Koʻkrak sutini saqlash
Siz bir necha soat uydan uzoqda boʻlishingiz va bolangizni emizolmay qolishingiz mumkin. Koʻproq ishlashingizga, sayohat qilishingizga toʻgʻri kelib qolishi yoki katta farzandingiz kasal boʻlishi mumkin, oʻzingiz uchun vaqt ajratishni ham xohlaysiz; bundan tashqari, koʻp onalar tugʻuruqdan keyin tez orada ishga qaytishga majbur boʻladi. Bunday hollarda ona sutini sogʻish va sovitkichda saqlash tavsiya etiladi. Sovitkichda yoki muzlatkichda saqlanadigan sutingiz uning ozuqaviy xususiyatlarini yoki taʼmini oʻzgartirmaydi.
Sutni saqlashga tayyorgarlik
Tayyorgarlik sutni sogʻish jarayonidan boshlanadi – qoʻlda yoki elektr moslama orqali. Sutsoʻrgʻiсhdan foydalanish juda qulay, chunki sut toʻgʻridan toʻgʻri steril shishaga yigʻiladi, sut tashqi bakteriyalar bilan ifloslanmaydi; bunday idishdagi sut isteʼmol qilinguncha saqlanishi mumkin.
Sutni har doim toza qoʻllar bilan sogʻing! Qoʻlingizni sovunlab yuving; sogʻishdan oldin koʻkrakni yuvish shart emas. Sut idishlarni yuvish vositasi bilan issiq suvda tozalab, yaxshilab chaying va havoda quriting yoki qogʻoz sochiq bilan arting. Dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanish tavsiya etilmaydi. Sutsoʻrgʻichni ishlab chiqaruvchi korxonaning koʻrsatmalariga muvofiq yuving va dezinfeksiya qiling. Sogʻilgan sutni saqlash uchun mahkam yopiladigan qattiq plastmassa yoki shisha idishlardan yoki ona sutini saqlashga moʻljallangan maxsus idishdan foydalaning. Sutning barcha tarkibini saqlash uchun plastik idishlar shisha idishlardan yaxshiroqdir. Bolalar butilkasi uchun ishlatiladigan plastmassada zararli kimyoviy modda – bisfenollar boʻlmasligi kerak! Bir marta ishlatiladigan plastik idishlar yoki siydik uchun moʻljallangan idishlar tavsiya etilmaydi, chunki ularning kimyoviy xavfsizligi ishonchli emas.
Sutning toʻgʻri saqlanishi uning ozuqaviy va himoyalash xususiyatlarini saqlab qolish va tashqi bakteriyalar bilan ifloslanishining oldini olishda juda muhim ahamiyatga ega. Sutni faqat toʻgʻri saqlangan holatda ishlatish mumkin!
Yangi sogʻilgan ona sutini saqlash
Xona haroratida: 4 SOATDAN OSHMASIN. Agar sutni uzoq vaqt ishlatmasangiz, uni muzlatkichda saqlash tavsiya etiladi. Sovitkichda: 24 dan 72 soatgacha; eshigida emas, balki ichkarida, harorat doimiy va 5°C dan oshmaydigan joyda. Agar sutni uzoqroq saqlashni rejalashtirayotgan boʻlsangiz, uni muzlatib qoʻygan maʼqul.
Sovuq sutni isitish uchun sut solingan idishni issiqroq suvga botiriladi. Bundan tashqari, maxsus shisha isitkichdan foydalanishingiz mumkin. Koʻkrak sutining tarkibi bir xil emas, shuning uchun uning ikki qismga – yogʻ va suvga ajralishi odatiy holdir. Haroratni tekshirishdan oldin sutdagi yogʻni teng taqsimlash uchun idishni chayqating.
Hech qachon koʻkrak sutini mikrotoʻlqinli pechda yoki toʻgʻridan toʻgʻri pechda qizdirmang. Yuqori haroratda ayrim zarur tarkibiy qismlar yoʻqoladi va bola mikrotoʻlqinli pechda notekis isitilgan sutdan kuyishi mumkin.
Muzlatilgan sut
- Sogʻilgan sutni muzlatib qoʻyish mumkin. Sutni eritish va isitish oson boʻlishi uchun uni 30–120 ml idishlarda saqlang, shunda isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaysiz.
- Saqlashdan oldin idishlarga sut yigʻilgan sanani belgilang. Kun davomida bir necha marta boʻlib sogʻilgan sutni bitta idishga quyish mumkin.
- Sovitilgan yoki muzlatilgan sutga yangi sogʻilgan sutni qoʻshmang – yangi sutni ilgari sogʻilgan sutga qoʻshishdan oldin uni sovitishingiz kerak.
- Agar paketlardan foydalansangiz, muzlatkichdagi boshqa oziq-ovqatlarning hidi oʻrnashib qolmasligi uchun ularni yopiq plastik idishda saqlang.
- Zarur boʻlganda bolalar pyuresini tayyorlashda ham shunday sutdan foydalanishingiz mumkin.
Sutni muzlatkichda saqlash
- Sovitkichda saqlash muddati: ikki haftagacha
- Alohida eshikli vertikal muzlatkichda saqlash muddati: 3–4 oy
- – 19°C haroratda doimiy chuqur muzlatish kamerasida saqlash muddati: 6 oygacha
Muzlatilgan sutning hidi
Muzlatilgan yoki sovitkichda saqlangan sut tarkibidagi yogʻlar fermentlar taʼsirida parchalanadi, natijada uning hidi yangi sutdan farq qilishi mumkin. Bolalar sutni ichishdan bosh tortishiga uning hidi sabab boʻlishi haqida hech qanday dalil yoʻq.
Muzlagan sutni eritish
- Sutni sovitkichda asta-sekin eritish mumkin (taxminan 12 soat vaqt kerak boʻladi; uni ishlatishdan oldin bir kechaga sovitkichga qoʻying). Muzlatilgan sutni eritish uchun xona haroratida qoldirmang.
- Agar tezroq eritish zarur boʻlsa, muzlatilgan sut idishini suv oqimi ostiga qoʻyishingiz mumkin (oldin sovuq boʻlsin, keyin asta-sekin suv haroratini koʻtaring).
- Sut toʻliq eriganidan soʻng sovitkichda 24 soatgacha, xona haroratida esa koʻpi bilan 2 soat saqlanishi mumkin. Eritilgan sutni qaytadan muzlatmang!
Sogʻilgan sutni tashish
Sogʻilgan sutni tashish uchun issiq oʻtkazmaydigan sovitish sumkasi va sovitish idishlaridan foydalaning. Yangi sogʻilgan yoki muzlatilgan sutni tashishingiz mumkin. Belgilangan joyga yetib kelishingiz bilan sutni muzlatkichga qoʻying. Agar muzlatilgan sut erigan boʻlsa, uni 4 soat ichida ishlating va qaytadan muzlatmang.
Bu tavsiyalar muddatida tugʻilgan sogʻlom chaqaloq uchun uy sharoitida sutni saqlashda qoʻllanadi. Agar farzandingiz muddatidan ilgari tugʻilgan va/yoki shifoxonaga joylashtirilgan boʻlsa, sutni saqlash boʻyicha koʻrsatma olish uchun albatta shifokor bilan maslahatlashing!