Koʻkrak suti bilan ovqatlantirishni vaqtincha toʻxtatish
Emizishga mutlaq qarama-qarshiliklar kamdan kam uchraydi; qarama-qarshiliklarning vaqtinchalik holatlari tez-tez uchrab turadi va ona sogʻayib ketgandan soʻng emizishni davom ettirishi mumkin. Agar oʻtkir kasallik boʻlsa yoki kerakli davo choralari koʻkrak suti bilan boqishni taqiqlasa, davolangandan keyin davom ettirish mumkin.
“Nisbiy qarama-qarshiliklar” ancha keng tarqalgan boʻlib, ularni aniqroq qilib “emizishdagi qiyinchiliklar va muammolar” deb taʼriflash mumkin. Ota-onalar koʻpincha koʻkrak suti bilan ovqatlantirishni toʻxtatishga hojat boʻlmaganda yoki vaqtinchalik toʻxtatish kerak boʻlganda qarama-qarshi va chalkash, hatto chalgʻituvchi maʼlumotlar va maslahatlar oladi.
Onaning oʻtkir kasalliklari va tana haroratining koʻtarilishi
Emizish paytida kasal boʻlgan deyarli barcha holatlaringizda emizishni davom ettirishingiz mumkin. Kasallik paytida emizishni davom ettirish siz uchun ham, bolangiz uchun ham bir qator afzalliklarga ega. Kasallik paytida tanangiz sutgan oʻtadigan va bolani himoya qilishga yordam beradigan antitanachalar ishlab chiqaradi. Emizishni toʻsatdan toʻxtatib qoʻyishi koʻkrakning toʻlib ketishi va isitma koʻtarilishiga olib kelishi mumkin. Bolada gʻashlik, injiqlik paydo boʻladi. Kasallik payti bolani emizish – ovqatlantirishning eng oddiy va samarali usuli; ona bolalar sunʼiy sut aralashmalarini tayyorlash, shisha va soʻrgʻichlarni sterilizatsiya qilish, bolani ovqatlantirish uchun oʻrnidan turishiga hojat yoʻq.
Agar emizikli ayolning tana harorati 38 °C va undan yuqori boʻlsa, koʻpincha emizish toʻxtatiladi. Bu esa emizish jarayoniga zarar yetkazadi, shu bilan birga, bu holatda bolalarda infeksiyalarning koʻpayishi aniqlanmagan. Isitmaning sababi sut yoʻllarining tiqilib qolishi boʻlsa, emizishni umuman toʻxtatmaslik kerak. Bu holatlarda emizish jarayoni davolash oʻrnini bosadi. Siz koʻkragingizni bolangiz boʻshatgandek puxtalik bilan hech qachon boʻshata olmaysiz.
Chaqaloqdagi sariqlik
Agar yangi tugʻilgan chaqalogʻingizda sariqlik boʻlsa, emizishni toʻxtatish shart emas. Faqat kamdan kam hollarda ogʻir giperbilirubinemiya holatlarida emizishni qisqa muddatga vaqtincha toʻxtatish zarurati paydo boʻlishi mumkin.
Onaning kasalxonaga yotqizilishi
Agar emizish davrida jarrohlik amaliyotini oʻtkazishingiz, tashxis qoʻyish yoki davolanish uchun kasalxonaga yotishingiz kerak boʻlsa, bu emizishingizga xalaqit berishi mumkin. Shifokor bilan maslahatlashgan holda, bolani koʻkrakdan chiqarguningizcha salbiy oqibatlar olib kelmaydigan va qoldirilishi mumkin boʻlgan barcha muolajalarni kechiktiring.
Agar kechiktirishning iloji boʻlmasa, shifokorga emizayotganingizni, bolaning yoshini, faqat koʻkrak suti bilan yoki sunʼiy oziqlanishini, yoki boshqa ovqatlar kiritilgani toʻgʻrisida ayting.
Kasalxonada yotganda koʻkragingizni muntazam boʻshatishingiz kerak; xodimlardan yordam soʻrang va iloji boʻlsa, nasos aksessuarlarini ishlating. Yana bir boshqa usul – oila aʼzolaringizdan toza idishlarni olib kelishlarini iltimos qiling va sogʻilgan sutni olib borishlarini hamda bolaga berishlarini iltimos qiling. Koʻkrak sutini xavfsiz yigʻish, saqlash va tashish boʻyicha tavsiyalarga amal qiling! Agar sizga dori kerak boʻlsa, shifokor iloji boricha emizishni xavfsiz davom ettirish imkonini beradigan dorilarni tanlaydi. Emizishda tavsiya etilmaydigan dori-darmonlarni qabul qilish emizishni vaqtincha toʻxtatishga koʻrsatma hisoblanadi. Bu vaqt mobaynida siz muntazam ravishda koʻkragingizni boʻshatishni davom ettirasiz, lekin ona sutini bolaga bermaysiz. Davolanish tugagunga qadar unga bolalarning sunʼiy sut aralashmalaridan berib turasiz.
Boshqa barcha holatlarda, agar bolangizni emizishingiz mumkinligiga ishonchingiz komil boʻlmasa, ginekolog, pediatr, maʼlum bir kasallik boʻyicha tegishli mutaxassis va farmatsevt bilan maslahatlashing. Ota-onalar koʻkrak suti bilan ovqatlanishni toʻxtatishga hojat boʻlmaganda yoki vaqtinchalik toʻxtatish kerak boʻlganda koʻpincha qarama-qarshi va chalkash, hatto chalgʻituvchi maʼlumotlar va maslahatlar oladi. Koʻkrak suti bilan boqish paytida dori-darmonlarni qoʻllash sut kelishi davrining istalmagan va asossiz uzilishining eng keng tarqalgan sabablaridan biridir.
Kasallik yoki dori-darmonlar tufayli emizishni qisqa vaqtga toʻxtatish kerak boʻlgandan keyin sut kelishini tiklash va bola emishni qaytadan boshlashi uchun sizga sabr-toqat va qatʼiyat kerak boʻladi. Sut kelishining har qanday uzilishi koʻkrak suti bilan boqishni tiklab boʻlmaydigan holatga olib keladi va buning natijasida sogʻliqqa salbiy taʼsir koʻrsatadi.