.
- Bolani emizishdan, kiyimlarini almashtirishdan oldin va keyin qoʻlingizni yuving.
- 95 °C haroratda yuvish mumkin boʻlgan, paxtali matodan tikilgan siynaband taqing.
- Zamburugʻlar nam muhitni “yoqtiradi”, shuning uchun koʻkrak tagliklarini ishlatmang;
Bolalarni davolash
- Shifokor tavsiyasiga koʻra, zamburugʻlarga qarshi dorilarni qoʻllang (tomchilar yoki ogʻiz geli).
- Bolaning ogʻzidan oq karashni ichimlik sodasi eritmasi (100 ml sovitilgan qaynagan suvga 1 choy qoshiq soda qoʻshing) bilan asta-sekin olib tashlang. Barmogʻingizga doka oʻrab, uni eritmaga botirib, chaqaloqning tili, milki va lunji ichidagi shilliq qavatlarini ovqatlanishdan yarim soat oldin arting.
Chaqaloq emayotganda infeksiya ogʻizdan soʻrgʻichlarga oʻtadi (yoki aksincha), shuning uchun onani ham, bolani ham davolash muhim ahamiyatga ega.
Qanday qilib yelikishning oldini olish mumkin?
- Shisha soʻrgʻichlarini, soʻrgʻich qopqoqlarini, qoshiqni sterilizatsiya qiling.
- Bola ogʻziga soladigan oʻyinchoqlarni yuving.
- Bolani emizishdan, kiyimini almashtirishdan oldin va keyin qoʻlingizni yuving.
- Agar chaqalogʻingizning taglik sohasida toshma boʻlsa, uni davolang.
Agar yelikish ogʻiz boʻylab tarqalsa, chaqaloq emishdan yoki boshqa ovqatdan bosh tortsa, isitmasi koʻtarilsa yoki yelikish tez-tez takrorlansa, bolani shifokorga olib boring. Agar koʻkragingiz uchlari qizishini, sanchishini sezsangiz yoki koʻkragingizda chuqur sanchiqli ogʻriq boʻlsa, shifokor bilan maslahatlashing.