Boʻgʻma
Boʻgʻma – boʻgʻma tayoqchasi keltirib chiqaradigan oʻtkir yuqumli bakterial kasallikdir.
Boʻgʻma infeksiyasi bemor odam bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqot qilinganda yoki u yoʻtalganda, aksirganda havo-tomchi yoʻli orqali yuqadi. Yashirin davri (infeksiya yuqqan paytdan kasallikning birinchi belgilari paydo boʻlguncha) odatda 2–5 kunni tashkil qiladi (1 kundan 10 kungacha boʻlishi ham mumkin).
Kasallikning belgilari
Bakteriya burun, tomoq va bodomsimon bezlarning yalligʻlanishiga va haroratning koʻtarilishiga olib keladi. 2–3 kun ichida bodomsimon bezlar, yumshoq tanglay va hiqildoqda har xil oʻlchamdagi koʻkish-oq karashlar hosil boʻladi. Xuddi shunday oʻzgarishlar yoʻtalganda ovoz boylamlariga tarqalishi mumkin va bezgak bilan birga tovush boʻgʻilishlari ham paydo boʻladi. Bu karashlar toʻqimalarga mahkam oʻrnashib, nafas yoʻlini toraytiradi va nafas olishni qiyinlashtiradi. Bu bakteriya ishlab chiqargan zaharli modda (toksin) soʻriladi va qon orqali tananing turli qismlariga tarqaladi, bu esa koʻplab asoratlarga olib kelishi mumkin.
Asoratlar
Boʻgʻma toksinlarining taʼsiri natijasida yuzaga keladigan eng koʻp uchraydigan asoratlar – yurak mushaklari va nervlarning yalligʻlanishidir. Yurak asoratlariga yurak urishi tezligining buzilishi va yurak yetishmovchiligi kiradi. Nevrologik alomatlarning mavjudligi es-hushning buzilishi va komaga olib kelishi mumkin. Zararlangan nervlar oʻz funksiyasini vaqtincha yoʻqotishi mumkin, natijada yumshoq tanglay mushaklari, koʻz mushaklari, oyoq-qoʻl mushaklari, diafragma va boshqa aʼzolarning falajlanishi yuz beradi. Bu asoratlar halokatli boʻlishi mumkin, boʻgʻma bilan kasallangan 5 yoshgacha bolalarning 20 foizi vafot etadi.
Boʻgʻmani davolash
Boʻgʻma yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanadi. Uni davolash uchun antibiotiklar, boʻgʻma antitoksini va simptomatik muolaja qoʻllanadi.
Boʻgʻmaning oldini olish
Bolalarni boʻgʻmadan himoya qilish emlash orqali taʼminlanadi. Boʻgʻmaga qarshi vaksina 2, 3 va 4 oylikda qoqshol, koʻkyoʻtal, virusli gepatit B va B turdagi gemofil infeksiyasiga qarshi koʻp komponentli vaksina (Penta vaksina) bilan yuboriladi, 16 oylikda qayta emlashda esa qoqshol, koʻkyoʻtalga qarshi vaksina (AKDS) bilan birga kiritiladi.