Sayohat paytida emizish

Emizikli bola bilan sayohat qilish juda qulay. Ozuqasi har doim bor, kerakli haroratda, gigiyenik jihatdan xavfsiz va siz bolani istagan vaqtda ovqatlantirishingiz mumkin.
Body

Safar davomida farzandingizni shu vaqtgacha qanday emizgan boʻlsangiz, shunday emizasiz. Biroq sayohatga ketishdan oldin yaxshi tayyorgarlik koʻrish va maʼlumot olish foydadan xoli emas.

Avtomobilda sayohat qilish

Kichkina bola bilan mashinada sayohat qilish judayam qulay. Kichkintoy bilan sayohat qilish katta bola bilan sayohat qilishdan koʻra osonroqdir. Avtomobil harakatlanishi paytida bolangiz har doim yoshiga mos xavfsizlik oʻrindigʻida boʻlishi kerak. Emizish vaqti kelganda mashinani toʻxtating.

Samolyotda sayohat qilish

Uchish va qoʻnish vaqtida havo bosimining oʻzgarishi tufayli biz quloqda (quloq pardasi) bosimni sezamiz. Bu tufayli farzandingiz bezovtalanishi va injiqlanishi mumkin. Emizish unga noqulaylik va ogʻriqni kamaytirishga yordam beradi. Emizish paytida bolangizga xavfsizlik kamari taqilgan boʻlishi kerak.

Agar oʻzingiz bilan sogʻilgan koʻkrak sutini olib ketishni rejalashtirayotgan boʻlsangiz, samolyotda suyuqliklarni tashishda cheklovlar yoʻqligini aviakompaniyadan tekshiring; koʻkrak sutini saqlash va tashish boʻyicha koʻrsatmalarga rioya qiling.

Boshqa mamlakatlarda emizish

Agar chet elga sayohat qilsangiz, ushbu mamlakatdagi emizish haqidagi qarashlarni bilib qoʻyishingiz foydali boʻladi. Siz maʼlumotni internetdan yoki sayyohlik agentligidan olishingiz mumkin.

Koʻp mamlakatlarda jamoat joylarida emizish odatiy hol tarzida qabul qilinadi, lekin baʼzi mamlakatlarda onalar emizish vaqtida koʻkragini yopishi kerak; shuning uchun oʻzingiz bilan roʻmol yoki sharf olib yuring.

Sut miqdorining kamayishi

Safar davomida stress (ruhiy siqilish), charchoq, suvsizlanish tufayli sut miqdori kamayib borayotganini sezishingiz mumkin. Buning oldini olish uchun:

  • imkon qadar koʻproq dam oling (kun davomida ham);
  • koʻp suyuqlik isteʼmol qiling (suv ichgan maʼqulroq);
  • odatdagidan koʻra tez-tez, muntazam ravishda ovqatlaning;
  • qahva, choy va boshqa kofeinli ichimliklardan saqlaning.

Emizish davrida dori-darmonlarni qabul qilish

Agar safar davomida koʻngil aynishi, oyoqlarning shishishi yoki boshqa sabablarga koʻra dori-darmonlarni qabul qilsangiz, ularni emizish davrida qabul qilish xavfli yoki xavfsizligi haqida shifokor bilan maslahatlashing.

Dengiz boʻyida emizish

  • Sovuq dengiz suvi emizishga va ona sutini ishlab chiqarishga taʼsir qilmaydi.
  • Suzishdan odatdagidan ham koʻproq zavq olasiz; bu har bir onada koʻpincha kuzatiladigan bel ogʻrigʻini yengillashtiradi va vazn yoʻqotishga yordam beradi.
  • Quyoshli vannaning emizishga taʼsiri yoʻq. Koʻkragingiz yoki koʻkrak areolasini quyosh nurida kuyishdan ehtiyot qiling, chunki bu juda ogʻriqli boʻlishi mumkin.
  • Quyoshdan himoyalovchi vositalar qonga koʻp miqdorda soʻrilmaydi. Shunga qaramay, oʻsimliklardan tayyorlangan himoyalovchi vositalardan foydalanish tavsiya etiladi. Ularni qoʻllaganingizda, farzandingiz ogʻziga solishi mumkin boʻlgan joylarga surtishdan ehtiyot boʻling.
  • Choʻmilishdan keyin hoʻl kiyimni almashtiring; sintetik kiyimda soʻrgʻichlar atrofida saqlanib qolgan namlik zamburugʻ infeksiyasining rivojlanishiga olib keladi.
  • Agar dengiz boʻyida emizadigan boʻlsangiz, oldin qum va dengiz tuzidan tozalash uchun koʻkragingizni toza suv bilan yuving. Farzandingiz bilan soyada bemalol oʻrnashib oʻtiring, istasangiz, oʻzingizni yengil yopinchiq bilan oʻrab oling.

Yozgi taʼtil paytida bolani tez-tez emizishim kerakmi?

Yozgi jaziramada chaqaloqlarda ham suyuqlikka boʻlgan ehtiyoj ortadi. Istisnosiz koʻkrak suti bilan boqiladigan bolaga faqat ona suti beriladi, shuning uchun uni tez-tez emizish kerak. Bola oʻzi tez-tez emizishni soʻraydi; agar u darrov toʻyadigan boʻlsa, hayron boʻlmang; farzandingiz och emas, u chanqagan, shuning uchun unga suv miqdori yuqori boʻlgan ona suti yetarli hisoblanadi. Agar bolangiz allaqachon qoʻshimcha ovqat isteʼmol qilishni boshlagan boʻlsa, 6 oylikdan keyin unga koʻproq suv ichirib turing.