Agar bola zaharlangan boʻlsa, nima qilish kerak?
Bolaga malakali tibbiy yordam kutish vaqtida nimalar qila olasiz?
Zararli yoki zaharli gazlar bilan nafas olganda:
- Oʻzingizni himoya qiling, chunki zaharli gazlar sizga ham zarar yetkazishi mumkin.
- Bolani iloji boricha tezroq toza havoga olib chiqing.
Zaharli modda/narsalar yutilganda:
- Zahar manbasini boladan uzoqroqqa olib qoʻying
- Boladan, u yutib ulgurmagan zaharli moddani tupurishini soʻrang yoki ehtiyotkorlik bilan barmoqlaringiz yordamida uning ogʻzidan uni olib tashlang.
- Bolani qustirishga undamang.
Agar bola yassi yumaloq batareyani yutib yuborsa yoki u burni, tomogʻi, qulogʻiga tiqilib qolsa:
- Batareyani iloji boricha tezroq olib tashlash uchun tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qiling (103 telefon raqamiga qoʻngʻiroq qiling).
Agar teriga zaharli modda tushsa:
- Bolaning zaharli moddani shimib olgan kiyimlarini yechib oling
- Terini kamida 15 daqiqa davomida iliq suv bilan yuving
- Zararlangan teriga krem yoki malham surtmang
Agar zaharli modda koʻzlarga tushsa:
- Koʻz qovoqlari ochiq boʻlgan holda, uni ichki burchagidan tashqi tomoniga qarab 15 daqiqa davomida iliq suv bilan yuving.
- Koʻzlarga doka, mato va boshqa narsalar qoʻymang/yopmang.
- Shifokor bilan maslahatlashmasdan koʻzga tomchi tomizmang yoki malham qoʻymang.
Agar bola hushidan ketgan va unda tiriklik belgilari boʻlmasa, darhol tez yordam chaqirish kerak (103 telefon raqamiga qoʻngʻiroq qiling).
Zaharlanishga sabab boʻlgan deb gumon qilingan dori yoki kimyoviy vositani saqlab qoʻying. Zaharlanishga sabab boʻlgan moddaning turini bilish mutaxassislarga davolashda yordam beradi.
Shifokor bilan maslahatlashmay turib, bolani qustirishga urinmang. Bundan tashqari, shifokor bilan maslahatlashmasdan, farzandingizga ichish va isteʼmol qilish uchun hech narsa bermang.