Koʻkrak bezining yalligʻlanishi (mastit) va yiringlashi (absess)
Agar mastit (koʻkrak bezining yalligʻlanishi) erta bosqichda aniqlanmasa, u absessga (koʻkrak bezining yiringlashi) aylanishi mumkin (mahalliy yiringli oʻchoqning shakllanishi). Koʻkrak bezining yiringlashida (absessda) koʻkrak sohasi issiq, ogʻriqli, suyuqlik bilan toʻlgan, shishgan boʻladi, baʼzida yiringli ajralma yuzaga kelishi mumkin.
Mutaxassislar oʻrtasida “mastit” atamasi har doim ham bakterial infeksiyani anglatadi degan umumiy fikr yoʻq. Ammo u har doim yalligʻlanish jarayonidir. Oʻtkir mastitning eng koʻp keltirib chiqaradigan sababchisi yiringli stafilokokklar boʻlib, ular ishlab chiqaradigan toksinlar isitma, titroq, bezovtalikka va eng ogʻir holatlarda koʻkrak bezining yiringlashiga (absessga) olib keladi.
Mastitga zamburugʻlar ham sabab boʻlishi mumkin, ayniqsa, agar bolaning ogʻiz boʻshligʻida zamburugʻli ogʻiz yaralari boʻlsa. Oʻtkir mastit paytida siz oʻzingizni juda yomon his qilishingiz mumkin; ammo toʻgʻri davolanish bilan ahvolingiz tezda yaxshilanadi.
Mastit koʻpincha tugʻuruqdan keyingi birinchi haftalarda roʻy beradi, ammo u emizish davrining istalgan vaqtida ham sodir boʻlishi mumkin. Koʻkrak bezining dagʻallashuvi va sut yoʻllarining tiqilib qolishidan farqli, mastit doimo bitta koʻkrak bezida uchraydi!
Mastitning sabablari
Koʻkrak bezining dagʻallashuviga olib keladigan barcha omillar mastitning ham rivojlanishiga hissa qoʻshadi.
- Koʻkrak uchi – soʻrgʻichining yorilishi.
- Koʻkrak soʻrgʻichidan sut yoʻllari orqali koʻkrakka tarqaladigan infeksiya.
- Sut yoʻllarining notoʻgʻri boʻshatilishi yoki tiqilib qolgan sut yoʻllarini notoʻgʻri parvarishlash.
- Bolaning ogʻiz boshligʻi infeksiyasi.
- Emizishni toʻsatdan toʻxtatish.
Mastitni davolash
- Shifokorga murojaat qiling va uning tavsiyasiga koʻra, infeksiya, ogʻriq va isitmaga qarshi dori-darmon qabul qiling.
- Agar onada tana haroratining koʻtarilishi 24 soatdan ortiq davom etsa, 24 soat davomida tez-tez va samarali emizgandan yoki koʻkrakni boʻshatgandan keyin ham mastit alomatlari saqlanib qolsa, onaning ahvoli yomonlashsa, antibiotiklar bilan davolash kerak.
- Emizishni toʻxtatmang (agar shifokor tomonidan tavsiya qilingan boʻlmasa).
- Bolaning koʻkrak oldida toʻgʻri joylashganiga va koʻkrakka toʻgʻri tutilganiga ishonch hosil qiling. Zarur boʻlsa, holatini toʻgʻrilang.
- Har safar emizishdan keyin zararlangan koʻkrakdan sutni sogʻib tashlang.
- Kasallik chekinmaguncha iloji boricha koʻproq dam oling, lekin emizishni toʻxtatmang (koʻkrak emas, balki ona dam oladi!).
Agar mastit qayta rivojlansa va doim koʻkrakning aynan bir qismi zararlansa, qizarish va shish oʻtib ketmasa, absess bor-yoʻqligi boʻyicha tekshiruvdan oʻting (koʻkrak bezining ultratovush tekshiruvi va natijalar asosida jarroh maslahati tavsiya etiladi). Agar absess paydo boʻlsa, jarrohlik yoʻli bilan davolash kerak.
Koʻkrak suti ishlab chiqarilishi boʻyicha savollaringiz yoki shubhalaringiz boʻlsa, shifokoringiz yoki oila hamshirasiga murojaat qiling, ular sizga maxsus yordam va maslahat beradi, tinchlanishga ham yordamlashadi.