Plyajga birinchi sayohat
Dastlab kichkintoyni suv boʻyidagi kichikroq basseynda choʻmiltirishdan boshlash kerak (basseyn sayoz boʻlsa ham, bolani hech qachon nazoratsiz qoldirmang). Basseynda bolani bir qoʻl bilan ushlab turing, ikkinchi qoʻlingiz bilan basseyndan suv olib seping. Agar chaqaloq bilan dengizga boradigan boʻlsangiz, uni bir qoʻlingiz bilan suvda ushlab turing, ikkinchi qoʻlingiz bilan uning ustiga suv seping; bolaning suvga va uning haroratiga oʻrganib qolganini sezganingizda unga suzish (shishiriladigan) halqasini kiydiring.
Chaqaloqlar va kattaroq bolalar uchun oyoq teshiklari boʻlgan suzgichlar mavjud; ulardan foydalanganda bola xavfdan xoli boʻladi. Chaqaloq bilan suvda boʻlganingizda, har doim oyogʻingizda mahkam turing, suvga chuqur tushmang. 6 oylik chaqaloq suvda 10 daqiqadan ortiq turishi tavsiya etilmaydi.
Chaqaloqlar hali siydik pufagini yoki ichak harakatini nazorat qila olmasligi sababli bir marta ishlatiladigan suzish tagligidan foydalaning.
Shuningdek, har safar dengiz, hovuz yoki koʻldan chiqqanda, chaqaloqni oqayotgan suv bilan yuvish va sochiq bilan artish muhim ahamiyatga ega. Bolaga quruq kiyim kiydiring; plyaj uchun quyosh nuridan himoyalovchi maxsus kiyimlar olish mumkin. Agar bola yursa, oyogʻiga albatta poyabzal kiydiring.
Farzandingizni toʻgʻridan toʻgʻri quyosh nurlaridan himoya qiling, chunki chaqaloq oftobda kuyishi mumkin. Hatto bola plyaj soyaboni ostida oʻynasa ham, uni quyoshda uzoq vaqt qoldirmang, boshiga shlyapa kiydiring, chunki quyosh nurlari beton, suv va qumdan qaytadi. 3 yoshdan katta bolalar tarkibida SPF 50 omili boʻlgan, quyoshdan himoyalovchi bolalar kremidan foydalanishi mumkin.
Kremdan foydalanganda uni quloqlar orqasiga, boʻyinga, orqa va yelkalarga, shuningdek, qoʻl va oyoqlarga, qoʻllarning orqa qismi va choʻmilish kiyimi atrofiga surtishni unutmang. Odatda bolalar kremi suv bilan yuvilmaydi, lekin uni har ikki soatda qayta surtish tavsiya etiladi.