Yangi tugʻilgan chaqaloqlarning eshitish qobiliyatini tekshirish
Eshitish qobiliyatining buzilishi eng keng tarqalgan tugʻma nuqsonlardan biri hisoblanadi. Uning ogʻir shakllari har 1000 nafar yangi tugʻilgan chaqaloqdan 1 tasida kuzatiladi, ularning koʻpchiligida tugʻilish payti xavf omillari yoki alomatlar boʻlmaydi.
Eshitish testi qanday oʻtkaziladi?
Yangi tugʻilgan chaqaloqning eshitishini tekshirishning eng koʻp tarqalgan usuli bu – audiologik skrining (OAE – otoakustik emissiya) hisoblanadi. Bu oddiy va ishonchli usul boʻlib, chaqaloq uchun ogʻriq va noqulaylik tugʻdirmaydi va bir necha daqiqa davom etadi. Bu chaqaloqning tashqi quloq kanaliga yumshoq quloq moslamasini qoʻyish va qurilmadagi signalni roʻyxatdan oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Eshitish qobiliyati cheklangan bolalarni davolashni imkon qadar erta boshlash kerak, chunki bu nutq va til qobiliyatining rivojlanishida eng yaxshi natijalarni taʼminlaydi. 1-oyning oxirigacha skriningni oʻtkazish, 3-oyning oxiriga qadar diagnostikani tugatish va 6-oyda reabilitatsiyani boshlash tavsiya etiladi.
Amaliy sabablarga koʻra, deyarli hamma joyda eshitish skriningi tugʻuruqxonada oʻtkaziladi.
Agar bola tugʻuruqxonada testdan oʻtmasa, bu uning eshitish qobiliyati buzilganini anglatadimi?
Yoʻq! Tashqi quloq kanalida bachadon suyuqligi yoki churra mavjudligi, xonadagi shovqin, chaqaloqning yigʻisi, burni bitib qolgan boʻlsa, emayotganda yoki nafas olayotganda chiqadigan tovushlar ham testni toʻgʻri oʻtkazishga xalaqit beradi. Agar yangi tugʻilgan chaqaloq dastlabki tekshiruvdan oʻtmasa, bir necha haftadan soʻng qayta tekshiriladi (qayta test). Qayta testni tugʻuruqxonada oʻtkazish ota-onalar uchun qulay. Agar chaqaloq qayta testdan oʻtmasa, uni qoʻshimcha tekshiruv uchun audiolog yoki surdologga yuboriladi. Audiologik skrining tashxis qoʻyish uchun emas, balki qoʻshimcha tekshiruvga muhtoj bolalarni aniqlash uchun qoʻllanadi.
Tugʻuruqxonada eshitish testi hamma bolalar uchun ham yetarli emas. Baʼzi bolalar tugʻuruqxonada testdan oʻtgan boʻlsalar ham, ularga qoʻshimcha eshitish nazorati va tekshiruvi zarur boʻladi. Bular eshitish qobiliyati buzilishi xavfi ostidagi bolalar: muddatidan erta tugʻilgan chaqaloqlar, tugʻilishida ogʻir asfiksiya boʻlgan bolalar, boshqa tugʻma nuqsonlar va bakterial meningitga yoʻliqqan bolalar, irsiy karlik mavjud boʻlgan oilalarning bolalari va boshqalar.
Tugʻuruqxonadagi skrining faqat tugʻilish vaqtida eshitish qobiliyati buzilgan bolalarni aniqlaydi. Baʼzi bolalarda nuqson keyinchalik yoki yengil shaklda namoyon boʻladi. Tugʻuruqxonada testdan oʻtishiga qaramay, chaqaloqning tovushlarga munosabatini, nutqi rivojlanishini va xatti-harakatlarini kuzatib borish kerak. Farzandim eshitmayapti deb oʻylasangiz, iloji boricha tezroq shifokorga murojaat qiling. Agar oilada irsiy karlik boʻlsa, eshitish qobiliyatining yoʻqolishi keyinchalik yuzaga chiqishi ham mumkin va bunday bolalar surdolog nazoratida boʻlishi kerak.
Nima uchun eshitish qobiliyatining buzilishini oʻz vaqtida aniqlash muhim?
Nutqiy va kommunikativ rivojlanishning kechikishiga yoʻl qoʻymaslik uchun eshitish qobiliyati buzilishini imkon qadar erta aniqlash juda muhimdir. 1-3-6 qoidasi eshitish skriningi hayotning birinchi oyida oʻtkazilishi kerakligini, testdan oʻtmagan bolani tekshirish va tashxislash 3-oyga qadar tugatilishini, eshitish funksiyasini tiklash hayotning 6-oyidan kechikmasdan boshlanishi zarurligini anglatadi. Bu bolaning til va nutq qobiliyati toʻliq rivojlanishini taʼminlaydi va shu tariqa bola oʻz imkoniyatlaridan toʻliq foydalanadi. Eshitish qobiliyatini tiklash audiologlar jamoasi tomonidan amalga oshiriladi va zarur boʻlganda boshqa mutaxassislar jalb qilinadi. Agar bolada ikki tomonlama ogʻir buzilish boʻlsa, baʼzida eshitish apparati yetarli boʻlmaydi va koxlear implant oʻrnatish orqali muammoga muvaffaqiyatli yechim topiladi.