Bolaning koʻzlari, burunlari va quloqlarini tozalash
Bolaning koʻzi, qulogʻi va burni gigiyenasi: asosiy jihatlar
Choʻmiltirish paytida bolangizning koʻzlari, quloqlari va burnini tozalashingiz mumkin. Sizga kerak boʻlgan narsa – iliq suv. Sovun ishlatishdan saqlaning, chunki bolangizning terisi nozik va sovun terini quritib qoʻyishi mumkin.
Bolaning yuzini tozalash bosqichlari
Bolaning koʻz, quloq va burunlarini tozalashning asosiy qadamlari:
- Paxtadan yasalgan toʻpchani oling.
- Paxtadan yasalgan toʻpchani iliq suvga soling.
- Chaqalogʻingizning koʻzlarini ichki burchaklaridan tashqi burchaklari tomonga qaratib qattiq bosmasdan artib tozalang.
- Har bir koʻz uchun paxtadan yasalgan yangi toʻpchadan foydalaning.
- Burun teshigini ehtiyotkorlik bilan artib, shilimshiqni olib tashlang. Burun teshiklariga hech narsa tiqmang (paxtadan yasalgan toʻpchani ham). Bu burun shilliq qavati jarohatlanishi va qonashiga olib kelishi mumkin.
- Bolangizning har bir qulogʻi orqasini va quloqning tashqi tomonini artib oling. Ehtiyot boʻling, uning qulogʻiga biron-bir narsani (shu jumladan, paxtadan yasalgan toʻpchani ham) tiqmang, bunday qilsangiz, quloqqa zarar yetkazib qoʻyishingiz mumkin.
- Chaqalogʻingizning jagʻi va boʻyni ostidan terisini iliq suv bilan ehtiyot qilib artib oling. Terining burmalari oralarini artganingizga ishonch hosil qiling.
- Yumshoq sochiq yordamida bolangizning terisini ehtiyotkorlik bilan quriting. Teri burmalari ostini va quloqlari orqasini yaxshilab quriting.
Yuzini tozalamoqchi boʻlganingizda chaqalogʻingiz yigʻlashi mumkin. Bolani tinchlantirish uchun uni erkalating, muloyim gaplashing yoki qoʻshiq aytib bering.
Yangi tugʻilgan chaqaloqlar haddan tashqari tixirlik qilganda yoki charchaganda burunlaridan ovoz chiqaradi. Sababi ularning burun yoʻllari juda tor. Agar yangi tugʻilgan chaqalogʻingiz koʻp aksirayotgan boʻlsa, tashvishlanmang. Bu odatiy hol – chaqaloq shunday qilib burundagi shilimshiqni chiqarib tashlaydi.