Bolalar tagliklarini tanlash

Chaqaloq terisi kattalarnikiga qaraganda sezgirroq. Tagliklarni bolaning ogʻirligi va boʻyiga qarab tanlash va ularni tez-tez almashtirish kerak.
Body

Toʻgʻri oʻlchamdagi tagliklar bu – chaqaloqning yoshi va vazniga mos keladigan tagliklardir. Goʻdakning ichi kelganidan keyin tagi doim suv va yumshoq sovun bilan yuvilishi kerak. Bir marta ishlatiladigan tagliklar eng qulayi hisoblanadi. Ular quyidagicha kiydiriladi: taglik yoyilib, chaqaloqning tagiga qoʻyiladi, yopishtiruvchi chiziqlar belning chap va oʻng tomonida (taxminan kindik darajasida) boʻladi. Taglikning old qismini kichkintoyingizning oyoqlari orasiga oʻrnashtiring, uni jinsiy aʼzolar sohasiga qoʻying, barmoqlaringiz bilan oyoqlar orasidagi elastik burmalarni yoying, soʻng taglikning old qismidagi chiziqlarni yopishtiring. Kamar haddan tashqari siqmasligi uchun har doim barmogʻingiz bolaning qorni va tagligi orasiga sigʻishini tekshirib koʻring.

Paxtali tagliklar salomatlik uchun xavfsizroq va kiyish uchun qulayroq; muntazam ravishda almashtirilsa, ular teri toshmalarini (bichilishlarni) keltirib chiqarishi ehtimoli kamroq boʻladi. Ular terining erkin nafas olishiga imkon beruvchi 100% tabiiy materialdan tayyorlangan, ammo ulardan peshob oʻtib ketmaydi. Bir martalik tagliklarni har ikki-uch soatda almashtirish kerak.

Doʻkonlarda siz bambuk tolasidan tayyorlangan, zamburugʻ va bakteriyalarga chidamli boʻlgan bambuk tagliklarni ham topishingiz mumkin. Ular allergiyaga moyil boʻlgan bolalar uchun mos keladi. Ularni kir yuvish mashinasida yuvish mumkin, lekin dazmollab boʻlmaydi, havoda quritilishi kerak. Axlatga tashlanganda 100–500 yil davomida chiriydigan bir martalik tagliklardan farqli oʻlaroq, ular 6 yilda chirib ketadi.

Teri toshmalari taglikni almashtirishda gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, hoʻl tagliklarni juda uzoq vaqt davomida kiyish, nam salfetkalarni haddan tashqari koʻp yoki notoʻgʻri ishlatish, ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga allergiya, antibiotiklar bilan davolash natijasida yuzaga keladi. Paxtali tagliklarda boʻlsa, reaksiya yuvish vositasi va mato kondisionerining yetarli darajada yuvilmagani, shuningdek, hoʻl tagliklar bolada juda uzoq vaqt qoldirilgani sababli yuzaga keladi. Taglikni tez-tez almashtirib turish orqali teri toshmalarining oldini olish mumkin. Agar 40 kunlikkacha boʻlgan chaqaloqda teri toshmasi paydo boʻlsa, ular bilan birga yiring va qoʻtirlar ham mavjud boʻlsa, harorat koʻtarilsa va 2–3 kun ichida vaziyat yaxshilanmasa, darhol shifokoringizga murojaat qiling.