Ona suti tarkibida nimalar bor?

Ona sutidan yaxshiroq ozuqaning oʻzi yoʻq! Koʻkrak suti oʻzgarishi mumkin boʻlgan murakkab tirik moddadir, u bolaning rivojlanishini taʼminlab boradi, uni qoʻllab-quvvatlaydi va boshqaradi. Hech bir ozuqa ona sutining oʻrnini bosa olmaydi. U minglab turli xil tarkibiy qismlardan tashkil topgan va ularning aksariyatini sunʼiy ravishda ishlab chiqarib boʻlmaydi.
Body

Hozirgi vaqtda ona suti faqat ozuqa emas, balki biologik tizim sifatida qaraladi va tibbiy manba hisoblanadi. Tabiat hayotning birinchi kunidanoq bolalarga oʻzi uchun mos dori-darmonni ham tuhfa etgan.

Inson sutining barcha sirlari kashf qilingan deb oʻylangan bir paytda, XXI asr ona sutining tarkibi va roli haqida aql bovar qilmas tushunchalarni olib keldi va koʻplab yangi tadqiqotlar uchun yoʻl ochdi.

Ona sutining yomoni boʻlmaydi!

Ona sutining tarkibi emizish vaqtida bolaning oʻsishi hamda rivojlanish ehtiyojlariga qarab oʻzgaradi. Xususiyatlari va ishlab chiqarish vaqtiga qarab ogʻiz suti, oraliq va yetilgan sutga ajratiladi.

  • Ogʻiz suti – bola tugʻilgandan keyingi dastlabki kunlarda ishlab chiqariladigan sut. U quyuq, yopishqoq, tiniqdan sargʻish ranggacha boʻlgan suyuqlikdir. Uning tarkibida suv, oqsillar, fermentlar va A vitamini koʻproq, laktoza, yogʻ va suvda eriydigan vitaminlar kamroq boʻladi. Uning asosiy vazifasi himoyalash (tarkibida immunologik komponentlar bor: IgA, laktoferrin va leykotsitlar), shuning uchun uni birinchi emlash deyish mumkin. U dastlabki ich kelishi – mekoniyning chiqishiga yordam beradi.
  • Oraliq suti taxminan 6-kundan 15-kungacha ishlab chiqariladi. Uning himoyaviy ahamiyati kamroq, toʻyimliligi koʻproq boʻladi.
  • Yetilgan sut 15-kundan keyin ishlab chiqariladi. Unda oqsil miqdori kam, yogʻlar, uglevodlar, vitamin va minerallar koʻp boʻladi. U suyuqroq va oq rangda; juda suvli, shaffof va chaqalogʻingiz uchun yetarlicha sifatli emasdek tuyulishi mumkin. Qoʻrqmang, sutingiz chaqalogʻingizning ehtiyojlarini qondiradi!

Ona sutining tarkibi doimiy emas!

Ovqatlanish paytida birinchi sut old suti boʻlib, unda yogʻ miqdori pastroq va suyuqroq boʻladi hamda chaqaloqning chanqogʻini qondirishga xizmat qiladi. Undan keyin quyuqroq sut, yogʻ miqdori yuqori boʻlgan orqa sut keladi. Bolaga energiya va oʻsish uchun zarur boʻlgan seryogʻ sut olish uchun emizish yetarlicha uzoqroq davom etishi zarur. Kun davomida yogʻ miqdori ertalab va kechqurun eng yuqori boʻladi. Koʻkrak suti tarkibi bolaning ehtiyojlariga mos keladi – bolaning yoshi, mavsum, jinsga qarab oʻzgaradi – qizlar va oʻgʻil bolalar uchun sut bir xil emas! Farzandi muddatidan oldin tugʻilgan onalarning suti tarkibiga (xususan, oqsil miqdori va yuqori kaloriyalar) koʻra shu chaqaloqlarning oʻsish ehtiyojlariga moslashtirilgan.

Ona sutining ozuqaviy tarkibi

Sutingiz bolangizni birinchi olti oyda mukammal oʻsishi va rivojlanishi uchun zarur boʻlgan barcha ozuqaviy moddalar bilan taʼminlaydi. Koʻkrak suti chaqaloqning mukammal oʻsishi va rivojlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan nisbatda va miqdorda yogʻlar, oqsillar, shakar, vitaminlar, minerallar, antitanachalar, fermentlar, suv va boshqa koʻplab ingrediyentlarni oʻzida tutgan murakkab oziqlantiruvchi suyuqlikdir.

