Kamvazn bolalar uchun umumiy tavsiyalar

Vaznning turli darajadagi kamayishi (yoki vaznning yetarli qoʻshilmasligi) bola hayotining istalgan vaqtida yuz berishi mumkin. Bu koʻpincha kasallik va / yoki toʻyib ovqatlanmaslik natijasida yuzaga keladi. Taomni toʻgʻri tayyorlash, sifatli ovqatni tez-tez taklif qilish, ota-ona va bola munosabatlarini yaxshilash, bolaning ehtiyojlarini inobatga olish kamvaznlikni yoki vaznning yetarli qoʻshilmasligini asta-sekin yoʻqotish imkonini beradi.
Body

Vaznning yoki uzunlik / boʻyning kamayishi vaznning yetarli darajada qoʻshilib bormasligi bilan birga kechishi koʻpincha kasallik va / yoki toʻyib ovqatlanmaslik natijasida yuzaga keladi. Erta bolalik davrida toʻgʻri ovqatlanish bolaning imkoniyatlarini toʻliq rivojlantirish uchun muhim. Buni anglagach, ushbu muammoni oʻzingiz hal etishga harakat qilasiz.

Quyida pediatrga borishdan oldin kerakli oʻzgartirishlar kiritishga yoki qoʻllashga yordam beradigan baʼzi foydali tavsiyalar keltirilgan.

Kasallik vaqtida

  • Agar bola hayotining ikkinchi yilida ona suti bilan oziqlansa, u emishni tez-tez soʻrayotganiga va emizish vaqti qisqaroq ekaniga amin boʻling – uning ehtiyojiga javob bering.
  • Bolaning ishtahasi sustroq va ozroq ovqat isteʼmol qilsa-da, yetarli miqdordagi suyuqlik olishi juda muhimdir.
  • Farzandingizga yumshoqroq turdagi turli xil ovqatlar (shoʻrvalar, qaynatmalar, sabzavotli aralashmali boʻtqalar, yangi qovun va tarvuz boʻlaklari…) tayyorlang va tez-tez taklif eting va ular bolaning eng sevimli taomlari ekaniga ishonch hosil qiling.
  • Ovqatlanish oraligʻida unga odatdagidan koʻproq miqdorda va oz-ozdan qultumlatib suyuqlik bering (u najas, teri, nafas olish yoʻli bilan suyuqlik yoʻqotadi), odatda ichimlik suvini berish maqsadga muvofiqdir.
  • Farzandingizning xatti-harakatini kuzatib boring va uning ehtiyojlarini qondiring: suyuqlik yoki oziq-ovqatni u yeya oladigan miqdorda bering.

Kasallikdan keyin (boshqa iqtisodiy yoki ijtimoiy-hissiy sabablarga koʻra ham) oziq-ovqatni kam isteʼmol qilish davrida:

  • Yoʻqotilgan vaznni tiklab, meʼyorda oʻsishda davom etguniga qadar bolani koʻproq va / yoki tez-tez ovqatlanishga undash kerak.
  • Agar bola 2 yoshdan kichik boʻlsa va ona suti bilan oziqlanadigan boʻlsa, bolaning ehtiyojlariga muvofiq, ehtimol tez-tez emizishni davom ettirish kerak.
  • Bolaning yoshiga mos ravishda toʻgʻri ovqatlanishi boʻyicha tavsiyalarga eʼtibor bering, ammo shuni yodda tutingki, ayni paytda farzandingizning ehtiyojlari odatdagidan koʻproq.
  • Bolaning tobora ortib borayotgan ozuqaviy ehtiyojlarini qondirish uchun sifatli oqsilli taomlar bilan taʼminlang: har xil turdagi goʻsht, baliq, parranda goʻshti, tuxum va dukkaklilar (noʻxat, loviya, yasmiq) yormalar bilan birlashtiriladi; bola shu tariqa minerallar – temir va ruxning kerakli miqdorini oladi.
  • Yuqori energetik qiymatga ega boʻlgan taom tayyorlash kerak; buning uchun boʻtqalarga (manna boʻtqasi, makkajoʻxori boʻtqasi, yormali boʻtqalarga) bir choy qoshiq yogʻ yoki sariyogʻ boʻlagini qoʻshing.
  • Bolaga mahalliy yangi meva va sabzavotlarni berishda davom eting.
  • Ovqatni oilaviy anʼnalarga mos tarzda tayyorlang.
  • Farzandingizning ovqat talabini rad etmang, lekin quyida keltirilgan mahsulotlarni bermang: qoʻshimcha sut aralashmalari, shirin suyuqlik va mahsulotlar (shakar qoʻshilgan sharbatlar, gazlangan ichimliklar, tort va shirinliklar...), qovurilgan va zararli hisoblangan taomlar. Ular oshqozonni toʻldiradi, boshqa zarur va foydali oziq moddalar oʻrnini egallaydi.

 

Tekshirish, qoʻshimcha ovqatlanish boʻyicha tavsiyalar olish, keyingi oʻsish dinamikasini kuzatish uchun pediatrga murojaat qiling va u bilan maslahatlashing.