Erta aralashuv nima va kimga murojaat qilish kerak?
Erta aralashuv dasturlariga qoʻshilish uchun shifokor bilan bogʻlaning. Erta aralashuv oilani qoʻllab-quvvatlash dasturlari va davo muolajalaridir. Erta aralashuv guruhi odatda pediatrlar, psixologlar, maxsus oʻqituvchilar, logopedlar, ijtimoiy xodimlar va hamshiralardan iborat boʻladi.
Erta aralashuv rivojlanishi kechikkan va rivojlanishida nuqsonlari bor 5–6 yoshgacha bolalar uchun amalga oshiriladi, lekin buni iloji boricha erta boshlash maqsadga muvofiq. Hayotning birinchi yillarida bolada rivojlanish imkoniyati katta va miya moslashuvchan boʻladi, bu esa rivojlanishi ogʻir kechadigan bolaning eng yaxshi natijalarga erishishiga imkon beradi. Shu sababli erta aralashuv nihoyatda muhim hisoblanadi.
Rivojlanishdagi har qanday nuqson, hatto aniq tashxis qoʻyilmaganda ham, oilani erta aralashuvga jalb qilish mezoni boʻlishi mumkin.
Erta yoshda davolash-terapevtik aralashuv xizmatlari va oilani qoʻllab-quvvatlash dasturlari:
- jamoaviy ishlashga asoslangan;
- kun tartibi hamda oila va bogʻchadagi mashgʻulotlardan kelib chiqib (bola jamoaga kiritilganda) har bir bola va har bir oila uchun individual tarzda oʻtkaziladi;
- oilaning ustuvor yoʻnalishlarini, uning tarkibini, qoʻllab-quvvatlash doirasini va oilaning yashash sharoitlarini hisobga olgan holda oilaga yoʻnaltirilgan;
- bola va oilaning kuchli tomonlariga tayanadi, ular asosida yordam koʻrsatish rejasi tuziladi va amalga oshiriladi;
- kundalik faoliyat doirasida bolaning qiziqishlari va motivatsiyasiga qaratilgan;
- bolaning rivojlanishini ragʻbatlantirish uchun ilmiy jihatdan tasdiqlangan strategiyalarga asoslangan.
Erta aralashuv dasturlari bolalarning potensialini muvaffaqiyatli rivojlantirishi isbotlangan, lekin ular autizmli bolalar uchun va hayotning turli bosqichlarida birdek samarali emas.