  • Oqsillar, yogʻlar va uglevodlarning tarkibi va miqdori bolaning ehtiyojlariga toʻliq mos keladi.
  • Suv sutning 87 foizini tashkil etadi. Shunday qilib, emizikli bola suvga boʻlgan ehtiyojini qondiradi va unga suv, choy yoki boshqa ichimliklarni berishga zarurat boʻlmaydi.
  • Shuningdek, sut tarkibida barcha oziq moddalarni hazm qilish va oʻzlashtirishga yordam beradigan fermentlar mavjud.
  • Oligosaxaridlar – onaning mazali shirasi: oligosaxaridlar bakteriyalarni bogʻlaydi va yoʻq qilishga yordam beradi, immun tizimining yetilishini tartibga soladi va probiotik bakteriyalar uchun oziq-ovqat boʻlib xizmat qiladi. Sizning sutingizdagi vitamin va minerallar yaxshi oʻzlashtiriladi va ishlatiladi.

Bilib qoʻygan yaxshi: sutingizdagi baʼzi tarkibiy qismlar, masalan, D vitamini va omega-3 yogʻ kislotalari nafaqat siz bir kun oldin nima isteʼmol qilganingiz, balki chaqaloq tugʻilishidan bir necha oylar ilgari nima yeganingiz, qanday jismoniy faoliyat bilan shugʻullanganingiz hamda qanday toksinlar, stresslarga duchor boʻlganingizning natijasidir.

Koʻkrak suti – tananing eng yaxshi tabiiy himoyachisidir. Bola tugʻilganda sutingiz chaqaloq uchun birinchi emlash hisoblanadi, uni infeksiyalar va kasalliklardan himoya qiladi va bolaning immunitetini rivojlantiradi. Bundan tashqari, koʻkrak sutida ahamiyati va roli toʻliq ochilmagan oʻzak hujayralari mavjud; bir narsa aniq: agar tabiat ularni yangi tugʻilgan chaqaloqqa moʻljallagan boʻlsa, demak, ular katta ahamiyatga ega!

  • Bifidogen omillar yangi tugʻilgan chaqaloqning ichak florasi oʻsishini kuchaytiradi. Laktoza (sut shakari) va oligosaxaridlar (prebiotik vazifasini bajaradigan murakkab shakar) birgalikda bifidobakteriyalar va laktobakteriyalarning oʻsishiga taʼsir koʻrsatadi.
  • Biomodullovchi omillar – oshqozon-ichak trakti, epiteliy, immun va asab tizimlarining oʻsishi, rivojlanishi va ishlashini tartibga soluvchi bir qancha bioaktiv vositalardir. Sutingizdagi tarkibiy qismlar bolaning asab tizimi oziqlanishi, oʻsishi va yetilishiga taʼsir qiladi.

Koʻkrak sutining mikroflorasi

  • Bizning sogʻligʻimiz va tanamizning yaxshi ishlashi tanamizning kutilmagan joylarida yashovchi turli mikroblarga bogʻliq. Ona suti uzoq vaqtdan beri steril deb hisoblangan. Bugungi kunda u ona sutining mikroflorasi deb ataladigan mikroorganizmlarning maxsus birikmasidan iboratligi maʼlum. Taxminlarga koʻra, ona suti shu tarzda chaqaloqni u oʻsadigan tabiiy muhitdagi hayotga tayyorlaydi.
  • Yangi tugʻilgan chaqaloqning ichak mikroflorasi yoʻgʻon ichakda joylashadigan bakteriyalardan tashkil topgan. Koʻkrak suti, tabiiy (qin orqali) tugʻish va tugʻilgandan soʻng darhol terining teri bilan aloqasini taʼminlash ichakda ushbu foydali bakteriyalarning joylashishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Sutni pasterizatsiya qilish (100℃ da qaynatish) immun va infeksiyaga qarshi omillarni kuchsizlantiradi, lekin ozuqaviy va biologik komponentlar oʻzgarmaydi.

Sizning tanangiz har doim chaqaloqning ehtiyojlarini qondirish uchun kerakli miqdordagi sutni va uning tarkibiy qismlarini ishlab chiqaradi!